Gul yetishtiruvchilar mahallasi bilan tanishildi

10.02.2024, 09:09

Gul yetishtiruvchilar mahallasi bilan tanishildi

Xiva tumanidagi “Parchanxos” mahallasi aholisi asosan gul, manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari yetishtirish ortidan katta daromad topishyapti.

Mahallani rivojlantirishning asosiy drayveri issiqxona xo‘jaligi, gulchilik, ko‘chatchilik yo‘nalishlari hisoblanadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spiker o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ushbu mahalla hududining 2 gektar yer maydonida tashkil qilingan issiqxona faoliyati bilan tanishdi.  

Mazkur issiqxona egasi tadbirkor Ollabergan Ollaberganov gulchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Hozirda issiqxonada 50 ming tupdan ortiq gul ko‘chatlari mavjud. Asosan “yapon saporasi”, “shafran”, “Viola”, “Filargoniya” kabi gul navlari yetishtirilmoqda. Issiqxonada 10 nafar xotin-qizlar doimiy ish bilan taʼminlangan.

– Gul ko‘chatlari yetishtirish nozik, mashaqqatli, lekin serdaromad ish, – deydi mahalladagi barcha gulchilarning ustozi, mehnat faxriysi Ollaberganov Ollabergan. – Gul ko‘chatlari mavsumga qarab yetishtiriladi. Turli ko‘chatlarga turlicha ishlov beriladi, parvarishlanadi. Bu ishni yaxshi bilmagan kishi, yaxshi natijaga erisha olmaydi. Shu bois, ushbu ish bilan shug‘ullanishni istaganlar sohaning o‘ziga xos, nozik jihatlarini puxta o‘zlashtirishi muhimdir. Shundagina u bu ish ortidan katta daromad topa oladi.

– Mahallamizda gulchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, shu orqali oilalar daromadini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi “Parchanxos” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Atayev Ibragim. - Mahallamizdagi barcha ishsiz ayollar ish bilan taʼminlandi. Xususan, 1 nafar ehtiyojmand ayolga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi, 85 nafar ayolga dehqonchilik qilish uchun 15 sotixdan yer ajratildi. Qolgan ayollar esa mahallada ish olib borayotgan gulchilarga biriktirildi. 

Muloqotlar davomida yurtimizda aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bu borada asosan xotin-qizlar va yoshlarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani, buning natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi fuqarolarning kengroq qamrab olinayogani eʼtirof etildi.

Mahallada yetishtirilayotgan gul, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari nafaqat Xorazm, balki respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan xaridorlar tomonidan sotib olinadi. Bundan tashqari, ko‘chatlarni qo‘shni davlatlarga ham eksporti yo‘lga qo‘yilgan.

  • Ko'rildi
    59
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+