Eng munosiblar saralandi

28.08.2023, 14:53

Eng munosiblar saralandi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash va eng muhimi, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur yo‘nalishni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar natijasida opa-singillarimizning ijtimoiy faolligi oshirilib, turmush farovonligi yuksalmoqda.

Mamlakatimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz ikki yillik to‘yi ostonasida Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida "Ishbilarmon ayol – 2023" ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati hududiy respublika bosqichi ham bu boradagi amaliy ishlardan biri bo‘ldi.

Negaki, ko‘rik-tanlov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy islohotlar, siyosiy jarayonlar tub mazmun-mohiyatini keng targ‘ibot-tashviqot qilishda, yurtimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida faol ishtirok etayotgan shijoatli, tashabbuskor xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning vatanimiz kelajagi yo‘lidagi intilishi, izlanishlaridagi faol ishtirokini rag‘batlantirish tufayli bugunning zamonaviy tadbirkor ayol qiyofasini yaratish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Bu yil sakkinzinchi marta o‘tkazilayotgan tanlovda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Pak Viktor Nikolayevich, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, partiya viloyat Kengashi mas’ul xodimlari, hududiy va mahalliy kengashlardagi partiya deputatlari, tanlovning tuman va shahar g‘oliblari, tadbirkorlar, partiya faollari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Ko‘rik-tanlov doirasida viloyatda faoliyat yuritayotgan salohiyatli fermer, tadbirkor va ishbilarmon ayollar rahbarligidagi korxonalar mahsulotlari namoyish etilgan ko‘rgazma taqdimoti ham o‘tkazildi.

Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari faoliyatiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O'zLiDeP, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi, O’zbekiston kasaba uyushmalari  federatsiyasi,  Savdo-sanoat palatasi  vakillaridan iborat odil hakamlar hay’ati a’zolari xolisona baho berishdi.

Hakamlar ishtirokchilarni baholashda ularning eksport va import salohiyati, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi faolligi, nogironlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda amalga oshirgan xayrli ishlari, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning xohish-istaklari, har bir hududning ichki xususiyatlaridan kelib chiqib, biznesga yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirgan aniq amaliy ishlari singari jihatlarini inobatga olishdi.

Hakamlar uchun eng munosib “Ishbilarmon ayol – 2023”ni aniqlash oson kechmagan baholash jarayoni yakuniy natijalariga ko‘ra, Parkent tumanidagi «Zarkent Gavhari» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Rizayeva Gavxar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Ikkinchi o‘ringa Angren shahridagi “Yangiobod  kelajak  sari” oilaviy korxonasi rahbari Uralova  Oysha , uchinchi o‘ringa Ohangaron shahridagi “Pokizaxon” MChJ rahbari Baxodirova  Zarifaxon  loyiq deb topildi. 

Shuningdek, qolgan nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, partiyaning diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Tanlov davlat mustaqilligining 32 yillik bayrami munosabati bilan partiya viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan bayram konsertiga ulanib ketdi.

 Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    111
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+