Surxonning yangi tashabbuskor, tadbirkor ayollari kashf qilindi

21.08.2023, 16:33

Surxonning yangi tashabbuskor, tadbirkor ayollari kashf qilindi

Termiz shahridagi Yoshlar markazida mustaqillikning 32 yilligiga bag‘ishlab “Yangi hayot uchun, Yangi O’zbekiston uchun!” shiori asosida O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi, shuningdek, Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamkorligida “Ishbilarmon ayol-2023” ko‘rik-tanlovining Respublika hududiy bosqichi o‘tkazildi.

Unda tanlovning shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan fermer, tadbirkor, hunarmand xotin-qizlar ishtirok etdi.

Xotin-qizlarni oilaviy tadbirkorlikka, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlikka jalb etish hamda bandligiga ko‘maklashish orqali yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan ko‘rik-tanlov o‘nlab ishbilarmon ayollarni kashf etib kelmoqda.  Bu yilgi ko‘rik-tanlovda ham yangi qiyofalar, yangi tashabbuskor, hunarmand va tadbirkor ayollarimiz ko‘pligiga amin bo‘ldik.

Tadbir avvalida, tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 15 nafar ishtirokchi tomonidan keltirilgan mahsulotlarining ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ular orasida poliz ekinlaridan tortib qandolat mahsulotlarigacha, tikuvchiligu, gul savdosi, yog‘och o‘ymakorligi, gilamdo‘zlik bilan ham o‘zining, ham atrofidagi ko‘plab ayollarning ro‘zg‘orini obod qilayotgan g‘ayratli xotin-qizlarimizning ham qo‘l mehnatlari, ishlab chiqargan mahsulotlari namoyish qilindi.

— Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Mehrabod» mahallasida necha yildirki, gulchilik, tikuvchilik bilan shug‘ullanib, ko‘plab shogirdlar orttirdim, — deydi «Begoyim Nafosat» xususiy korxonasi rahbari Nilufar Musurmonova. — Hozirda tabiiy gullar bilan birgalikda, sun’iy gullardan ham dekorativ buyumlar yasab, sotayapmiz. Bugungi kunda bu mahsulotlarimiz ham xoridorgir. Qolaversa, 2 ta tikuvchilik sexi ham ochganmiz. Yana yaqinda to‘quv iplari yordamida qo‘g‘irchoqlar yasashni ham yo‘lga qo‘ydik. Shu ishlarni orqasidan mahalladagi 50 nafar kishini ish bilan ta’minladim. Ularning aksariyati daftarda ro‘yxatda turadigan ayollar va yoshlardan iborat. Kelgusida tumanimizda hunarmandchilik markazi ochishni ham rejalashtirganmiz. Bugun ana shu tayyor mahsulotlarim bilan «Ishbilarmon ayol-2023» ko‘rik-tanlovida birinchi bor ishtirok etdim. Albatta, partiyaning biz kabi tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlayotgani bizga yanada kuch va shijoat bag‘ishlaydi.

Tadbir davomida hamkor tashkilotlar mas’ullaridan tarkib topgan hakamlar hay’ati ishtirokchilarning faoliyatiga oid rolik, tegishli hujjatlar bilan tanishishdi. Shundan so‘ng, har bir nomzod o‘zining ishlab chiqarayotgan mahsuloti, uning sifati, yaratgan ish o‘rni va sotuvi, eksport hajmi haqida ma’lumot berishdi. Hakamlar hay’ati esa ularni belgilangan nizom asosida odilona baholab borishdi.

Natijalarga ko‘ra, Muzrabot tumanidagi «Tilov Hoji» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi raisi Shoira Tilovova ko‘rik-tanlovning hududiy respublika bosqichi g‘olibi deb topildi.

— 100 gektar maydonni egallagan fermer xo‘jaligimiz asosan, paxta va g‘alla yetishtirishga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, qo‘shimcha ravishda boshqa tarmoqlarni ham yo‘lga qo‘yganmiz, — deydi «Tilov Hoji» fermer xo‘jaligi rahbari Shoira Tilovova. — Yana xo‘jaligimizda dukkakli ekinlardan mosh, lovya, guruch yetishtiriladi. Bundan tashqari, issiqxona ham tashkil qilib, unda sabzavotlardan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri ham yetishtiriladi. Yana tikuvchilik sexi ham ochib, unda 12 nafar kishi mehnat qilmoqda. Fermer xo‘jaligimizda esa 70 dan ortiq kishi ish bilan band. O’zLiDeP tomonidan o‘tkazilgan mazkur ko‘rik-tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdim va bundan judayam quvondim. Mendek bir qishloq ayolining mehnatini qadrlab, munosib baho berishgani menga boshqacha motivatsiya berdi. Bugun shunday  ayol tadbirkorlari qo‘llab-quvvatlanayotgan jamiyatda yashayotganimdan faxr tuydim.

Ko‘rik-tanlovda «Saodat Denov Textile» xususiy korxonasi rahbari  Zarina Toshmuratova 2-o‘ringa, «Begoyim Nafosat» xususiy korxonasi rahbari Nilufar Musurmonova 3-o‘ringa munosib ko‘rildi. G’oliblar diplom hamda pul mukofoti bilan, qolgan ishtirokchilar ham tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    178
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+