Xomashyo masalasida muammo bo‘lmaydi

19.12.2017, 17:04

Xomashyo  masalasida  muammo  bo‘lmaydi

Muhammadjon USMONOV,

14-Xo‘jand saylov okrugidan xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputati, O’zLiDeP  deputatlik guruhi rahbari:

- Kunda-kun ora yangi-yangi qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Eng muhimi, bu qonun va konunosti hujjatlari mamlakatimizda islohotlarni yanada rivojlantirishga, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Ya’ni Davlatmiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta’kidlaganlaridek, xalqimiz turmush darajasi yuksalib borayotganligini bugundan his qilishi, amalda buning isbotini ko‘rishi lozim.

Shu ma’noda  Prezidentimizning 2017 yil 14 dekabrdagi  “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  Farmoni ham qishloq xo‘jaligida, ham yengil sanoat rivojida muhim qadam bo‘ladi. Chunki hozirga qadar paxta xom ashyosi o‘zimizda yetishitirilardi, lekin sanoat korxonalari xom ashyodan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer xo‘jaligidan sotib ololmasdi. Endi ana shu to‘siqlar oradan olib tashlanyapti. Sanoat korxonasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer xo‘jaligiga paxta xom ashyosiga buyurtma beradi. Va ana shu buyurtmasiga  muvofiq, xom ashyoni qabul qilib oladi va undan mahsulotlar ishlab chiqaradi.

Yana bir jihati shundaki, xom ashyoni yetishtirish va undan daromad olishdan fermer xo‘jaligi ham  sanoat korxonasi ham birdek manfaatdor bo‘ladi. Shuning uchun buyurtmachi to‘lovning 60 foizini oldindan avans tariqasida fermer xo‘jaligi hisob raqamiga tushirib beradi. Bu esa paxta xom ashyosini yetishtirish bilan bog‘liq ko‘p muammolarni o‘z vaqtida hal qilishga imkon yaratadi.

Biz, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari avvalo ushbu Farmonning mazmun-mohiyatini aholi orasida, partiyamiz elektorati vakillari bo‘lgan fermer xo‘jaliklari mutasaddilariga, tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish yuzasidan targ‘ibot ishlarini olib boramiz.

Ikkinchidan, sanoat korxonalari va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarning ijrosini nazoratga olamiz. Shu masala yuzasidan deputatlik guruhimizda eshituvlar tashkil etamiz.

G‘iyosiddin BOBOXONOV, “Namangan momiq sochiqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi:

- Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ayniqsa, yengil sanoatni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani korxonamiz rivojida muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, biznes loyihamizni amalga oshirishda dastlab imtiyozli bank krediti tayanch bo‘lgan bo‘lsa, so‘ngra eksportchi korxonalar uchun joriy qilingan soliq imtiyozlaridan unumli foydalanib kelmoqdamiz.

Prezidentimizning mazkur Farmoni biz uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Chunki tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun birinchi navbatda xom ashyo masalasini hal qilish zarur. Biz hozirga qadar paxta xom ashyosidan tayyorlangan ipni Farg‘onadagi turdosh korxonadan olib, undan momiq sochiqlar ishlab chiqaramiz.

Farmonda sanoat korxonalari bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish ko‘zda tutilgan. Ushbu shartnomaga muvofiq, to‘qimachilik sanoati korxonalari fermer xo‘jaliklari paxta xom ashyosini yetishtirish bo‘yicha asosiy xarajatlarining tuzilgan shartnoma qiymatining kamida 60 foizini avans berish yo‘li bilan moliyalashtirishni amalga oshiradi. Bunda korxonalarga yetkazib berilgan paxta xom ashyosidan faqatgina keyinchalik chuqur qayta ishlash va tayyor raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida foydalaniladi.

Demak, bu tizim ishga tushsa, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati yanada rivojlanadi. Tayyor mahsulotlar hajmi va sifati oshadi. Eksport qilish imkoniyatlari yanada kengayadi.

Jahon bozoridagi talab va taklif, bevosita shu yo‘nalishdagi rivojlangan korxonalar tajribasini o‘rgandik. Turkiya va Yevropa davlatlarining eng zamonaviy texnika va texnologiyalari asosida mahalliy xomashyo – yuz foiz paxtadan momiq sochiqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik.

Umid qilamizki, korxonamiz tayyor mahsulotlari nafaqat ichki bozorni to‘ldiradi, balki ularni eksport qiladigan davlatlar geografiyasi yanada kengayadi. Ya’ni tashqi bozorga chiqaradigan mahsulotimiz “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yorliqni munosib tutib, chet ellarda yurtimiz obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga ham xizmat qiladi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1774
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+