Jizzax viloyatidagi joriy yilning eng ishbilarmon ayollari aniqlandi

17.08.2023, 16:24

Jizzax viloyatidagi joriy yilning eng ishbilarmon ayollari aniqlandi

Jizzax shahridagi “Yoshlar innovatsion markazi”da   “Yangi hayot uchun, Yangi O’zbekiston uchun!” shiori ostida  “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik –tanlovining hududiy respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Oliy  Majlis qonunchilik palatasi deputati Feruza Nigmatova, O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi apparat rahbari Sherzod Mamatqulov, partiya viloyat Kengashi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nozima Tugalova, hamkor tashkilotlar xodimlari,  mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari va keng jamoatchilik vakillari hamda ko‘rik-tanlovning shahar va tuman bosqichlari g‘oliblari ishtirok etdilar.

Ta’kidlash lozimki, mazkur ko‘rik-tanlov viloyat ishbilarmon ayollari o‘rtasida allaqachon o‘z mavqei va obro‘siga ega bo‘lib ulgurdi. Tanlovda ishtirok etishning o‘ziyoq ishbilarmon ayollar, tadbirkorlik faoliyatini endigina boshlagan qizlar uchun o‘ziga xos faxr-iftixorga aylangan.

Joriy yilda ko‘rik-tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 100 dan ziyod tadbirkor va fermer ayollar o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi. Ularning ichida g‘olib, deb topilgan ishbilarmon ayollar ko‘rik-tanlovning hududiy respublika bosqichiga yo‘llanma oldilar.

Ko‘rik-tanlov davomida tajribali hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma va taqdim etilgan hujjatlarni ko‘zdan kechirib xolisona baholab bordilar.

Baholash jarayonida ishtirokchilar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyati, investitsiyalar jalb qilish va shu kabi mezonlar alohida e’tiborga olindi.

Hakamlar hay’atining xulosalariga ko‘ra, Forish tumanidagi Yakka tartibdagi tadbirkor Laylo Ilhomova g‘olib deb topilgan bo‘lsa, Do‘stlik tumanidagi “Do‘stlik sumka brend” MChJ rahbari Zuhra Yigitova ikkinchi,  Sharof Rashidov tumanidagi “Mahmuda Zarina Zarifa” MChJ rahbari Zarifa Anorboyeva uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Ko‘rik-tanlov yakunida barcha  ishtirokchilarga tashkilotchilarning Tashakkurnomalari va estalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

O`zLiDeP  Jizzax viloyat Kengashi Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    188
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+