Taraqqiyotimizning yangi davri “Turizm to‘g‘risida”gi Qonunni yanada takomillashtirishni taqozo etadi

10.01.2018, 19:07

Taraqqiyotimizning yangi davri “Turizm to‘g‘risida”gi Qonunni yanada takomillashtirishni taqozo etadi

Bugungi kunda milliy iqtisodiyotning eng muhim sektorlaridan biri bu –  turizm. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham turizmga milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri sifatida alohida e’tibor qaratildi. Haqiqatdan, xorijiy davlatlar iqtisodiyotini o‘rganar ekanmiz, turizmning mamlakat uchun serdaromad soha ekanini ko‘ramiz. Shu sababdan ham, davlatimiz rahbari bu masalani ham o‘z qo‘liga olib, deputatlarga murojaat qildi.

Ta’kidlash kerak, yurtimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Zero, madaniy meros ob’ektlarimizning aksariyati YuNYeSKO ro‘yxatiga kiritilgan. Shunday ekan, mamlakatimizning betakror tabiati, go‘zal dam olish maskanlari imkoniyatlaridan foydalanib, yangi turistik yo‘nalishlarni ochish maqsadga muvofiq. Sohaga jahon brendlarini faol jalb etgan holda, ziyorat turizmi, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik turizmni va sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish zarur.

Ta’kidlash joiz, sohani rivojlantirishda yangi mexanizmlarni kiritish borasida  2018-2019 yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi vazifalar belgilab olindi. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirish bo‘yicha hududiy kengashlar tashkil etildi.

Endilikda turistlar uchun xizmat ko‘rsatish, transport, mehmonxona, ovqatlanish, dam olish, muhofaza qilish masalalari yanada takomillashtiriladi.

Shuningdek, ruxsat olish (litsenziya) tartibi va zarur bo‘ladigan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar onlayn tarzda belgilanishi, kuzatib borish tizimi yo‘lga qo‘yilgani tadbirkorlik sub’ektlari uchun juda katta qulayliklar yaratmoqda. Bundan tashqari,  hukumat portalining “Elektron litsenziyalash” sahifasi orqali litsenziyalar reyestri yuritilishi va litsenziya olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni elektron ko‘rinishda topshirish tizimi faollashtirildi. Turoperator va mehmonxona xizmatlarini sertifikatlashtirish tartibi asosida turistlarning hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ma’lumot uchun, 276 ta tashkilot, shu jumladan, 140 ta joylashtirish vositalari va 136 ta turoperatorlarga yengilliklar yaratildi. Sertifikatlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilot (ISO) talablari bilan muvofiqlashtirish va mehmonxonalar xizmati sifatini yanada oshirish bo‘yicha qo‘mita faoliyatining qayta tiklangani turistlarga sifatli xizmat ko‘rsatish va ularning oqimini ko‘paytirish imkonini beradi.

Parlament so‘roviga muvofiq, 24 soat faoliyat yuritadigan ma’lumot markazining ishga tushirilgani mamlakatimizga xorijdan kelgan sayyohlarning erkin harakatlanishi hamda zarur ma’lumotlarni tezkor olishida o‘ta muhim ahamiyatga ega. Shu o‘rinda, aytish joizki, bunday ma’lumotlar bazasiga turistlar uchun qulay bo‘lgan ovqatlanish, joylashtirish, mehmonxona xizmatlarining arzon va qulay ma’lumotlarini kiritish lozim. Bunday kreativ yondashuv, aeroportdan boshlanishi muhim ahamiyatga ega.  

Sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi Qonunini yangi tahrirda qabul qilish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Chunki mukammal qonunlar har bir sohaning rivojlanishi uchun kafolatdir.

Odinaxon JAMOLDINOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    3443
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+