O‘zLiDeP rahbari fraksiya a’zolari bilan uchrashdi

09.11.2018, 09:18

O‘zLiDeP rahbari fraksiya  a’zolari bilan uchrashdi

Uchrashuvda asosiy e’tibor O‘zLiDePning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar, erishilgan marralar va o‘z yechimini kutayotgan  dolzarb masalalarga qaratildi.

Ta’kidlandiki, yilning o‘tgan davri mobaynida fraksiya a’zolarining faoliyati 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini joriy yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturida nazarda tutilgan ustuvor vazifalar hamda partiya dasturidan kelib chiqqan holda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan belgilangan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha izchil olib borilmoqda. Deputatlar tomonidan Davlat rahbarining milliy parlament a’zolari huzurida eng asosiy va dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va jamiyatni demokratik rivojlantirish bo‘yicha Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarning ijrosiga qaratilgan, keng ko‘lamli islohotlarning huquqiy asoslarini yaratish va yanada mustahkamlash bo‘yicha rejali ishlar olib borilayotganligi, avvalambor, xalq bilan muloqot tamoyili asosida odamlarni tashvishga solayotgan muammolarni joyida hal etish, tegishli davlat organlari mansabdor shaxslariga deputatlik so‘rovlari vositasida parlament nazorati amalga oshirilayotgani haqida axborot berildi.

Partiya raisi tomonidan «Yoshlar kelajagimiz», «Har bir oila tadbirkor», «Obod qishloq» va «Obod mahalla» Davlat dasturlari ijrosi, parlamentdagi fraksiya a’zolarining qonun tashabbuskorligi darajasi, parlament nazorati faoliyati, joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarni tashkil etish eng dolzarb masalalardan ekanligi, shuningdek partiyamiz elektorati hisoblangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyati, ularni qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratish o‘ta muhim masala ekanligi aytib o‘tildi. Bu borada investitsiya oqimini ko‘paytirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohada ilg‘or rivojlangan mamlakatlar tajribasidan foydalanish, innovatsion tajribalarni tatbiq etish, yer maydonlarini tomchilatib sug‘orish tajribasi, klaster tizimiga o‘tishni jadal rivojlantirish lozim.

Partiya yetakchisi Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida partiya tomonidan olib borilgan ishlar ko‘lami, partiya elektorati tomonidan tadbirkorlik biznes faoliyatini innovatsion, ya’ni zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etishga qaratilgan ko‘plab tashabbus amalga oshirilayotganligi va partiya fraksiyasi a’zolari va joylardagi deputatlik guruhlari tomonidan mamlakatda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratishga va shu asnoda partiya elektorati va tadbirkorlar safini kengaytirish O‘zLiDePning birinchi galdagi vazifasi ekanligi to‘g‘risida fikrlarni bildirdi.

Uchrashuvda shuningdek, islohotlarning samarasini oshirishda parlament, deputat va senatorlarning o‘rni va roliga alohida to‘xtalib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 12 iyulda Oliy Majlis a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda parlamentning islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisiga aylanishi, qabul qilinayotgan qonunlar orqali parlament a’zolari odamlarning og‘irini yengil qilish, sog‘liqni saqlash, ekologiya, kommunal xo‘jalik, ta’lim yoki boshqa sohalarda ularni qiynayotgan muammolarni hal qilishda O‘zLiDePning yetakchi roli haqida so‘z bordi.

Berilgan axborotda qayd etilganidek, fraksiya a’zolari tomonidan joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida 9 ta qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqildi va qabul qilindi. Deputatlarimiz tomonidan yana 7 ta qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida tayyorlanib, uni takomillash-tirish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hisobot davrida 12 ta parlament eshituvlari tashkil qilinib (o‘tgan yillarga nisbatan qariyb uch barobar ko‘p), Moliya, Iqtisodiyot, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Soliq qo‘mitasi va boshqa vazirlik va idoralar mutasaddi rahabarlarining axborotlari fraksiya yig‘ilishlarida qizg‘in muhokama qilindi hamda fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

«Parlament nazorati to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, fraksiyamiz deputatlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga, qoida tariqasida, tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan joriy yilning 1 oktabr holatiga 58 ta deputat so‘rovlari yuborishdi.

O‘zLiDeP fraksiyasi Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlar bilan uzviy aloqa o‘rnatgan. Fraksiyaning turli tadbirlarida, shu jumladan, fraksiya yig‘ilishlarida mahalliy Kengash deputatlari doimiy ravishda o‘zlarining takliflari bilan faol ishtirok etib kelishmoqda.

Joylarda muntazam ravishda saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda. Joriy yilning yanvar-may oylari davomida O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolaridan iborat deputatlar 50 ta tuman va shaharlarga chiqib xalq bilan muloqot qilishdi. Fraksiyamiz a’zolari 12 mingdan ortiq xonadonga tashrif buyurib, 6,5 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektlari bilan bevosita suhbat o‘tkazdi.

Bulardan tashqari, fraksiyamiz a’zolari «G‘o‘zada kafolatli hosil yaratish  zarbdor oyligi», «Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi», «Yoshlar kelajagimiz», «Har bir oila tadbirkor», «Obod qishloq», «Obod mahalla» Davlat dasturlari ijrosi, «O‘zbekiston aholisining sog‘lom ovqatlanishi holatini o‘rganish» hamda Hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni va aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish kabi tadbirlarning bajarilishi ustidan parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatishdi.

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1065
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+