Prezident taklifidan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yangi qo‘mita tashkil etildi

04.01.2018, 14:22

Prezident taklifidan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yangi qo‘mita tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida yangi qo‘mita — Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. Bu to‘g‘risidagi qaror parlament quyi palatasining navbatdagi yalpi majlisida qabul qilingan.

Ma’lumki, Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida bugungi kunda bironta ham hududda sog‘liqni saqlash tizimi aholi uchun munosib xizmat qiladigan darajada tashkil etilmaganini tanqid qilib, Qonunchilik palatasi o‘z ish faoliyatida asosiy e’tiborni tizimdagi ana shu muhim muammolarni, ayniqsa, joylarda hal etishga qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlagan edi. 

“Kerak bo‘lsa, Qonunchilik palatasida sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha alohida qo‘mita tashkil etib, uning a’zolari asosan hududlarda faoliyat ko‘rsatsa, nur ustiga nur bo‘lardi”, degan edi Prezident.

Yalpi majlisda deputatlar yangi qo‘mita aholini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan bevosita hududlarda faoliyat yuritib, xaqiqiy deputatlik, parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirgan holda tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish borasida aniq takliflar tayyorlab, ularning natijalariga e’tibor qaratishi, bu boradagi qonun ijodkorligi jarayonini faollashtirish bilan birga, sohaga doir qonunlar ijrosini o‘rganishi lozimligiga alohida to‘xtaldilar.

Manba

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2531
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+