Namanganda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

10.02.2021, 10:27

Namanganda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

Namanganda “O’zbekistonda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksportini rivojlantirishning dolzarb vazifalari va istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.      

O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O’zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi, Biznes-Ombudsman, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkillangan ushbu konferensiyada vazirlik va idoralar, hokimlikning mas’ul xodimlari, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, olimlar, tadqiqotchi-izlanuvchilar, fermerlar, agroklasterlar, tadbirkorlar va sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi va mamlakat rahbarining 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida agrar sohadagi islohatlarni rivojlantirishga oid belgilab bergan ustuvor vazifalarini hayotga tatbiq etishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Aytib o‘tish joizki, bugungi kunda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash iqtisodiyotimiz rivojlanishi va aholi farovonligini oshirish uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Mamlakat yalpi ichki daromadining uchdan bir qismidan ortiqrog‘i agrar soha hissasiga to‘g‘ri keladi. Sohada 3,5 milliondan ortiq aholi ish bilan band va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chet elga sotishdan tushgan tushumlar O’zbekistonning umumiy eksport daromadlarining 25 foizigacha miqdorini tashkil qiladi.

Keyingi to‘rt yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida salmoqli yutuqlarga erishildi. Bu esa iqtisodiyotimizning yuksalishiga, aholimizning daromadlari oshishiga, qishloqlarda fuqarolarning bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Anjuman doirasida shu kabi masalalar muhokama qilinib, soha mutaxassislari ishtirokida agrar sohada islohotlarni jadallashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, chuqur qayta ishlash va eksportini rivojlantirish borasida amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbir doirasida meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan agroklasterlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

  • Ko'rildi
    605
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+