Kegeylilik ishbilarmon ayollar aniqlandi

20.07.2023, 09:56

Kegeylilik ishbilarmon ayollar aniqlandi

Har yili an’anaviy  tarzda o‘tkazib  kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichlari hududlarda  davom etmoqda.

O‘zLiDeP Kegeyli tuman kengashi tomonidan “Ishbilarmon ayol  – 2023” ko‘rik-tanlovining tuman  bosqichida shu yerda faoliyat yuritayotgan 20 ga yaqin tadbirkor, fermer va hunarmand xotin-qiz o‘zlari tayyorlagan mahsulotlar bilan ishtirok etdi.

Tanlovni o‘tkazishdan maqsad esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, siyosiy jarayonlar tub mazmun-mohiyatini keng targ‘ibot-tashviqot qilish, yurtimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida faol ishtirok etayotgan shijoatli, tashabbuskor xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning Vatanimiz kelajagi yo‘lidagi intilishi, izlanishlaridagi faol ishtirokini rag‘batlantirish tufayli bugunning zamonaviy  tadbirkor ayol  qiyofasini yaratishdan iboratdir.

Hakamlar hay’ati a’zolari tanlov doirasida 20 ga yaqin tadbirkor, fermer va hunarmand xotin-qizlar faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning shu davrga qadar erishgan yutuqlari,  imkoniyatlari  va kelgusi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

 – Ish boshlaganimizga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, – deydi  “Sarbinaz milliy kiyimlari” MChJ rahbari Sarbinaz Ataniyazova. – Asosan  qoraqalpoq  xalqining milliy kiyimlari bo‘lgan ko‘k ko‘ylak, sao‘kele, quroq ko‘rpachalar, do‘ppi va liboslar buyurtma asosida  tayyorlanadi. Korxonamizda hozir 5  nafar qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. “Xalq bank”idan 33 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, qo‘shimcha  tikuv mashinalari xarid qildik. Mahsulotlarimiz ichki bozorda o‘z xaridoriga ega. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratish niyatidamiz.

Tanlov  yakunida  hakamlar  hay’ati  a’zolari tomonidan  3-o‘rin – yakka tartibdagi  tadbirkor Dilbar Seytniyazovaga, 2-o‘rin – “Allayar Muxamedyar” MChJ rahbari Gulchehra Jumanazarovaga, faxrli 1 o‘rin – “Sarbinaz milliy kiyimlari” MChJ rahbari Sarbinaz Ataniyazovaga berildi.

G’olib bo‘lgan ishtirokchilar tanlovning Qoraqalpog‘iston  Respublikasi bosqichiga qatnashish huquqiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari beshta nominatsiya bo‘yicha ham xotin-qizlar rag‘batlantirildi. Joylarda tanlovning tuman bosqichlari davom etmoqda.

Jamila YEGAMBERGENOVA,

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi

“Ayollar qanoti” bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    122
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+