Urganchliklar tajribasi ommalashtirilsa...

19.12.2023, 16:24

Urganchliklar tajribasi ommalashtirilsa...

Xorazm viloyatida 254 500 nafar tomorqa yer egalari bor.Ularga 42 ming gektardan ortiq yer biriktirib berilgan. Aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish uchun hududiy dasturlar ishlab chiqilib, yiliga uch, to‘rt marta hosil yig‘ilgan holda qo‘shimcha daromad olishga erishilyapti. Bu yil kuz mavsumida 6 823 gektar yerga to‘qsonbosti ekinlarini ekildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi  Aktam Xaitov Xorazm viloyatida bo‘lib, tomorqachilik yo‘nalishidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Ilk manzil Urganch tumani Oyoqbog‘ mahallasidagi Boyjon ota Xongaldiyev xonadoni bo‘ldi. Bu oila to‘rt sotix yer maydonida to‘qsonbosti ekinlarini ekkan. Barra sarimsoq piyozlar dekabr oyidan ichki bozorga chiqarila boshladi. Uning o‘rniga rediska ekilib, erta bahordan xalqimiz dasturxoniga yetkaziladi. Keyin esa tomorqaga pomidor, bodring ekiladi. Shunday qilib, yil davomida to‘rt marta hosil olinadi. Kamida 100 mln so‘m daromad ko‘rilishi taxmin qilinyapti.   

Aktam Xaitov o‘zaro muloqotda yer daromad manbai ekani, mahalladagi yoshlar xorijga ketib ishlash o‘rniga o‘z tomorqasida issiqxona qurib, daromad olishlari mumkinligi, Boyjon ota kabi ilg‘or tomorqachilar tajribasini ommalashtirish lozimligini qayta-qayta ta’kidladi. Mazkur ishlarda O‘zLiDeP partiyasi vakillari va mahalliy kengash deputatlari ko‘magida targ‘ibot olib borish, yer bilan tillashgan tomorqachilar bilan uchrashuvlarni, mahorat darslarini  tashkil etish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Partiya yetakchisi Yangibozor tumanidagi “Universal ta’minotchi” tomorqa xizmati faoliyati bilan tanishdi. Mazkur tomorqa xizmatiga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 4 mlrd so‘m imtiyozli kredit ajratilgan edi. Natijada bu yerda soatiga 1 tonna chorva va parrandalar uchun yem ishlab chiqarish sexi, 200 tonnalik sig‘imdagi muzlatgich ombori, motokultivator, mini traktor va 3 g‘ildirakli aravali motosikllar yig‘uv sexi ishga tushirildi. Aholiga urug‘lik, ko‘chat yetkazib berish, texnika, kimyoviy ishlov berish va boshqa xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Yangibozor tumanidagi Pahlavon Mahmud nomi bilan ataladigan mahallada yashovchi Mohira Yo‘ldosheva ikki sotixlik tomorqasida turli ko‘katlar yetishtirib, yaxshigina daromad topayotgan yurtdoshlarimizdan biri. Fermerlar kengashi rahbari mahallada har qarich yerdan unumli foydalanib, ro‘zg‘or tebratayotganlar ko‘pligiga guvoh bo‘ldi. Muloqotlar davomida daromadni yanada oshirish, ekin turlarini ko‘paytirish, yiliga 4 martagacha hosil olishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi.  

To‘qsonbosti ekinlarni plyonka ostiga ekib, erta bahorda mo‘maygina foyda olishga intilish yildan-yilga ommalashib bormoqda. Kuz-qish oylarida ham yerni bo‘sh qo‘ymay, hosil olayotgan dehqonlar faqat oilaviy budjetlariga emas, ayni paytda bozorlar to‘kinligini ta’minlashga ham katta hissa qo‘shishyapti.

O‘zLiDeP Xorazm viloyat

kengashi matbuot  xizmati

  • Ko'rildi
    61
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+