Tupish boboning xazinasi

14.10.2018, 12:07

Tupish boboning xazinasi

Guliston shahrining Do'stlik mahallasida yashovchi mehnat faxriysi – Tupish bobo Aslonov  76 yoshni, umr yo'ldoshi Bilyor momo esa 70 yoshni qarshi olyapti. Taqdirni qarangki, Tupish bobo asli Gruziyaning Adgun degan joyidan. Kutilmagan tasodiflar tufayli bo'lsa kerak-da, Ikkinchi jahon urushi yillarida ota-onasi, qarindoshlari bilan O'zbekistonga kelib qolgan.

Yoshlik yillarini eslarkan, bobo og'ir o'yga toladi.

– U mahallari Sirdaryo qip-qizil cho'l-biyobon edi. Odamlar qanday bo'lmasin, bir burda non topish ilinjida o'zini o'tga, cho'qqa urardi. Tirikchilik qursin, eh-e, qanday kunlarni ko'rmadik. Bizni asrab qolgan boylik bitta – o'zbek xalqining bag'rikengligi, mehr-oqibati. Hech qachon yolg'izlatib qo'ymagan, tanishmi-begonami, bir kosa ovqatini baham ko'rgan insonlarni hamon eslayman.

Qo'ni-qo'shnilarining aytishicha, Tupish boboning qo'lidan kelmaydigan ishning o'zi yo'q. Biror kun bo'sh o'tirishmaydi ular. Oila a'zolariyam bobo-momolariga tortgan. Eng qizig'i, bu tinib-tinchimas otaxon va onaxon nuroniy yoshda bo'lishsa-da, oyoq uzatib, qo'l qovushtirib o'tirishgani yo'q. Hovlilarining 19 sotixiga issiqxona qurib, farzandlari, nevara-chevaralari bilan tinim bilmay ishlaydi.

– Shukrki, davlatimiz bizga o'xshagan keksalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlab ardoqlayapti: pensiyamizni o'z vaqtida olamiz, har-har zamonda bayram bahonasida yo'qlab kelishadi. Nima demoqchiman, qornimiz to'q, dasturxonimiz to'kin, tashvishimiz yo'q, deb yotaverishimiz kerakmi endi. Yo'q, bekordan xudo bezor degan o'zbeklarning naqli bor. Shuning uchunmi, bolalarimiz bilan kunu tun shu issiqxonadan chiqmaymiz, – deydi Tupish bobo. – Qovun qovundan rang oladi, deganlaridek, qo'ni-qo'shnilarimiz, yetmishga kirgan ukam Mahmudjon ham bizdan ibrat olib,  shunday savobli ishga qo'l urishdi. Masalan, bizning o'zimiz pomidor bilan bodringdan bir yilda ikki, uch marotaba hosil olib, bozorga chiqaryapmiz.

Boboning aytishicha, tuman Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari, O‘zLiDeP faollari bu oila bilan doimiy hamkorlik o'rnatgan. Ular ekinlarni parvarishlashda beminnat ko'maklashyapti. Yaqinda zangkana, fitoftoroz kasalliklariga qarshi yangi, samarador dori keltirib berishibdi.

Tupish bobo hadeb maqtanishni xush ko'rmaydi. Quvonarli jihati, issiqxonadan kelgan daromad hisobiga bu oila “Damas” avtomashinasi, mini-traktor sotib olgan. Yangi uy qurgan. Bu yilgi daromaddan esa to'y o'tkazmoqni rejalashtirgan.

G'ulom PRIMOV,

“XXI asr” muxbiri

Suratni 

Muhammad KARIM olgan

O‘zLiDePning Facebook hamda Instagram'dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1102
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Қ.Эшқораева Навоий вилояти, Учқудуқ тумани2018-10-15 16:55:50

Отахоннинг шижояти биз ёшларга ўрнак бўлади. Тупиш бобомизнинг ютуқлари янада ортаверсин, куч ва қувват тилаб қоламиз.


Д.Хамидова2018-10-15 14:45:33

Шундай чўлу-биёбонлардан боғ яратган эканлар Тупиш бобо каби дехқонларимизга омадлар тилаймиз.


Рахманова гульнара УзЛиДеП тахтакупир туман Кенгаши ижрочи котиб 2018-10-15 09:09:49

Маколадаги Гулистонлик Тупиш бобомизнинг ютуклари барчаси мехнатнинг эвазига келтирилганлиги куриниб тур. Рахмат бобомизга шу ешига келса хам хали бир тиним билмасдан ишлаяпти. Бу тиринчидан соглигига фойда эккинчидан хоноданига даромад манбайи


Fikringizni qoldiring

+