Tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammolar ijtimoiy tarmoqlarda ochilgan guruhlarda bartaraf etiladi

14.03.2018, 12:45

Tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammolar ijtimoiy tarmoqlarda ochilgan  guruhlarda bartaraf etiladi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Toshkent shahar va Yunusobod tuman Kengashi tomonidan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan ochiq muloqot o‘tkazildi.   

Muloqotda joriy yilning 27 fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida eksportni ko‘paytirish va importni qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi, bu borada tarmoqlar va hududlardagi ishlar holati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda belgilangan vazifalarning hududlardagi ijrosi atroflicha muhokama qilindi.

Mazkur masala yuzasidan fikr bildirgan partiya deputatlari endi sohadagi ishlarni tashkil etish va nazorat qilishning butunlay yangi tizimi joriy etilishi, eksportni tashkil etish, va monitoring qilishga mas’ul  shaxslar belgilanganligi hamda joylarda eksport bilan shaxsan viloyat hokimi va viloyat prokurorlarining birinchi o‘rinbosarlari shug‘ullanishini qayd etdi.

Ta’kidlaganidek, bu borada O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham o‘zining kuchli deputatlik korpusi vakillari orqali sohani yanada rivojlantirish, sohaga tadbirkorlarni jalb qilishda faol ishtirok etadi. Zero, eksportni oshirish va milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini ta’minlash partiyaning iqtisodiy sohadagi dasturining eng muhim qismi hisoblanadi.

Shuningdek, muloqot davomida mamalakatimizda xususiy mulk daxlsizligini himoyalash, iqtisodiyotda uning o‘rnini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini va biznes sharoitini yanada yaxshilash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

– O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qoshida faoliyat yuritayotgan ekspertlar guruhining fikricha, savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromadi va tovar operatsiyalarini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi Nizomida keltirilgan ayrim bandlarni bugungi kun talabiga moslashtirish lozim, – deydi partiya Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimi Nuriddin Murodov. – Unga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish maqsadida ayni chog‘da ekspertlar guruhi tomonidan hukumatga taqdim etish uchun takliflar ishlab chiqilmoqda. Shu bois bu jarayonda tadbirkorlarning ham ishtirokini ta’minlash maqsadida ushbu Nizom yuzasidan maxsus anketa so‘rovnomasi o‘tkazildi. Shu bilan birga ushbu so‘rovnomalar barcha tuman Kengashlari qoshida tashkil etilgan va ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish guruhlarida ham onlayn tarzda o‘tkazilayotir.

Tadbirda partiya tuman Kengashi va Xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining tadbirkorlikni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish hamda tadbirkorlarning faoliyatiga g‘ov bo‘layotgan to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan amaliy ishlarni yanada kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Murodjon O‘RINOV,

O‘zLiDeP Toshkent shahar

Kengashi matbuot kotibi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1264
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+