Konferensiyalarda Toshkent shahar Xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatilyapti

09.11.2017, 18:03

Konferensiyalarda Toshkent shahar Xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatilyapti

Joriy yil 24 dekabrda bo‘lib o‘tadigan Toshkent shahar Xalq deputatlari tuman Kengashlari saylovi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va demokratik yangilanishlarning yorqin namunasidir. Ushbu islohotlar ijtimoiy-siyosiy hayotimizda siyosiy partiyalar o‘rni oshib borayotganidan dalolat.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasining “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilingani ushbu saylovlarning tenglik, ochiqlik, oshkoralik prinsiplari asosida o‘tishini ta’minlovchi huquqiy bazani yaratib berdi. Ana shunday mas’uliyatli, muhim siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan saylov kampaniyasida munosib ishtirok etish O‘zLiDePning asosiy maqsadidir. Yuqoridagi fikrlar poytaxtimiz tumanlaridagi partiya Kengashlarida bo‘lib o‘tayotgan  konferensiyalarda ham keng muhokama etilmoqda. O‘zLiDeP tuman Kengashi konferensiyalarida 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda faol ishtirok etish bilan bog‘liq barcha masalalar atroflicha muhokama qilinib, partiyamizdan Toshkent shahar Xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatilyapti.

Ta’kidlash kerak, partiyamiz ushbu saylovlarda o‘z dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, asosiy e’tiborni Markaziy Osiyoning eng yirik megapolisi hisoblangan Toshkent shahri tumanlarida jadal olib borilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlarni, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va kuchli fuqarolik jamiyati asoslarini yanada mustahkamalashda faol ishtirok etishga qaratadi.

Bunda xususiy mulk himoyasini yanada mustahkamlash, tadbirkorlik uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik rivoji uchun zarur bo‘lgan samarali infratuzilmani yanada rivojlantirish kabi muhim masalalar partiyamizning asosiy vazifalaridan hisoblandi.

Partiyamiz poytaxtimiz tumanlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa bu sohalarga yoshlar va ayollarning kengroq kirib kelishiga erishish orqali aholining barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlanishi, turmush farovonligi oshishini ta’minlashni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotida Toshkent shahrining ulushi yuqori. Jumladan, investitsiyalarning 18, sanoat mahsulotlarining esa 20 foizidan ortig‘i poytaxtimiz hisobiga to‘g‘ri keladi. Albatta bu natijalarga erishishda tadbirkorlik sub’ektlarining hissasi nihoyatda katta.

Shu bilan birga partiya mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Harakatlar Strategiyasida o‘z aksini topgan Toshkent shahrini dunyoning rivojlangan megapolislariga xos bo‘lgan tamoyillar asosida rivojlantirish, shaharda yuqori texnologiyalarga asoslangan, dunyo bozorida raqobatbardosh sanoat mahsulotlarining yangi turlarini ishlab chiqarish, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish va axborot infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi uzoqni ko‘zlovchi maqsadlarni amalga oshirishni o‘z oldida turgan muhim vazifa deb biladi va ushbu vazifalarni amalga oshirishda aynan tadbirkorlik sub’ektlari yetakchilik qiladi, deb hisoblaydi.

Shu tufayli, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, shaxsiy tashabbuslarga keng yo‘l ochish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish masalalari partiyamiz uchun asosiy maqsad bo‘lib qolaveradi. Partiya o‘z faoliyati davomida xususiy mulk daxlsizligi bo‘yicha konstitutsiyaviy tamoyilni himoya qilib, hayotga izchil tadbiq etishda faol harakat qiladi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1816
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+