Fraksiyada muhim qonun loyihalari ko‘rib chiqildi
25.07.2023, 09:52
2023 yil 24 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotiga dahldor bo‘lgan muhim qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Dastlab yig‘ilishda “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda yer munosabatlari sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli tarzda himoya qilish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yer uchastkalari ijara munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlarini aniq belgilash, bundan tashqari o‘zganing ko‘chmas mulkidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jamoat ehtiyojlar uchun ommaviy servitut belgilanishini huquqiy tartibga solish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi servitut shartnomasi, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, servitutni o‘zgartirish, bekor qilish, servitut uchun haq to‘lash, ommaviy servitutni belgilashga oid qoidalar bilan to‘ldirilmoqda.
Shu bilan birga, ijara munosabatlarining obyektlariga bo‘lgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) belgilanmoqda, yer uchastkalarini ijaraga berishning tartibi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasiga mulk huquqini bekor qilish hollari aniqlashtirilmoqda.
Uzoq davom etgan savol-javoblardan so‘ng, fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi servitut belgilash bilan bog‘liq munosabatlar huquqiy jihatdan tartibga solinishiga, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlari huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan navbatdagi masala — “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Muhokamalar davomida ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarining birinchi bosqichi amalga oshirilishini ta’minlashga, shuningdek professional boshqaruv prinsiplariga asoslangan va natijaga yo‘naltirilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda fraksiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
O'xshash yangiliklar
-
Davlat dasturidan kelib chiqadigan partiya va fraksiya oldidagi vazifalar muhokama qilindi
26.02.2024, 21:34
-
Deputat maktab kutubxonasiga 100 dan ortiq badiiy asarlar va adabiyotlar tuhfa qildi
14.02.2024, 17:25
-
Muhim va ustuvor vazifalar belgilab olindi
31.01.2024, 17:53
-
“Ayollar daftari” bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmi yaratiladi
30.01.2024, 12:29
-
Deputat jarqo‘rg‘onlik tadbirkorlar muammosini o‘rgandi
30.01.2024, 10:11
Fikringizni qoldiring