Yangi imkoniyatlar sari dadil qadamlar

14.09.2017, 18:53

Yangi imkoniyatlar sari dadil qadamlar

Andijonda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat Kengashi tomonidan Prezidentimizning “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.  

Tumandagi tijorat banklari filiallari mas’ullari, tadbirkor va fermerlar, “Yagona darcha” mutasaddilari, partiya tuman Kengashi faollari ishtirok etgan mazkur tadbirda keyingi yillarda iqtisodiyot taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilgan izchil islohotlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.

–Keyingi yillarda eksportchilarni rag‘batlantirish uchun ko‘plab ishlar amalga oshirildi, – deydi tadbir ishtirokchisi  “Agrobank” Kuygan yor filiali  rahbari Z.Yakubov. – Tadbirkorlarga  soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha ko‘plab imtiyozlar berildi, eksport faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qator tartibotlar bekor qilindi. Biroq eksport borasidagi mavjud imtiyozlarga qaramasdan valyuta tushumini majburiy sotish talabi eksportni yanada rag‘batlantirish yo‘lida asosiy to‘siq bo‘lib, eksportchilar o‘z valyuta tushumini to‘liq tasarruf etish imkoniyatiga ega emas edi. Davlatimiz rahbarining ushbu Farmoni bu boradagi muammolarni bartaraf etish yo‘lida tashlangan dadil qadam bo‘ldi. Nega deganda, mazkur huquqiy hujjat, avvalo, amaldagi valyutani tartibga solish tizimini tubdan isloh qilish, valyuta siyosatini liberallashtirish, barcha tadbirkorlik sub’ektlariga tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratishga qaratilgan. 

–Haqiqatdan, mazkur Farmonning imzolanishi mamlakatimiz tadbirkorlari va ishbilarmonlari tomonidan katta mamnuniyat bilan qabul qilindi, – deydi “Aziz teks invest” MChJ rahbari Jasurbek  Uzakov. – Negaki, ushbu hujjat bilan biz tadbirkorlar endilikda joriy xalqaro operatsiyalar (tovarlar, mehnatlar va xizmatlar importi, foydani repatriatsiya qilish, kreditlarni so‘ndirish, safar xarajatlarini to‘lash va boshqa savdoga oid bo‘lmagan o‘tkazmalar) bo‘yicha xorijiy valyutani tijorat banklaridan cheklanmagan miqdorda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Eng muhimi, o‘zimiz uchun zarur bo‘lgan xorijiy valyutani tijorat banklaridan, qisqa fursat ichida sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Bugun qaysi tadbirkor bilan gaplashmaylik, ularning barchasi tadbirkorlik oldidagi katta to‘siq olib tashlanganini xursand bo‘lib e’tirof etishmoqda. Zotan, Farmonda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishga, ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozorda raqobatdoshligini oshirishga, respublikamizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga imkon beradi.

Naziraxon   Tolipova,

O‘zLiDeP Andijon tuman Kengashi

 BPT konsultanti

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    1305
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+