“Yashil energetika” avvalo xalq turmushini yanada yaxshilashi bilan ahamiyatli

17.08.2023, 10:34

“Yashil energetika” avvalo xalq turmushini yanada yaxshilashi bilan ahamiyatli

Yetti yil muqaddam Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda energetika sohasida ham yangi davr boshlandi. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalar joriy etilishiga katta e’tibor qaratila boshlandi. O’shanda ayrimlar: “bu o‘tkinchi bir kampaniya” deb o‘ylagani ham bor gap. Lekin o‘tgan davr ularning yangilishganini ko‘rsatdi. Keyingi yillarda soha rivoji uchun mustahkam huquqiy asos yaratildi. Xorijiy investorlar jalb etilib, ko‘plab istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi. Birin-ketin quyosh va shamol elektr stansiyalari, kichik GESlar ishga tushirilyapti. Eng muhimi, bu borada tanlangan yo‘ldan ortga qaytmayapmiz. Aksincha, ishlar ko‘lami tobora kengayyapti, sur’ati jadallashyapti.  O’tgan haftada Buxoro shahrida Prezidentimiz raisligida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalasi ham muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishida qayd etilganidek, respublikamizda 430 Megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurildi. Ularning o‘zi yiliga 1,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarmoqda. Bu – ijtimoiy soha ob’ektlari yillik iste’molining 60 foiziga teng, degani.

Albatta, bu o‘zgarishlar, islohotlar taraqqiyotda yangi bosqichga ko‘tarilishimiz uchun yana bir muhim omil bo‘ladi.

Qariyb barchaga ma’lum:  tabiiy gaz, neft, ko‘mir zaxiralari cheklangan. Ularni qazib olish yildan-yilga qiyinlashyapti, shu bois narxlari tobora qimmatlashyapti. Ustiga-ustak, mazkur yoqilg‘ilardan foydalanish tabiatga ko‘p ziyon keltiradi.  Aholi soni va turmush sifati borgan sayin o‘sayotgan,  turli korxonalar ko‘payayotgan sharoitda eng maqbul yo‘l – qayta tiklanuvchi  energiya manbalaridan unumli foydalanish. Mamlakatimizning bu boradagi ulkan salohiyatiga ko‘plab davlatlar havas qiladi. Misol uchun, o‘lkamizda yilning o‘rtacha 320 kuni quyoshli. Doim shamollar esuvchi hududlarimiz, soy, anhorlarimiz ham ko‘p. Xalqaro moliyaviy institutlarning hisob-kitobiga qaraganda, respublikada muqobil energiya (ayniqsa, quyosh quvvati)ning yillik zaxirasi 270 million tonna shartli yoqilg‘i ekvivalentiga teng. Bu real ehtiyojimizdan uch barobar ko‘p. Demak, imkoniyatlardan samarali foydalana olsak, mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritamiz.

Shuni ham ta’kidlash zarurki, “yashil iqtisodiyot”dan nafaqat davlat yoki biznes, balki,  oddiy odamlar ham foyda ko‘radi, ularning hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz beradi.  Uning ijtimoiy ahamiyati ham shunda.

Biz – O’zLiDeP deputatlari mamlakatimizda “yashil energetika”ni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amaliy ishlar bilan qo‘llab-quvvatlayapmiz. Jumladan, dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan yashil energetika manbalari  qurilishi jarayonlari bo‘yicha   jamoatchilik va deputatlik nazoratini olib boryapmiz. Korxona va xonadonlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishga undovchi targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilyapmiz.  

 Oynisa Qarshiboyeva,

Xalq deputatlari Jizzax viloyat

kengashi deputati

  • Ko'rildi
    137
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+