“Eng yaxshi biznes reja” tanlovi g‘oliblari

25.01.2024, 16:27

“Eng yaxshi biznes reja” tanlovi g‘oliblari

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida partiya Buxoro viloyat Kengashida hududdagi xotin-qizlar va yoshlarning dastlabki biznes faoliyatlarini rivojlantirish hamda rag‘batlantirish maqsadida “Eng yaxshi biznes reja” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Tanlov ishtirokchilari tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z biznes-rejalari va taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilarning biznes rejalari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon etib, xolisona baho berdi. 

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, faxrli birinchi o‘rin Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti Tabiiy resurslar muhandisligi fakulteti 3-bosqich talabasi Oybek Chutboyevga nasib etdi. 

–Tanlovda sayyohlarga ziyoratgohlar haqida ma’lumot beruvchi va ularga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallab yaratilgan “Visit ancient Bukhara” mobil ilovasi taqdimoti bilan ishtirok etdim, –deydi O.Chutboyev. – Ma’lumki, Buxoroda ko‘plab muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlar bor. Lekin nafaqat sayyohlar, balki mahalliy aholi ham ularning barchasi haqida to‘liq ma’lumotga ega emas. Men yaratgan mobil ilovada esa barcha ziyoratgohlar haqida to‘liq ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan. Sayyohlar ko‘rsatiladigan turli servis va boshqa xizmatlardan ham xabardor bo‘lish mumkin. Mazkur mobil ilova mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishining asosiy omillaridan biri hisoblangan ziyorat turizmi salohiyatidan to‘liq foydalanish imkonini berishiga ishonaman. 

Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, ikkinchi o‘ringa qorako‘llik Fayozbek Soriyevning intensiv bog‘ yaratishga oid biznes-rejasi loyiq deb topilgan bo‘lsa, 3-o‘ringa vobkentlik Muhammad Latibov hamda Feruz Ikromovlarning non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan biznes- rejalari munosib deb topildi. 

Tanlov yakunida g‘olib va faol ishtirokchilarga partiya viloyat Kengashining diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri

  • Ko'rildi
    126
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+