Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlandi

28.03.2023, 16:17

Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Emma Aslonovaning Buxoro tumanidagi bir qator korxona, tashkilot va muassasalarda o‘tkazgan uchrashuvlari yangilanayotgan Bosh qomusimiz mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlandi.

Jumladan, tuman hokimligi apparati mas’ul xodimlari, maktabgacha va maktab ta’limi mutasaddilari, madaniyat sohasi mutaxassislari, tibbiyot muassasalari rahbarlari va boshqa bir qator soha vakillari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda bosh qomusimizning inson huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi muhim normalari to‘g‘risida so‘z bordi.  

Har bir soha xodimlari uchun taalluqli bo‘lgan bo‘lim, bob va moddalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Ayniqsa, bugungi kunda kundalik turmushimizdan keng o‘rin olib borayotgan “inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida amalga oshiriladigan ishlar bosqichma-bosqich yangilanayotgan Konstitutsiyamizda mustahkam belgilab berilganligi ushbu muhim huquqiy hujjat Vatanimizning bugungi va keyingi navqiron avlod vakillari uchun tom ma’noda hayotbaxsh dastur ekanligi alohida ta’kidlandi.  

Bundan 32 yil oldin qabul qilingan Konstitutsiyamizni yangilashni hayotning o‘zi taqozo etgani bois, aniqrog‘i mamlakatimizda kechayotgan tub islohotlar ushbu muhim hujjatni qayta ko‘rib chiqishni kun tartibiga qo‘ygani, shuning uchun o‘tgan yilning may oyidan boshlab u umumxalq muhokamasiga qo‘yilganligi xususida uchrashuvlarda atroflicha so‘z yuritildi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan,  madaniyat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarning vakillaridan ayniqsa yurtimiz aholisining ko‘pchiligini tashkil etadigan yoshlardan tushgan takliflarning aksariyati Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan hisobga olinib, Qonun loyihasiga kiritilganligi mamlakatimiz taqdiri va yurtdoshlarimizning keyingi hayoti Yangilanayotgan Konstitutsiyaga bevosita bog‘liq ekanligi qayd etildi.  

Shuningdek, uchrashuvlar chog‘ida so‘nggi olti yil davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlarga qulay sharoit yaratish maqsadida muhim qonunlar, davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari qabul qilinganligi, mamlakatimizda o‘qituvchi kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish, muallim va ustozlarning qadri, sha’ni va g‘ururini tiklash, ularning moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratilganligi, tibbiyot sohasi va soha egalarining huquqlari yanada kengayayotganligi va bu normalar ham Konstitutsiyamizda mustahkamlanayotganligi alohida ta’kidlandi.  

Uchrashuvlarda Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda barcha soha xodimlari faol ishtirok etishi ularning yurtimiz taqdiriga befarq emasliklaridan dalolat berishi qayd etildi.  

Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga deputat E.Aslonova tomonidan batafsil javob berildi.  

Zarif Komilov, O’zA

  • Ko'rildi
    127
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+