Deputatlarning Olmaliqdagi uchrashuvlarida xususiy korxonalar  muammolari  o‘rganildi

19.04.2024, 14:31

Deputatlarning Olmaliqdagi uchrashuvlarida xususiy korxonalar  muammolari  o‘rganildi

Bugun xalq bilan ochiq va samimiy muloqotlar olib borish, joylarda aholini qiynayotgan muammolarni batafsil o‘rganish va uni hal qilish choralarini ko‘rish Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzolari faoliyatining asosiy mezoniga aylangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Atxam Nazirqulov hamda Nodir Abduvaliyevlarning ayni maqsaddagi uchrashuvlarining navbatdagisi Olmaliq shahrida tashkil etildi.

 Deputatlar bu gal aholining salmoqli qismiga aylanib ulgurgan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan xususiy biznes vakillari bilan muloqotlar o‘tkazib, ularni qiynab turgan muammolarga qonuniy va sifatli ijobiy yechimlar topishga ustuvor ahamiyat qaratishdi.

Xususan, deputat Nodir Abduvaliyev tomonidan mebel mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati o‘rganilarkan, tadbirkorning Prezidentimizning "Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori doirasidagi huquqlarini amalga oshirishda bir qator to‘siqlarga duch kelayotgani, korxona kengaytirilishi maqsadida kanalizatsiya tarmog‘i yaxshi bo‘lgan hududdan yer olishda amaliy yordam zarurligi borasidagi murojaati tinglandi. Masala atroflicha o‘rganilib, qonun doirasida tegishli mutasaddi tashkilot va idoralar bilan birga ijobiy yechim topishning amaliy mexanizmlari borasida aniq to‘xtamlarga kelindi.

Deputat Atxam Nazirqulov tashrif buyurgan yana bir manzil – “UNIVERSAL FIRMA AZAT” xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan stomatologik klinikalar tarmog‘ining shahobchasida xususiy tibbiyotni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zaro samimiy suhbat mobaynida yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorni rivojlantirish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘z bordi.

Stomatologik jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinayotgan shahobchada aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va narxlarining maqbulligi ham deputat nazaridan chetda qolmadi.

Deputat bu yerda tibbiyotni xususiylashtirishda erishilayotgan yutuqlar qatorida xususiy korxona maʼmuriyatining tibbiyotda xususiy sektor ulushini oshirish borasidagi fikrlari bilan ham qiziqdi.

Xususan, xususiy tibbiyot muassasalarining o‘z ehtiyojlari uchun respublika hududiga olib kiriladigan yangi tibbiy asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari uchun ko‘rsatilayotgan bojxona xizmatlarini yana-da qulaylashtirish borasidagi asosli takliflarini tingladi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    22
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+