Piyodalarni aldayotgan svetofor

20.10.2022, 15:25

Piyodalarni aldayotgan svetofor

Hozircha muammo hal bo‘lmadi, lekin harakat boshlandi

YO’L HARAKATI QOIDALARI... “HAYOT QONUNI”GA AYLANIB QOLGAN BIR PAYTDA BA’ZAN SHUNDAY NOXUSH HOLATLAR HAM RO’Y BERYAPTIKI, YTHDA PIYODA YOKI HAYDOVHhILAR EMAS, BALKI CHORRAHALARDA O’RNATILISHI ZARUR BO’LGAN VA KERAKLI DASTURGA ASOSAN ISHLAYDIGAN SVETOFORLARNING YO’QLIGI SABAB BO’LMOQDA.

Ana shunday xavf tug‘diruvchi joylardan biri poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani “Feruza” mavzesi Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi bilan Feruza ko‘chalari kesishuvidagi chorrahadir. Tramvay yo‘li olib tashlanganidan so‘ng o‘rnatilgan svetofor noto‘g‘ri ishlab kelayotgani xususida fuqarolar tegishli idoralarga necha marta murojaat qilishgan. Lekin hech qanday amaliy chora ko‘rilmagan.

Yaqinda bir guruh fuqarolar, ya’ni saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ana shu jiddiy muammo o‘rtaga tashlandi. Aytilgan hududga mutaxassislar bilan borib, holatni o‘rganib ko‘rsak, rostdanam svetoforlarning ishlash vaqt oralig‘i noto‘g‘ri dasturlangan ekan. Ya’ni, piyodalar harakatlanishi uchun yashil chiroq yonsa, to‘g‘ridagi avtomashinalarga ham ham yo‘l ochilayotgandi. Oqibatda Feruza ko‘chasidan Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasiga (“Chimgan” chorrahasiga tomon) buriladigan transport vositalari piyodalarni umuman o‘tkazmayotganiga guvoh bo‘ldik.

Bu ham kamlik qilganidek, svetoforning piyodalar uchun teskari tomonga o‘girilgani juda noqulay holatni tug‘dirayotgandi. Xavfli tarafi, chapga burilayotgan avtomashina haydovchilari piyodalarga qaysi chiroq yonganini ko‘rmasligidir. Aynan shu svetoforning noto‘g‘ri ishlashi sababli mazkur chorrahada tez-tez YTHlar sodir bo‘lib turar ekan. Muammoga zudlik bilan chora topish zarurligi bois ikkita aniq taklif bilan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Yo‘l harakatini tashkil etish markazi davlat muassasasi rahbari nomiga deputatlik so‘rovi yubordim.

So‘rovimga asosan chorrahadagi svetoforning ishlash tartibini o‘rganish maqsadida tegishli mahkamalar mutaxassislari bilan birga o‘sha joyga bordik. Muammoni ijobiy hal etish uchun qo‘shimcha svetofor o‘rnatish lozimligi bo‘yicha taklif berilgach, qonuniy tartibda o‘lchov va sxema chizish ishlari amalga oshirildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, yangi yo‘l chirog‘i o‘rnatildi. Lekin yana fuqarolar svetofor takrorlovchi dublyor vazifasini o‘tayotganidan shikoyat qilishdi.

Tag‘in mutasaddilarga yuzlandim. Ular yana tekshirib ko‘rishdi va svetoforlarni to‘g‘ri dasturlash bo‘yicha aniq yechim topilmaganini aniqlashdi. Xatarli tomoni, piyodalar yo‘lning o‘rta qismida kutib turishlari, maydonning yetarli emasligi natijasida hatto yo‘lovchilar tirbandligi ham yuzaga kelsa bo‘ladimi. Bu muammoga ham yechim topish bo‘yicha murojaat etishga majbur bo‘ldim. Afsuski, bu takliflar inobatga olinmadi, ayrim sabablar ro‘kach qilindi. Qo‘l qovushtirib o‘tirmadim va yana Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi huzuridagi maxsus ekspluatatsiya-montaj boshqarmasi boshlig‘i bilan mazkur muammo yechimini topish bo‘yicha maslahatlashdik. Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi. Mas’ullar Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 martdagi 111-sonli qaroriga muvofiq, Toshkent shahrining 140 ta chorrahasida yangi loyiha asosida rekonstruksiya ishlari ishlab chiqilayotgani bois mazkur chorrahada ham yangi loyiha asosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, piyodalar uchun yo‘laklar tashkil etilishi rejaga kiritilganini ma’lum qilishdi. O’ylaymanki, shu bilan mazkur muammoning aniq va to‘g‘ri yechimi topildi.

S. KUMUSHYeV,

Xalq deputatlari Toshkent shahar

Mirzo Ulug‘bek tumani kengashi deputati

  • Ko'rildi
    366
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+