O‘zLiDeP hamisha yoshlarga suyanadi
04.01.2024, 12:22
Otabek SOBITOV, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri, Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari:
O’zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, so‘nggi yetti yilda yoshlarga oid 50 dan ziyod qonun hujjati qabul qilindi, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilindi.
Bugungi kunda O’zbekiston aholisi umumiy sonining 56 foizidan ortig‘ini shijoatli, hurfikr yoshlar tashkil etmoqda. Yoshlar ta’limi va tarbiyasi, kadrlar tayyorlash hamda o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs sifatida kamol toptirish o‘ttiz bir yillik tariximizda tizimli ravishda takomillashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining O’zbekiston xalqiga yo‘llagan Yangi yil tabrigida 2024 yilga “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom bergani barcha tengdoshlarim qatori meni ham g‘oyat quvontirdi.
Qayd etish joizki, yurtboshimiz mamlakat rahbarligining ilk kunlaridanoq bu yo‘nalishda ham yangicha yondashuv va munosabatni ilgari surdi. O’g‘il-qizlarni barkamol qilib tarbiyalash, hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni belgilab berdi. “Bugun tug‘ilgan bola ulg‘ayib, har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, keksayganda esa munosib farovon hayot kechirishi mumkin bo‘lgan” degan yaxlit tizim strategiyasi ilgari surildi.
Bu strategiya, eng avvalo, shijoatli, kreativ, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy muammolarga innovatsion yechim topa oladigan, yurt taraqqiyoti uchun zamonaviy g‘oyalarni ilgari suradigan tashabbuskor yangi avlod vakillarini voyaga yetkazishga qaratildi. Davlat va nodavlat tashkilotlar orqali yoshlarga oid siyosat samaradorligi va natijadorligiga erishish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Ahamiyatli yana bir jihati shuki, yangi tizim mamlakatdagi barcha yoshlarning huquq va manfaatini qamrab olishga yo‘naltirildi.
Ta’kidlash joizki, o‘z navbatida yoshlar ham bugungi islohotlarning kuzatuvchisi emas, talaba, yosh olim, davlat xizmatchisi, tadbirkor, sportchi sifatida ularning ishtirokchisi bo‘lishlari hamda davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda faol ishtirok etishi joiz.
Diyorbek SOATALIYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:
Mamlakatimizda 2016 yilda bor-yo‘g‘i 77 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib 210 taga yetdi. Yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi esa 9 foizdan 2023 yilning yakuniga qadar 45 foizga yetkazildi.
Shuningdek, bilim yurtlarida a’lo baholarga o‘qiyotgan talabalarning shartnoma to‘lovi uchun mablag‘lar budjet hisobidan to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yilgani, ehtiyojmand oilalar dilbandlari uchun ajratilgan grantlar soni ikki barobarga ko‘paytirilgani ilmga oshufta yoshlarga shijoat, ilhom bermoqda. Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti, respublikamizdagi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun Prezident va davlat stipendiyalari joriy etildi.
Bundan tashqari, ilm yo‘lini tanlagan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida doktorantura bosqichi uchun kvota ikki barobarga oshirildi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali esa yuzlab ilm-fanga chanqoq, iste’dodli yoshlar nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarida bakalavr, magistratura va doktoranturada o‘qish imkoniga ega bo‘ldi. “O’zbekiston – 2030” strategiyasi orqali ham yoshlarning ta’lim olishiga qaratilgan maqsadlarning hayotda o‘z isbotini topayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz.
2024 yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da oliy ta’limga yanada e’tibor oshirilishi, yangi ilm maskanlarini barpo etilishidan umidimiz katta. Bu ishlarning samarasi va natijasi, albatta, biz yoshlarni yetuk kadr bo‘lib shakllanib, Vatanimiz ravnaqi va kelajagi yo‘lida xizmat qilishimizga zamin yaratadi.
