Natija yomonmas, samarani ko‘ramiz

21.04.2022, 14:23

Natija yomonmas, samarani ko‘ramiz

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –  O’zbekiston Liberal- demokratik partiyasining quyi bo‘g‘inlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari yakunlandi.

2022 yilning 15 fevralidan 15 apreliga qadar mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zLiDePning tayanch tuzilmalarida an’anaviy hisobot-saylov tadbirlari tanqidiy tahlil tarzida o‘tkazildi. Unda boshlang‘ich partiya tashkiloti (BPT) raislarini saylash, bir yillik faoliyatini sarhisob qilish, faolligi sezilarli darajada bo‘lmagan quyi bo‘g‘inlarni kuchaytirish, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sabablarini o‘rganish, partiya saylovoldi platformasida ilgari surilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda yangi ish rejalar belgilab olish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

“Yangi O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga oid davlat Dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha partiyaning “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar kesimida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, mahalliy kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari vakillari va mutaxassis-ekspertlardan iborat tarkibda respublika bo‘ylab tuzilgan ishchi guruhlarning mingdan ortiq targ‘ibot-tashviqot tadbirlari ham hisobot-saylov yig‘ilishlari kun tartibiga kiritilgani bejiz emas.

Joriy yil 15 aprel holatiga 13 506 ta BPTda hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda 603 657 nafar partiya faollari ishtirok etdi. 1 336 ta BPT faoliyati tanqidiy baholandi va yangi raislar saylandi. 12 170 ta quyi bo‘g‘inda o‘z faoliyati bilan yil davomida o‘rnak-namuna ko‘rsatgan raislar qayta saylandi.

Ochiq muloqot tusini olgan hisobot-saylov yig‘ilishlarining 636 tasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari bevosita qatnashishdi. Shuningdek, 6 732 ta tadbirda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatlari ishtirok etgani ham diqqatga sazovor.

Kezi kelganda, hisobot-saylovlar statistikasiga hududlar kesimida yondashish ham foydadan holi bo‘lmasligi tabiiy. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 1 010 ta BPTda 73 ta quyi bo‘g‘inda yangi rais saylandi. Andijon viloyatida 761 ta yig‘ilishga 35 907 nafar partiya faoli jalb etildi. 38 ta quyi bo‘g‘inga yangi rais saylandi. Buxoro viloyatidagi 823 ta BPTning 26 tasida yangi rais saylandi. Jizzax viloyatida 862 quyi bo‘g‘inning 43 tasida boshchi o‘zgardi. Qashqadaryo viloyatida kam emas, 1 084 ta BPT bo‘lsa, shuning 132 tasida rahbar almashdi. Navoiy viloyatidagi 752 ta BPTning 36 tasida boshqa rais saylandi. Namangan viloyatida esa 1 001 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti raislari faoliyati keskin tanqidiy baholangani uchun yuqori ko‘rsatkich, ya’ni 320 tasida o‘zgarish sodir bo‘ldi. Samarqand viloyati BPTlar soni bo‘yicha poytaxtdan keyingi o‘rinda – 1 325 ta! Ochiq muloqotlar yakunida 174 ta quyi bo‘g‘inga yangi rais saylandi. Xuddi shunday tadbirlar Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilgani va ularda asosiy e’tibor son emas, sifatga qaratilgani xususida oldingi chiqishimizda xabar bergan edik.

Muxtasar aytganda, hisobot-saylov yig‘ilishlarining poytaxtimizdagi natijalari ham chakki emasligini alohida ta’kidlash joiz. Zotan, Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan 1 406 ta BPTning aksariyati yaxshi baholandi. Faqat 18 tasining ishi tanqid qilinib, ularni jonlantirish uchun yosh va shijoatli yangi raislar saylandi.

Umidjon ABDURAHMONOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

Boshlang‘ich partiya tashkilotlari

bilan ishlash sektori mudiri

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    458
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+