Deputat talaba yoshlarning muammo va takliflarini tingladi

26.02.2024, 21:43

 Deputat talaba yoshlarning muammo va takliflarini tingladi

Bugungi kunda mamlakatimizda xususiy oliy ta’limning o‘rni va ahamiyati kun sayin ortib bormoqda. Urganch Ranch texnologiyalar universiteti ham aynan zamonaviy talablariga to‘la mos keluvchi, o‘zining qisqa vaqtda erishgan natijalari bilan respublikamizda munosib o‘rniga ega bo‘lgan ta’lim dargohlaridan biridir.

        Mazkur universitetda bo‘lib o‘tgan “Deputat va yoshlar” uchrashuvida senator, deputatlar va talaba-yoshlar bunga yana bir bor guvoh bo‘ldilar.

Uchrashuvda Oliy Majlis senatori Farog‘at Sa’dullayeva, Urganch Ranch texnologiyalar universiteti rektori, O’zLiDeP Urganch shahar Kengashi deputati Jur’atbek Atajonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat yordamchisi Qudrat Bekmetov, partiya viloyat Kengashi bo‘lim boshlig‘i Shuxrat Atajanov va mahalliy kengash deputatlari ishtirok etdi.

        Ochiq muloqotda bugungi kunda jamiyatimizda, siyosiy jarayonlarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, mamlakatimizda mavjud siyosiy partiyalar, ularning o‘rni va ahamiyati, ayniqsa O’zLiDeP orqali siyosatda yoshlar faolligiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, universitet faoliyati, erishilgan natijalar va galdagi vazifalarga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.  

          - Universitetimizda mavjud 9 ta bakalavriatura va 3 ta magistratura ta’lim yo‘nalishida bugungi kunda 4 mingdan ziyod talabalar tahsil olmoqda. Faoliyat boshlaganimizga 3 yil bo‘lishiga qaramasdan shu kungacha Ispaniyaning Barselona va Santyago-de-Kospostela, Italiyaning Podova, Janubiy Chexiyaning Bogemiya universitetlari bilan shartnomalar imzolangan bo‘lib, u yerda bizning iqtidorli talabalarimiz va professor-o‘qituvchilarimiz bemalol malaka oshirib kelishlari mumkin va albatta, barcha sarf-harajatlar universitetimiz hisobidan qoplanadi. Joriy yilning may oyida ham yana 5 ta rivojlangan mamlakatlarga xalqaro va ilmiy hamkorlik maqsadida safar rejalashtirilgan. Ushbu imkoniyatlardan foydalanishda esa faqat bilim, iqtidor va tashabbus zarur, - deydi universitet rektori Jur’atbek Atajonov. Yana bir natijani ta’kidlash joizki, universitetimizda mavjud magistratura yo‘nalishlari Xorazm viloyatidagi boshqa birorta xususiy oliy ta’lim dargohlarida mavjud emas, bu yil yo‘nalishlarimiz va talabalar qamrovi ham yanada kengayadi.

         Ochiq muloqot davomida senator Farog‘at Sa’dullayeva talaba-qizlarga yuzlanar ekan, mamlakatimizda yoshlarda juda katta imkoniyatlar borligi, har bir vaqtdan mazmunli foydalanish zarurligini ta’kidladi. Xususan, oldinlari bo‘lmagan Oliy Majlis senati huzuridagi Yoshlar parlamenti tashkil etilgani, faol va tashabbuskor yoshlar Senatorlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga biriktirilgan holda o‘z faoliyatlarini olib borayotgani, qizlarimiz ham siyosiy maydonda o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘layotganini, halq manfaati va kelajagi uchun Prezidentimiz bilan bir safda mehnat qilish imkoniyatiga erishayotganliklarini g‘urur bilan ta’kidladi.

Ushbu ochiq muloqotda qatnashayotgan har bir talabada ham bunday imkoniyat borligini va buning uchun ulardan faqat vatan kelajagi uchun dahldorlik hissi bilan yashab, munosib mehnat qilishlari zarurligini ta’kidladi.

         Qiziqarli ma’lumotlarga va ko‘plab savol-javoblarga boy bo‘lgan muloqot yakunida partiyaga a’zo bo‘lish istagida bo‘lgan 15 nafar talabalar O’zLiDeP a’zoligiga qabul qilindi va ularga partiya guvohnomasi hamda estalik sovg‘alari topshirdi.

Nilufar Djabbarova,

Urganch Ranch texnologiyalar

universiteti o‘qituvchisi,

O’zLiDeP  faoli

  • Ko'rildi
    47
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+