Bayram shodiyonalari davom etmoqda

20.03.2024, 20:10

Bayram shodiyonalari davom etmoqda

“Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida o‘tayotgan bu yilgi Navro‘z bayrami O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filiali hamkorligida tashkil qilindi.

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etilgan bayram tadbiri tantanalarida Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashidagi partiya deputati, Toshkent davlat Texnika universiteti Olmaliq filiali direktori Alisher Samadov, filial direktori Nurbek Nasrullayev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor birinchi o‘rinbosari Bobomurod Boboyorov, partiya viloyat Kengashi mutasaddilari, oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlari, MFY faollari ishtirok etishdi.

Oliygoh hududini obodonlashtirish, ungi yangi binosi hovlisda turli mevali hamda manzarali ko‘chatlar nihollarini o‘tqazish, parvarishlashdan boshlangan bu yilgi Navro‘z tadbirlari ahil filial jamoasi va talaba yoshlari, Nurafshon shahar madaniyat uyi, 12-sonli san’at va musiqa maktabi mutaxassislari tomonidan bahamjihatlikda tayyorlangan tantanali bayram sayli dasturiga ulanib ketdi.

Unda filial direktori Nurbek Nasrullayev Navro‘zning umumbashariy qadriyatlar negizida tutgan o‘rni, xalqimizning ko‘p asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu qutlug‘ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylangani xususida so‘z yuritdi.

Ayniqsa, bugun, jamiyatimizda inson qadri yuksalib, bebaho boyligimiz – yerimiz, suvimiz va tabiatimizga, shu boradagi necha ming yillik an’analarimizga e’tibor kuchayib borayotgan Yangi O’zbekiston sharoitida bu bayramning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati yanada ortib borayotganiga urg‘u berdi.

Bayram tadbirida jam bo‘lgan nurafshonliklar, oliygoh professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlarini ushbu muazzam bayram munosabati bilan samimiy qutladi.

Aytish joizki, muazzam Navro‘zning oliygohdagi bayram tantanalari mobaynida Talabalar turar joyi hovlisidagi Navro‘zning latif va suyukli taomi sumalak qaynayotgan doshqozon atrofida talabalar tomonidan ijro etilgan lapar va o‘lanlar, aytishuvlarda o‘zbek milliy folklor san’atining qadimiy ohanglari qayta jonlandi.  

Erta tongdan karnay-surnaylar jo‘rligida boshlangan “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” deb nomlangan tantanali bayram dasturida bahor va Navro‘z, Vatan, yoshlik, sevgi va sadoqatni madh etuvchi she’ru-g‘azallar, qo‘shiq va dilrabo raqslar barchaga ko‘tarinki xush kayfiyat bag‘ishladi.

Sayl davomida talaba yoshlar sportning stol tennisi, shaxmat-shashka, armrestling, arqon tortish kabi turlarida kuch sinashishgani ularning xotirasida yorqin taassurot qoldirdi.

Sayl nihoyasida iftorlik bayram dasturxoni tashkil qilinib, barchaga bahoriy taom – sumalak, milliy shox taom – palov tarqatildi. Sayl Nurafshon filiali talaba yoshlari ishtirokida kechki “Navro‘z party” musiqiy oqshomi bilan o‘z yakuniga yetdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    50
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+