O‘zLiDeP aralashgach tadbirkor muammosi hal etiladigan bo‘ldi

24.05.2019, 15:26

 O‘zLiDeP aralashgach tadbirkor muammosi hal etiladigan bo‘ldi

Samarqand shahri Spitamen shoh ko‘chasi, 153-uyda joylashgan “Chordara qurilish” MChJ rahbari D.Rahimov tomonidan O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashiga murojaat kelib tushdi.

Unda tadbirkor korxonasiga olib boruvchi yo‘l ichimlik suvi quvuri yorilganligi sababli yopilib qolganini, natijada bir necha oydan buyon qator muammolarga duch kelayotganligini bayon qilgan. Shu bilan birga bu masalani imkon qadar tezroq hal etib berishda ko‘mak so‘ragan.

Muammo partiya vakillari tomonidan atroflicha o‘rganilgach, bu masala  yuzasidan O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi raisi Sherali Yuldashev “Suvoqova” DUK Samarqand viloyat boshqarmasiga yozma murojaat qildi.

Murojaatga javoban, mutasaddilar tadbirkor D.Rahimov bilan birga muammoni joyiga borib o‘rgangan. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ushbu hududdan o‘tuvchi 1975-80 yillarda qurilgan diametri D-800 mm bo‘lgan ichimlik suvi quvuri davriy muddatini o‘tib yaroqsiz holga kelganligi bois, bu muammo yuzaga kelgan.

 Javob xatida ko‘rsatilishicha, Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi “2018-2019 yillarda  investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mazkur yo‘nalishdagi quvurlarning 200 metrlik qismi qayta yangilangan.

Shuningdek, 2019 yilda mazkur suv quvurlarining 300 metri yangilanishi ko‘zda tutilganini aytib, muammoni bartaraf etish uchun 1 iyundan mazkur hududda quvurlarni almashtirish ishlari boshlanishini ma’lum qilgan.

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

 Kengashi matbuot xizmati

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    980
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+