O’zLiDeP yangi yilda yoshlar va tadbirkorlik yo‘nalishlaridagi faoliyatini yanada takomillashtiradi

04.01.2024, 10:15

O’zLiDeP yangi yilda yoshlar va tadbirkorlik yo‘nalishlaridagi faoliyatini yanada takomillashtiradi

Prezidentimizning bir necha kun avval O’zbekiston xalqiga yo‘llagan yangi yil tabrigida  2024 yil  mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”,  deb e’lon qilindi. Bu nom Yangi O’zbekistonda boshlangan tub islohotlarga hamohang bo‘lib,  inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz turumushini farovonlashtirishga qaratilgan yangilanishlar bardavom bo‘lishidan darak bermoqda.

E’tirof etish zarurki, keyingi yetti yilda yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik, shuningdek, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasida olib borildi.  Boshlangan yilda esa mazkur yo‘nalishlarga yanada ko‘proq e’tibor qaratiladi. Davlatimiz rahbari tabrigida ta’kidlanganidek, yangi yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytirish, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida diqqat qaratiladi. Ijtimoiy sohalar rivoji mutlaqo yangi bosqichga ko‘tariladi.

Yaqin istiqbolda ana shunday ulkan xayrli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilayotgani bejiz emas. O’zbekiston – yoshlar mamlakati. Aholining 60 foizdan ziyodi kelajagimiz davomchilari hissasiga to‘g‘ri keladi. Har yili mamlakatimiz aholisi 900 mingdan ortiq nafarga ortayotganligi esa,  jumladan,   ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish,  sohani sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqish, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish tizimini mukammallashtirishni taqozo qilmoqda.

Shu o‘rinda “yoshlar” va “tadbirkorlik” tushunchalari bir-biriga uyg‘un va chambarchas bog‘liq ekanini qayd etishni istardik. Navqiron avlodning hayotda o‘z o‘rinlarini topib ketishlari, ularning ish bilan ta’minlanishida xususiy sektor katta ahamiyatga ega. Tadbirkorlik qanchalik rivojlansa, jumladan, yuqori malaka, bilim talab qilinadigan jabhalarda  ham unga shunchalik ko‘p ishchi-xizmatchi kerak bo‘ladi. Bu esa aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlaydi, ularni zamonaviy bilim, hunarlarni o‘rganishga undaydi.  

Yoshlar mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda katta kuch. Respublikamizda 230 mingdan ortiq yosh tadbirkor va fermer, mohir hunarmandlar faoliyat olib bormoqda. Endilikda ularning safi yanada kengayishi uchun davlat tomonidan kengroq shart-sharoitlar yaratiladi.

Yurtimizda yangi iqtisodiy loyihalarning amalga oshirilishi  yoshlar uchun ham yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholi turmush sifati oshishiga xizmat qiladi.

O’z navbatida, partiyamiz yangi vazifalarga monand ish yuritadi. Yoshlar, biznes yo‘nalishlarida yangi, samarador loyihalarni yo‘lga qo‘yadi. Jumladan, xususiy mulk daxlsizligi masalasiga alohida e’tibor beradi. Chunki ayni omil tadbirkorlik ravnaqiga nihoyatda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususiy sektor vakillarining o‘ziga tegishli mol-mulkka o‘z xohishicha egalik qilishi qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. Shu bilan birga yurtimizda qaror topayotgan ochiq va erkin jamiyat asoslarini mustahkamlash nuqtai nazaridan ham ulkan ahamiyatga ega.

Partiya belgilangan keng ko‘lamli chora-tadbirlar bo‘yicha izchil jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Yangi hayotni, Yangi O’zbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etadi.

Dilshod Shoumarov,

O’zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya

 qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    93
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+