O‘zLiDeP navbatdagi event-tadbirini Toyloqda o‘tkazdi

20.04.2023, 16:32

O‘zLiDeP navbatdagi event-tadbirini Toyloqda o‘tkazdi

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan, “Insonga farovonlik, jamiyatga erkinlik, davlatga mas’uliyat!”  shiori ostidagi tashviqot  tadbiri “Siyob Shavkat Orzu” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida bayramona shukuhda o‘tdi.

Ochiq osmon ostida o‘tgan tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev, parlament quyi palatasi deputatlari, fermer xo‘jalik va “Baxmal to‘qima” MChJ  ishchi xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni partiya lideri ochib berar ekan, bugun xalqimiz tomonidan jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga mutanosib holda yaratilayotgan Bosh qomusimiz yanada osuda, obod va farovon hayotimizning ishonchli kafolati bo‘lishini ta’kidladi. Yangilanayotgan qomus bevosita xalq tomonidan qabul qilinadigan birinchi huquqiy hujjat ekani, referendumdagi har bir ovoz katta ahamiyatga ega bo‘lishini alohida uqtirdi.

Unda so‘z olgan mahalliy kengashlar noiblari ham  partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib berilgan takliflar qonun loyihasida aks etgani to‘g‘risida quvonib so‘zladi. Ushbu o‘zgarishlarning aksariyati tadbirkorlarimiz, fermerlarimiz uzoq kutgan, mulkdorlar qatlami uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lganini alohida e’tirof etishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari – Navro‘z Rizayev, G’ayrat Abdiyev tariximizda ilk bora O’zbekiston ijtimoiy davlat, deb belgilanayotgani, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik davlat va jamiyatning eng asosiy burchi deya mustahkamlanayotganiga urg‘u berishdi. Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar Konstitutsiyada uch barobar ko‘paytirilayotganini qayd etishdi.

Shuningdek, tadbirda tibbiyot xodimlari, pedagoglar so‘z tibbiyot va ta’lim  sohalarida  yengilliklar yaratish borasida davlat o‘z zimmasiga olayotgan majburiyatlarni mamnuniyat bilan qayd etishdi. Xususan aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham yangilangan konstitutsiya loyihasiga kiritilgan.

- Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilmoqda, , – dedi tuman tibbiyot bilashmasi bosh vrachi Shavkat Jabborov. – Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir.

- Konstitutsiyaga kiritilayotgan normalarda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning pedagog kadrlarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga, ta’lim-tarbiya jarayoniga to‘sqinlik qilishning har qanday shakllariga, o‘qituvchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko‘rishga xizmat qiladi, – dedi 14-maktab direktori Zamira Jabborova.

Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan tadbirda O’zbekiston va Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan xalq artisti Mardon Mavlonov, O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq artisti Erkin Qaytarov, “Yoshlar ovozi” respublika ko‘rik tanlovi g‘olibi, tumandagi 21-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Fariza Sayfiddinova, madaniyat xodimlari  vatan, yoshlik, muhabbat va ona yurt madhini tarannum etgan kuy-qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarga kayfiyat ulashdi.

Muloqot yakunida partiya faollari “Siyob Shavkat Orzu” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi  tasarrufidagi sut va sut mahsulotlari ishlab chiqariladigan korxonalar faoliyati bilan  yaqindan tanishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan tuman faxriylari, faollar, ishbilarmonlar va yoshlar  xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan, hammani 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan refrendumda faol ishtirok etishga chaqirishdi. 

O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi

 matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    304
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+