Xorazmlik II guruh nogironi Zulfiya Nuriddinovaning murojaati hal etiladigan bo‘ldi

06.03.2018, 18:20

Xorazmlik  II guruh  nogironi Zulfiya Nuriddinovaning murojaati hal etiladigan bo‘ldi

Bugun O‘zLiDeP tashabbusi bilan joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullardan aholi mamnun. Zero, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida tashkil etilayotgan uchrashuv va ochiq muloqotlarda fuqarolarimiz mushkuli osonlashmoqda, ko‘pyillik muammolari hal etilmoqda.  

Bu partiya tashabbusi bilan Shovot tumanidagi “Chig‘atoy” MFYni aholisi uchun tashkil etilgan sayyor qabulda yana bir bor o‘z isbotini topdi. 

Sayyor qabulda “Mevazor” MFYda yashovchi II guruh nogironi Zulfiya Nuriddinova tikuvchilik bilan shug‘ullanishini aytib, faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kredit olishda yordam so‘radi.

–Kredit olish masalasida tegishli idoralarga ko‘p murojaat qilib, ijobiy javob ololmagan edim, – deydi Z.Nuriddinova. – Mana xalk deputatlari Shovot tuman kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi I.Abdullayev mutasaddi rahbarlarga deputatlik so‘rovi yuborib, faoliyatimni kengaytirishim uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga va’da berdi. Buning uchun tadbir tashkilotchilaridan minnatdorman.

Shuningdek, muloqotlar davomida mahalla hududida minifutbol maydoni va mahalla hududida maktabgacha ta’lim muassasasi qurish, mahalla hududidan Shovot tumani markaziga qatnovchi avtobusning yo‘qligi, mahalla hududidan o‘tuvchi 7.7 km tuproq yo‘lni asfaltlashtirish, 3 km yo‘lning ta’mirtalabligi va boshqa masalalari bo‘yicha murojaaatlar kelib tushdi.

Kun bo‘yi davom etgan sayyor qabul yakunlanganda zaldan chiqayotgan murojaatchilar yuz-ko‘zida mamnunlik va ko‘tarinki kayfiyat uyg‘un edi. Kamina ham shunday kayfiyatda tashqariga yo‘l olar ekanman, Chig‘atoy MFY raisi D.Ismoilovni ko‘rib qoldim. 

 – Sayyor qabulga qanday muammo bilan keldingiz? – deb so‘radim undan. 
– Aslida muloqotga o‘z muammom bilan kelganim yo‘q, mahallamiz ahli nomidan keldim, – deya tetik javob berdi u. – Shu vaqtga qadar mahallamiz ahlini qiynab kelayotgan muammolar ko‘p edi. Nihoyat bugungi sayyor qabulda aholidan kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularning salmoqli qismi joyida hal qilindi. Endi ko‘ngilni ko‘tarib, mahallamiz rivoji uchun mehnat qilamiz.

Umuman, sayyor qabul davomida 20ga yaqin muammo va takliflar o‘rtaga tashlanib, ularning aksariyati joyida hal etildi, qolganlari qat’iy nazoratga olindi. 

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1208
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+