Yangilanayotgan Konstitutsiya: Davlat yoshlar himoyachisi

04.04.2023, 16:35

Yangilanayotgan Konstitutsiya: Davlat yoshlar himoyachisi

Bugun yurtimizda yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yangilanayotgan Konstitutsiyada ham ko‘plab soha va yo‘nalishlar qatorida yoshlar masalasiga alohida ustuvorlik berilgan.

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi o‘zaro hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbatida ham shu haqda so‘z bordi.

Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida tashkil etilgan tadbirda O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov, Toshkent davlat Yuridik universiteti dotsenti Ikrom Ergashev, Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi partiya deputati Li Vadim Gennadiyevich hamda faollar ishtirok etishdi.

Unda so‘z olganlar asosiy e’tiborni “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida yoshlarga oid qator normalar o‘z ifodasini topayotganiga qaratishdi.  

Tadbirda qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi bilan davlat o‘z zimmasiga yana bir mas’uliyatni olmoqda. U ham  bo‘lsa, davlat yoshlarni o‘z himoyasiga olishi masalasi. Yoshlar huquqlari aks etayotgan alohida moddaga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi. Ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi belgilanmoqda.   

O’qish, munosib ish topish, oila qurish, uyli bo‘lish masalasi har bir yoshni jiddiy o‘ylantiradigan, qiynaydigan masalalardan bo‘lib, bularning barini birdaniga hal qilish juda mushkul. Shu bois davlat endilikda bu kabi masalalarni o‘z zimmasiga olmoqda. Ya’ni, yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ishga joylashishi, uy-joyga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada alohida bir bobning oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangani, yoshlar huquqlarini himoya qilishga doir o‘zgarish va yangilanishlar yoshlar vakillari tomonidan mamnuniyat bilan e’tirof etilmoqda.

O’zaro qizg‘in tarzda kechgan suhbatda ishtirok etgan qatnashchilar mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi.

Yurtimizda kechayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga befarq bo‘lmasdan, umumxalq referendumida faol ishtirok etishga chorlashdi.

 

  • Ko'rildi
    1580
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+