Prezident talabi: Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak!

02.07.2020, 10:29

Prezident talabi: Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak!

Andijon shahar “Navro‘z” mahallasida yashovchi A.Abdukarimovning ruhiy va jismoniy bosimlar ostida IIB xodimlari tomonidan o‘lim topgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda rosa bong urilgani barchaning yodida. Voqeaga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. IIBning bu kabi hatti-harakati nafaqat mutasaddilarni, balki butun xalqni hushyorlikka chorladi. Demak, sohada yetarli ko‘nikma, iroda, xodimlarda o‘zini qo‘lga ola bilish sifati sust.

Har qanday holatda ham inson salomatligi, qadr-qimmati birinchi o‘rinda bo‘lishligini “unutayozgan” ayrim soha vakillari sababli aholida organ xodimlariga nisbatan ishonchsizlik ortayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ayni sohadagi muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Shu bilan birga yuqoridagi kabi noxush holatlar misol tariqasida keltirilib, Inson huquqlari markazi, Ombudsman, Toshkent davlat yuridik universitetiga “Inson qadr-qimmati - eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli bo‘yicha barcha huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlarini o‘qitish vazifasi yuklatildi. Sababi, tergov sifati va xodimlar malakasi talabga javob bermaydi. Bunday fikrga kelishga asoslar yetarli albatta.

Negaki, joriy yilning 5 oyida tergov organlari asossiz ayb qo‘ygan 323 nafar fuqaro sudlar tomonidan oqlangan, 1 ming 854 nafar shaxsga nisbatan qo‘yilgan asossiz ayblovlar olib tashlangan. O‘tgan yilning o‘zida 236 nafar oqlangan shaxsga davlat hisobidan 6,7 milliard so‘mlik moddiy va ma’naviy zarar to‘lab berilgan. Mana, adolatsizlik! Xo‘p, mayli, adolat qaror topibdi, ammo unga qadar ovoragarchilik, asabbuzarlik, hatto salomatlikka putur yetmaydimi?!

Ma’lumki, sudyalik lavozimini egallash uchun muayyan ish stajiga ega bo‘lish, Sudyalar oliy maktabini o‘qib tugatish kabi talablar qo‘yish orqali tanlov kuchaytirildi. Endilikda ayni mezonni tergovchilikka nomzod tanlashda ham qo‘llash kerakligi taqozo qilinmoqda. Shuning uchun ham o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bir qator mutasaddi idoralarga tergov institutini tashkil etish, tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish, sohaga ilg‘or tajriba va standartlarni joriy etish vazifalari qo‘yildi.

Shu o‘rinda yana bir jihatni alohida qayd etish joiz. Joriy yilda aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ziyodi yoki 44 foizida sudlarda ishlar to‘liq va xolis ko‘rilmayotgani, uzoq muddat cho‘zilayotgani xususida bo‘lgan. Demak, sudlarda ham yanada xolislikni, shaffoflikni  kuchaytirish kerak.

2018-2019 yillarda birinchi instansiya sudlarida jami 192 ta jinoyat ishi bo‘yicha 307 nafar shaxs oqlangan bo‘lsa-da, hech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmagan. Shu bois tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib o‘tirmasdan, o‘z tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi qayd etildi.

Videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga ilg‘or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i ham berildi. Quvonarli jihat shunda bo‘ldiki, ko‘pchilikni sarson qiladigan, sud tizimida eskilik sarqiti bo‘lgan, o‘z nomi bilan ham sudning mazmun-mohiyatiga to‘g‘ri kelmaydigan “nazorat tartibida ishlarni ko‘rish” amaliyotidan to‘liq voz kechiladigan bo‘ldi. Sudlar chiqarayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozimligi ta’kidlandi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, yig‘ilishda ta’kidlangan har bir me’yoriy band soha islohotiga xizmat qiladi. Bu bilan, albatta, bir kuch bo‘lib, mutasaddilar bilan hamkorlikda ish tashkil qilsak, joylarda sohaga taalluqli murojaatlarni ijobiy bartaraf qila olsak, xalqimizning IIB va korrupsion muammolariga yechim topishga erishamiz.

Tohirjon AHMADALIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    93
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+