Bugunidan rozi xalqning ertasi porloq

17.04.2023, 16:05

Bugunidan rozi xalqning ertasi porloq

Denov tumanidagi ekobog‘da yangilanayotgan Konstitutsiya tashviqotiga bag‘ishlangan event tadbiri o‘tkazildi.

Unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, Yozuvchilar uyushmasi raisi, partiya Siyosiy kengashi a’zosi Sirojiddin Sayyid, viloyat faxriylar kengashi raisi, O’zbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev, viloyat kengashi raisi Alisher Ro‘ziyev hamda deputatlar, yoshlari, faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilgari amal qilib kelingan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirilayotgani, unda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinganini ta’kidlashdi. Qolaversa, inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar bir necha karraga ortayotgani, o‘z navbatida davlatning ham xalq oldidagi majburiyati bir necha baravarga ko‘payayotganiga alohida urg‘u berishdi.

Shuningdek, tadbirda Konstitutsiyada tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asoslar yaratilayotgani ham aytib o‘tildi.

E’tirof etilganidek, inson dunyoda umid bilan yashaydi. “Orzularimga yetay, shinam uy-joyim bo‘lsa, yon-atrofimda qulay sharoit, bekamu ko‘st muhit hukm sursa, jamiyatga, ra’iyatga, davlatga, oilamga, ota-onamga, do‘stu yorlarga, mahalla-ko‘yga, qishlog‘imga, yurtimga foydam tegsa, murodu maqsadim ushalsa”, deydi. Keksalar “Odam bolasi hayotdan rozi bo‘lsa, tog‘ni talqon qiladi” deyishadi.

Prezidentimiz har bir inson umid bilan yashar ekan, ertaga, indin yoki undan keyin emas, hozir, shu bugun niyatiga yetishini, umridan, hayotidan, har bir kunidan rozi, mamnun bo‘lishini istaydi. Yangilanayotgan Konstitutsiya bizga ana shu imkoniyatlarni beradi.

Bu – ulug‘vor maqsad, ezgu amal, abadiyatga daxldor fikratdir. Zero, bugun odamlarni rozi qilish kelajagimizni go‘zal, betakror, ulkan salohiyat va qudrat kasb etishini ta’minlaydi. Bu, inkor qilib bo‘lmas haqiqat. Chunonchi, baxtli odamlargina dunyoni yangilashga, o‘zgartirishga qodir.

Demak, bunga amalda erishish uchun bo‘lajak referendumda faol bo‘lishimiz hamda yangilanayotgan konstitutsiyaga ovoz berishimiz joiz.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati kengashi

matbuot xizmati

 

  • Ko'rildi
    181
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+