Prezidentimizning Murojaatnomasi — xalqimiz farovonligini yuksaltirishga va Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi

24.12.2017, 21:30

Prezidentimizning Murojaatnomasi — xalqimiz farovonligini yuksaltirishga va Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga qilgan Murojaatlarini katta hayajon va qiziqish bilan tingladik. Prezidentimizning ma’ruzalari har galgidek, chin yurakdan chiqdi. O‘z xalqini sevadigan, uning buguni va ertasi haqida qayg‘uradigan, haqiqiy vatanparvar Yurtboshining ma’ruzasi bo‘ldi. Prezidentimizning Murojaatlari deputatlar, senatorlar va uni tinglagan barcha-barchaning qalbidan, yuragidan, ongidan chuqur joy egalladi, desam to‘g‘ri bo‘ladi. 

Bu ma’ruza tom ma’noda tarixiy bo‘ldi. Tarixiy deganim, bunday Murojaat Oliy Majlisga birinchi marotaba qilinganligi bilangina emas, balki muhtaram Yurtboshimiz ma’ruzalarida xalqimizni ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan tizimli muammolar ochiq-oydin o‘rtaga qo‘yilib, ularning yechimi ko‘rstatib, mamlakatimizni jadal rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar bayon etilganligi bilan belgilanadi. 

2017 yilda qilingan ishlarni sarhisob qilgan holda Prezidentimiz bu yil – xalq muammolarini hal qilish bo‘yicha samarali tizimni yaratish yili bo‘lganligini juda to‘g‘ri ta’kidladilar. Biroq hali bu boshlanishi, oldimizda xalqimizni rozi qilish yo‘lida juda katta vazifalar turganini alohida qayd etdilar. Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi haqidagi ustuvor g‘oya bundan buyon ham barcha darajadagi rahbarlar oldida doimiy talab bo‘lishini, yana bir bora qat’iy ta’kidladilar. 
Yurtimizda 2018 yil “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab quvvatlash yili” deb e’lon qilinganligi barchamizni quvontirdi. Zero, xalqni tadbirkorlik boqadi, inovatsiyasiz esa taraqqiyot bo‘lmaydi. Tadbirkorlik, inovatsiyalar va texnologiyalar qancha rivojlansa, xalqimiz shu qadar boy, yurtimiz shu qadar qudratli bo‘ladi.

Muhtaram Yurtboshimizning ma’ruzalari tom ma’noda innovatsion ma’ruza bo‘ldi. Birgina xalqimizning mamlakat ichida erkin harakatiga xalal beradigan viloyatlar o‘rtasidagi postlarni olib tashlash haqida bildirgan hayotiy takliflari misolida oladigan bo‘lsak, Yurtboshimiz davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, bojxona tizimi, tadbirkorlik va boshqa sohalarda ham mana shunday qo‘shtirnoq ichidagi post va to‘siqlarni yo‘q qilish bo‘yicha topshiriqlar berdilar. 

Prezidentimizning ko‘p yillardan beri hal etilmay qolayotgan masalalar, ya’ni hokimlarning mustaqilligi va mas’uliyatini oshirish, advokatlarning huquqlarini kengaytirish, tintuv o‘tkazish va telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya berish huquqini prokuraturadan sudlarga o‘tkazish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida qonunlar qabul qilish borasida bildirgan fikr va takliflari yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini xalqaro standartlar darajasida kuchaytiradi.

Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida tadbirkorlikni rivojlantirish, uning yo‘lidagi g‘ov va to‘siqlarni butunlay yo‘q qilish, tadbirkorlik uchun barchaga teng shart-sharoitlar yaratish, investitsiyalarga keng yo‘l berish borasida ham qator amaliy takliflarni bildirdilar. Soliq va bojxona qonunchiligini, davlat bojlarini yengillashtirish, tekshiruvlarni ikki yilga to‘xtatish, tadbirkorlarga nisbatan jinoyat ishi ochganni Prezident nazoratiga olish kabilar shular qatorida. Yurtboshimiz tadbirkorlar haqida ingliz davlat arbobi U.Cherchilning “Ba’zilar tadbirkor deganda sog‘in sigirni, faqat sanoqli odamlargina og‘ir aravani tortayotgan mehnatkash otni tushunadi” degan fikrini keltirib o‘tganlari, u kishining tadbirkorlarga nechog‘lik katta e’tibor ko‘rsatayotganliklaridan dalolatdir.

Yana bir masala. Yurtboshimiz deputatlarni juda adolatli tanqid qildilar. Haqiqatdan ham ko‘proq tashabbus ko‘rsatishimiz, parlament nazoratini amalga oshirishda, xalqimiz dardini yechishda faol va qat’iy bo‘lishimiz shart! Qonunlarimizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan hujjat sifatida qabul qilish, xalqimizni fikr va takliflari asosida qonun ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yishimiz zarur. Biz, albatta, bu borada ijobiy o‘zgarish qilamiz. 

Ishonchim komil, muhtaram Prezidentimizning ma’ruzalari, har bir takliflari hayotimizda tom ma’noda ijobiy tarixiy burilish yasaydi, yurtimizda demokratiya va erkinlik g‘oyalarining mustahkam qaror topishiga, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga va Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Rahim HAKIMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebook hamda Instagram'dagi rasmiy sahifasi va Telegram’dagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1435
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+