Koronavirus: ko‘pi ketib ozi qoldi

02.05.2020, 12:15

Koronavirus: ko‘pi ketib ozi qoldi

Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, deyarli har kuni, har soatda pandemiyadan butunlay sog‘ayganlar haqidagi xushxabarlarni eshitayapmiz. Albatta ich-ichimizdan barchamiz, bu davomiy bo‘lishini, kasallikdan butunlay forig‘ bo‘lishni istayapmiz. Birga bo‘lsak, yana oz fursat uyda qolib karantin qoidalarini buzmasak, albatta pandemiyani tag tomiri bilan yo‘qotishimizga ishonchim komil.

Shuni aytish kerakki, kasallikni jilovlash oson bo‘lmayapti. Jaxonning eng taraqqiy etgan mamlakatlari pandemiyaga qarshi qanday yo‘l tutishni bilmay turgan bir paytda yurtimizda o‘z vaqtida va tezkor ko‘rilgan qat’iy choralar natijasida kasallik ortga chekinmoqda. Buning uchun zamonamizning chinakam qahramonlari bo‘lgan barcha shifokorlarimizga va hukumatimizga qancha  minnatdorchilik bildirsak shuncha kam.

Davlatimiz rahbari tomonidan 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishida tibbiyot xodimlarining mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatini munosib qadrlash, rag‘batlantirish maqsadida yana bir muhim qarorni imzolaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sanitariya-epidemiologiya xizmatining qariyb 11 mingga yaqin barcha toifadagi tibbiyot xodimlarining ish haqi 2,5 baravarga oshirildi.

Shifokor sifatida shuni ishonch bilan ayta olamanki, bu yuksak e’tibor va rag‘batni  jonkuyar shifokorlarimiz zimmalariga yuklangan mas’uliyat deb qaraydilar.

O‘rni kelganda og‘ir sinov kunlarida chinakam sabr-toqat va mas’uliyat, mehr-oqibat fazilatlarini namoyon etib kelayotgan yurtdoshlarimizga yana bir bor murojaat qilishni xalq vakili sifatida burchim deb bilaman.

Qadrdon yurtdoshlar!

Karantin cheklovlarining yumshatilishi, butunlay koronavirusdan qutildik, endi bemalol  avvalgidek yuraversak bo‘ladi degani emas. Chegara bilmas pandemiya  hozircha xavf solib turibdi. Shunday ekan, ko‘pi ketib ozi qolgan kasallikni butunlay yengish uchun “Uyda qolib”, shifokorlar maslahatlariga qat’iy amal qilishda davom etaylik.

Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    67
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+