Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashdi

15.06.2023, 17:15

Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 14 iyun kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirni nomzodning Andijon viloyati bo‘yicha ishonchli vakili O’ktamjon Axunov ochdi. U o‘z so‘zida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi olti yarim yilda viloyatda amalga oshirilgan ishlarning natijadorligi, aholi farovonligi, iqtisodiyot tarmoqlari rivoji haqida aytib o‘tdi.

Xususan, ushbu davr mobaynida yalpi hududiy mahsulot 1,5 marta o‘sib, 54 trillion so‘mdan oshgan, aholi jon boshiga 15 million so‘mdan oshgan. Sanoat tarmoqlarida 9 mingga yaqin yangi korxona tashkil etilib, ishlab chiqarish hajmi 2,5 marta ko‘paygan. Eksport 5 barobar o‘sib, 1 milliard 200 million dollarga yetgan. 472 ta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 20 ming oilaning turmush sharoiti yaxshilangan.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Unda, avvalo, aholi salomatligini saqlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Tibbiy xizmat sifatini oshirish va uni odamlarga yanada yaqin qilish orqali, yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga yetkazish maqsad qilinmoqda. Nomzod buning uchun “Aholi salomatligi – 2030” milliy dasturini qabul qilib, kelgusi yetti yilda bunga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilinishini aytdi.

Bunda aholi eng ko‘p murojaat qiladigan birlamchi bo‘g‘in rivojlantiriladi. Kelgusi yetti yilda tuman va shaharlarda 700 ta yangi poliklinika tashkil etiladi. Bu orqali 3 million aholi uchun birlamchi tibbiy xizmatlar yanada yaqinlashadi. Ilk bor birlamchi bo‘g‘inda buyrak kasalliklari skriningi tashkil etiladi. Viloyat shifoxonalarida 400 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari yo‘lga qo‘yiladi. Tibbiyot ta’limi ham takomillashtiriladi.

Nomzod uchrashuvda Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha rejalarini ham bayon qildi.

Qayd etilganidek, bunda aholini qiynayotgan dolzarb masalalarga asosiy e’tibor qaratiladi. Andijonda 2030 yilga qadar 3 mingta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 100 ming oila yangi uy-joyli bo‘ladi. 427 ta mahallada 600 ming aholi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanadi, 1 million aholi uchun suv ta’minoti yaxshilanadi. 6 ming kilometr elektr tarmog‘i tortilib, 5 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi. 290 million dollar evaziga “Andijon – Farg‘ona – Qo‘qon – Namangan – Andijon” temir yo‘l halqasi to‘liq elektrlashtiriladi.

Ta’lim-tarbiya sifatini yaxshilash maqsadida 1,5 mingta davlat va xususiy bog‘chalar, jami 20 ming o‘rinli yangi maktablar barpo etiladi. 6 ta yangi oliygoh tashkil etilib, ularda 30 dan ortiq yangi yo‘nalishlar ochiladi.

Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish imkoniyatlarini ham ko‘rsatib o‘tdi. Xususan, 2030 yilga borib, viloyatda sanoat hajmini hozirgi  5 milliard dollardan 13 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Umuman, viloyatda kelgusi yetti yilda jami 17 milliard dollarlik 9 mingta investitsiya loyihasini amalga oshirib, 500 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi qayd etildi. Bu sanoat hajmini 170 trillion so‘mga yetkazish, viloyat eksportini esa 4 karra oshirib, 5 milliard dollarga olib chiqish imkonini beradi.

Bundan tashqari, uchrashuvda aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mahalla tizimi imkoniyatlarini kengaytirish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha aniq reja va maqsadlar bildirildi. Nomzod har bir tashabbus va rejalarning aniq hisob-kitobi va manbasi borligini ta’kidlab, bular asosida viloyatni 2030 yilgacha rivojlantirish dasturi qabul qilinishi va unga jami 25 milliard dollar yo‘naltirilishini aytdi.

Uchrashuv so‘ngida partiya vakillari va taklif etilgan mehmonlar so‘zga chiqdilar. Ular saylovoldi dasturidan o‘rin olgan har bir tashabbus viloyat aholisining turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidlab, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Teglar
Saylov 2023
  • Ko'rildi
    402
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+