Joriy yilda Sardobada 145 ta xonadonda issiqxona tashkil etildi

12.09.2019, 17:19

Joriy yilda Sardobada 145 ta xonadonda issiqxona tashkil etildi

Sardoba tumanidagi “Farg‘ona” va “Sohibkor” fermer xo‘jaliklarida “To‘qsonbosti ekinlar ekish, tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish” mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari respublika, viloyat, tuman Kengashi vakillari, hududda faoliyat olib borayotgan 70 dan ortiq fermer xo‘jaliklari raislari hamda korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. 

Mutaxasislarning aytishicha, mavjud ekin maydonlaridan samarali foydalanish bir maydondan yil davomida bir necha marotaba hosil olishning hajmini oshirish imkonini beradi. Buning uchun avvalo har bir ekinning biologiyasini bilish, ekish muddatlarini aniqlash, har bir agrotexnik tadbirni vaqtida o‘tkazishni ta’minlash zarur. Zero, boshoqli don ekinlarini ekish muddatlarini to‘g‘ri belgilash kelgusi yil hosili taqdirini hal qiladi.

“Kuzgi bug‘doy urug‘ini ekish har bir mintaqada tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib maqbul muddatlarda ekiladi. Urug‘ni bir tekis undirib olish, hosilning me’yorida qishlashi va yuqori hosil berishiga zamin tayyorlaydi. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘z vaqtida va sifatli ekish fermerlarning oldida turgan muhim vazifalardan biridir”, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari B.Boybo‘sinov.

Uning ta’kidlashicha, Sardoba tumanida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga 1274 gektar yer biriktirilgan. Dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilar tomonidan kuz faslida to‘qsonbosti ekinlar sifatida bu yerlarga piyoz, sarimsoqpiyoz va turli ko‘katlar ekilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 400 ta xonadonda arzon, ixcham 1,-5-2 sotixli issiqxona qurish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish belgilangan. Hozirga qadar esa 145 ta xonadonda 2,9 gektar yerda issiqxona tashkil etilgan.

Seminar davomida ishtirokchilarga “Farg‘ona” fermer xo‘jaligi dalasida 2020 yil hosili uchun g‘alla ekish uchun yerni tayyorlash,urug‘ni  yerga sifatli qadash va uni undirib olishgacha bo‘lgan jarayonlar haqida zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Ishtirokchilar yerni tozalash, haydash, ekinni sifatli,  bir tekis undirib olish, nihollarni parvarishlash va mo‘l hosil yetishtirishgacha bo‘lgan mavsum oralig‘idagi ishlarni o‘z vaqtida unumli va sifatli ado etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar oldilar.

Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari tumandagi “Sohibkor” fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘lishdi. Bog‘ qator oralariga o‘rtaki ekin ekishning afzalliklari to‘g‘risidagi amaliy mashg‘ulotlarda qatnashishdi. Ularga yangi ekilgan bog‘ qator oralariga  o‘rtaki ekinlar (masalan bulg‘or qalampiri) ekish va bu hosil yig‘ishtirib olingandan so‘ng  to‘qsonbosti ekinlari – piyoz, sarimsoqpiyoz va boshqa ekinlar ekishning foydasi, undan olinadigan daromad xususida mutaxassislar tomonidan atroflicha ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, xalqimizning toza va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabi tobora ortib bormoqda. Yerning umrini o‘tkazmay undan samarali va oqilona foydalanish, yangi tashkil etilgan bog‘ va tokzorlar orasida 3-5 yilgacha oraliq ekinlar  va to‘qsonbosti ekinlari ekish yerlardan yanada samarali foydalanish imkonini beradi. Xususan, halqimiz dasturxonining to‘kin bo‘lishiga, ularni sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Tadbirda tuman hokimi A.Xidirov, tuman prokurori A.Uralov hamda  O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari respublika Kengashi bosh mutaxassisi U.Rahmatovlar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

 Dilorom ESONOVA,

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    1594
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+