Qo‘rg‘ontepada bo‘sh turgan tomorqa bormi?

23.03.2019, 12:42

Qo‘rg‘ontepada bo‘sh turgan tomorqa bormi?

Tomorqa – tom ortidagi baraka degani. Mana shu barakani bugun qo‘shqo‘llab topayotganlarga havasingiz keladi. Davlatimiz rahbarining tomorqaning daromad manbai ekanligini ta’kidlashlarida ham hikmat ko‘p. Buning isbotini bugun xonadonlardagi tomorqalardan unumli foydalanayotganlar misolida ko‘rib turibmiz. Qo‘rg‘ontepa tumanining Z.M.Bobur mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi tomorqalar ko‘zni quvnatadi. Qay xonadonga kirmang, kaftdekkina yerdan ham daromad olayotganlarga guvoh bo‘lasiz. Mahalla raisi Akmaljon Nurmatov, mutaxasissi Mohidilxon Haydarova aholi bilan doimiy muloqotda. Muhimi, mazkur saylov okrugidan xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi deputatligiga saylangan Muhabbatxon Yuldasheva o‘z saylovchilariga yelkadosh. Hudud xonadonlarining tomorqalari faoliyatini o‘rganish ishlari ham mana shu fidoyilar bilan olib borildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyat Kengashi biznes tuzilmalari va fermerlar bilan ishlash bo‘limi hamda “Ayollar qanoti” hamkorlikda tumanning ayni mahallasidagi “Tomorqa – ochil dasturxon” amaliy seminarida dastlab Shavkatbek Jumaboyev xonadonidagi tomorqa faoliyati ko‘zdan kechirildi. Fuqaroning 6 sotixdan iborat shaxsiy tomorqasining 4 sotixidagi issiqxonada turfa gullar parvarishlanayotgan bo‘lsa, 2 sotix maydonga qurilgan issiqxonada limonariya tashkil etilgan.

- Faoliyatimizni boshlaganimizga 10 yil bo‘ldi, - deydi Sh. Jumaboyev. – Olayotgan daromadimiz ortidan uy-joylarimizni yangidan qurdik, ota-onamni Haj ziyoratiga yubordik. Tomorqamizda dastlab o‘z oila a’zolarimiz bilan mehnat qilgan bo‘lsak, bugunga kelib mahallamizdagi 6 nafar uy bekalarining bandligini ta’minladik. Rejalarimiz ko‘p, faoliyatimizni yanada kengaytirib, ichki bozornigina emas, tashqi bozorni ham gullarimiz va sitrus mevalar bilan ta’minlash istagidamiz.

Yer egasining g‘ururlanganicha bor: uning tomorqachilikdagi ish unumi, samarasi Qo‘rg‘ontepa tuman hokimi nazariga tushdiyu, unnig rejalariga qanot berildi. Tuman hokimligi tomonidan ajratilgan bo‘sh turgan 20 sotixli yer maydoni Shavkatbekka gulchilikni rivojlantirish uchun ajratildi. Maydonning 4 sotix yerida allaqachon zamonaviy issqixona qad ko‘targan. Unda tumanning obodonlashtirilishi uchun parvarishlanayotgan turli gul nihollari dilni yashnatadi. Gollandiya davlatidan keltirilgan manzarali gul ko‘chatlari ertagayoq tumanni gullar markaziga aylantirishi shubhasiz.

-Ayni kunda tadbirkorning imtiyozli kredit olish taklifi bo‘yicha hujjatlarni tayyorladik, - deydi mazkur okrug deputati Muhabbatxon Yuldasheva. – Ushbu kredit mablag‘i ajratilgan yer maydonining qolgan joyiga issiqxona qurish ishiga sarflanadi.

Mahalladagi Lolaxon Rahmatullayeva xonadonidagi tomorqa ham e’tiborni tortdi. Atigi bir sotix tomorqada qad rostlagan issiqxonada limon va mandarin yetishtirilyapti. Ushbu sitrus mevalarning ko‘chatlari ham risoladagidek parvarishlanyapti. 20 yildan ziyod vaqt davomida xonadon egalarining bu boradagi tajribalari anchagina ortdi. Har yili bahorning ilk oyida qo‘shni qirg‘izistonlik xaridorlar1500-2000 ta limon va mandarin nihollarini olib ketadilar. Mana, daromadning o‘zi tomorqachini izlab kelayotgani isboti!

-Faoliyatni boshlashda, ochig‘i, boshida ikkilanganmiz, - deydi xonadon sohibasi Lolaxon Rahmatullayeva. – Biroq tavakkal ish boshladik. Asta-sekin daromad kira boshlagach, o‘zimiz ham juda qiziqib qoldik. O‘g‘lim, kelinim bilan bo‘sh qoldik deguncha issiqxona mehnatiga kiramiz. Olayotgan hosilimiz xaridorgir, ko‘chatlarimiz sara navli.

Oila sohibasining so‘zlari isbotini issiqxonada ko‘rdik. Barq urib pishgan limon va mandarin hosilini ko‘rib, go‘zalligidan mevani uzishga ko‘z qiymaydi.

Bu tomorqachilar faoliyati namunaga arziydi. Ochig‘i, ushbu xonadonlardan chiqib, kayfiyat ko‘tarildi, ruh yengil tin olganini his qildik. Oynaning ikkinchi tomoniga boqish biroz og‘riqli bo‘lsada, samarali foydalanilmayotgan tomorqalarga ko‘z tashlashga harakat qildik.

Mahalladagi A. Sattarov xonadonidagi 8 sotix tomorqa chiroyli chopiq qilingan. Hatto 4 sotix yerga kartoshka va rezavorlar urug‘lari qadalgan. Ammo... urug‘ qadalganiga anchagina fursat bo‘lganiga qaramay, qolgan yer maydoni bo‘sh! Xonadon egasi bu masalani ayni kunda pomidor va bodring ko‘chatlari xaridiga imkoniyati yetmayotganini ochiq aytdi. O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi hamda deputatlar hamkorligida o‘tkazilgan amaliy seminarda ezgu ishga qo‘l urildi. Fuqaroga pomidor va bodring ko‘chatlari taqdim etilib, ekishga ko‘maklashildi.

Yana bir fuqaro Valisher Umurzaqovning yangi xonadonga ko‘chib o‘tganiga ko‘p bo‘lmagan.  8 sotixdan iborat tomorqasi bo‘m-bo‘sh! Xonadon egasi limonariya qilish istagini bildirdi. Uning murojaati xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Muhabbatxon Yuldasheva tomonidan qanoatlantirildi.

Mahalladagi yana bir nechta kam ta’minlangan oilalarda ham  ham ushbu xayrli tadbir davom etdi.

Xurriyatxon Abdurasulova,

O’zLiDeP Qo‘rg‘ontepa tuman Kengashi

 apparat rahbari

Teglar
Tomorqa
  • Ko'rildi
    1229
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+