Umidjon RAHIMOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:
Yangi yilga yoshlar manfaati bilan bog‘liq nom berilishi barcha yurtdoshlarimiz qatori samarqandlik yoshlar qalbini ham quvonchga to‘ldirdi. Qayerga bo‘lmaylik, qay tengdoshimiz bilan gaplashmaylik, boshlanayotgan yil ular hayotida o‘chmas iz qoldiradigan yil bo‘lishiga ishonchi ortayotganini aytmoqda. O’zimiz ham bu yo‘lda shijoat bilan mehnat qilishga tayyormiz.
2023 yil “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan “O’zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish ishlari boshlandi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Hayot bor ekan, uning yutuq va quvonchlari, tashvish va muammolari ham bo‘lishi tabiiydir. Ammo inson va xalq aql-zakovati, halol mehnati, mustahkam irodasi bilan har qanday sinovlardan munosib o‘tishga qodir”.
“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” istagining tagida olam-olam ma’no mujassam. “Biznes” so‘zining lug‘aviy ma’nosiga e’tibor qaratsak, u inglizcha business – ish, mashg‘ulot, korxona ma’nolarini anglatadi. Demak, biznesni qo‘llab-quvvatlash deganda bandlik, mashg‘ullik, korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni tushunishimiz kerak. Shuningdek, faqat pul topishga qaratilgan emas, balki doimiy ravishda e’tibor, qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji bor sohani tushunishimiz lozim. Ya’ni davlat tomonidan biznes qanchalik qo‘llab-quvvatlansa, bunday sub’ektlar ham mamlakat rivoji, xizmatlar sifati, mamlakat nufuzining oshishi va xalq farovonligiga xizmat qilishi darkor. Biznes qanchalik rivojlansa, unga shunchalik ko‘p ishchi kerak bo‘ladi, bu esa aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlaydi, ularning noqonuniy migratsion jarayonlarga jalb etilishini kamaytiradi.
Prezidentimiz tabrigida ta’kidlanganidek, yangi yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytirish, ilm- fan, innovatsiya, axborot texnologiyalari, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ijtimoiy sohalar rivoji mutlaqo yangi bosqichga ko‘tariladi.
Jamoliddin IMOMNAZAROV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:
Hozirgi davrda dunyodagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy muammolar yechimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoshlar bilan bog‘liqdir. Chunki bugungi yoshlar ertangi kunimizning yetakchi kuchi – liderlari sanaladi. Shu tufayli, ular muammolariga xalqaro formatlar doirasida e’tibor qaratish, global yechimlar topish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari yoshlar masalasida xalqaro hamjamiyat bilan konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishni yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlar natijadorligi va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish borasida oldimizda turgan muhim vazifalardan biri sifatida belgilab berdi. Nafaqat o‘zbekistonlik yoshlar, balki dunyodagi yosh avlod vakillarini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida farovon hayot kechirishini istashini bildirdi. Shu tufayli, O’zbekiston 2018 yilda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Yoshlar kengashiga, 2020 yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning Yoshlar ishlari bo‘yicha kengashiga, 2021 yilda esa Osiyoda o‘zaro ishonch choralari bo‘yicha kengashining Yoshlar bo‘yicha kengashiga teng huquqli a’zosi sifatida qabul qilindi.
Albatta, yoshlarga oid yangi tizim nafaqat ichki, balki tashqi siyosatda ham manfaatlar mushtarakligini nazarda tutadi. Zero, Yangi O’zbekiston yoshlari xalqaro maydonda ham o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun xalqaro aloqalarni mustahkamlash, xorijlik yoshlar bilan fikr va malaka almashish maydonini yaratish lozim.
O'xshash yangiliklar
-
Saylovoldi dasturi ijrosi: parlament nazorati va fraksiyalararo raqobat
13.04.2024, 21:48
-
Jizzaxda tomorqalarni ishga solish bo‘yicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi
09.04.2024, 20:28
-
Jizzaxda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar Yangi O’zbekistonni qamrab olgan bunyodkorlik jarayoniga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda
09.04.2024, 20:26
-
O’zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
09.04.2024, 17:27
-
Yerdan samarali foydalanish - yoshlar bandligi va daromadini oshirishning muhim omilidir
09.04.2024, 17:19
Fikringizni qoldiring