O’zbekistonda ovchilik guvohnomasini olgan yagona ayol ekanligimdan faxrlanaman

22.09.2023, 16:27

O’zbekistonda ovchilik guvohnomasini olgan yagona ayol ekanligimdan faxrlanaman

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotganimga qariyb 30 yil bo‘ldi. Ishni G’ijduvon tumani markazida oila a’zolarim bilan birga bino qurib, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatishdan boshlaganmiz. Oradan ko‘p yillar o‘tar-o‘tmas ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Firdavs Amon O’ktam omadi” MChJga qarashli savdo maj muasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilganligi tadbirkorlikni yanada kengaytirish imkonini berdi. Xullas, 2019 yilga kelib “Gold Opel Firdavs” MChJ tasarrufidagi shinam mehmonxonani ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldik. Bu yerda 40 dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratildi. Shu tariqa xorijiy mehmonlar va mahalliy sayyohlarga namunali xizmat ko‘rsatish asosiy yo‘nalishimizga aylandi.

Ziyoratchilar yurtimizning o‘ziga xos flora va faunasiga qiziqishini, noyob tabiati bilan yaqindan tanishish istagida ekanini, qolaversa, shahar shovqinidan uzoqroqda ma’lum muddat dam olish xohish-istagini inobatga olib, viloyatimizda ekoturizmni rivojlantirishga qaror qildik va “Baraka” MFY hududida ekomaskan tashkil etdik. 33 gektarlik yer maydonida 1 milliard so‘m va USAIDning 31 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘i evaziga barpo etilgan ekomaskan keyingi faoliyatimizni yangi bosqichda olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi. Cho‘l zonasida 40 mingga yaqin turli-tuman ko‘chatlar ekildi. Dam oluvchilar uchun o‘tovlar o‘rnatilib, mehmonlarga barcha sharoitlar yaratildi. Mahalliy va xorijiy sayyohlar 5 gektarda bunyod etilayotgan suv havzasida baliq ovlashi, xushmanzara joylarni tomosha qilishi, ot va tuyalarda sayr etishi mumkin.

Mening yana bir sevimli mashg‘ulotim bor, bu – ovchilik. Bolalikdan boshlangan bu qiziqishim rahmatli otamdan o‘tgan. Mana, 20 yildirki, ovchilikka mehr qo‘yganman. O’zbekistonda ovchilik guvohnomasini olgan yagona ayol ekanligimdan faxrlanaman. Har gal tabiat qo‘yniga chiqqanimda uning go‘zalligidan o‘zgacha bahra olaman. Fusunkor yurtimizga sayyohlarning yil sayin qiziqishi ortayotganidan quvonaman. Binobarin, inson qadri ulug‘lanayotgan betakror, jannatmonand yurtga sadoqat bilan xizmat qilishning o‘zi oliy baxt.

Imkonim boricha atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga hissa qo‘shib kelyapman. Yaqinda mahallamizdagi 1,7 kilometr yo‘lni qayta ta’mirlab, asfalt yotqizishga ko‘maklashdim. Mahallamiz hududiga 2 ming tup gul ko‘chatlari ekilishida ham boshqosh bo‘ldim.

Oilamiz a’zolari bilan ikki yilcha avval yana bir xayrli ishga qo‘l o‘rgan edik. Tashlandiq holatga kelib qolgan “Koinot” bolalar oromgohi hududini obodonlashtirib, ushbu maskanni yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida bolajonlar uchun foydalanishga topshirishga muvaffaq bo‘ldik.

Bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda, avvalo, O‘zLiDeP tomonidan ishbilarmon ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli ko‘rik-tanlovlarning o‘tkazilishi ishtirokchilarga o‘zgacha ishtiyoq va motivatsiya beryapti.

Kamtarona mehnatlarim hisobga olinib, “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim menda yangi marralarni zabt etishga, ko‘nglimga tugib qo‘ygan orzu-istaklarimni to‘liq amalga oshirishga rag‘bat uyg‘otdi. Zero, ayoli ulug‘langan yurt yuksalaveradi, deya bejiz aytilmagan.

Iqlima JO’RAYEVA,

“Firdavs Amon O’ktam omadi” MChJ rahbari,

“Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi g‘olibi,

“Shuhrat” medali sohibi

 

  • Ko'rildi
    202
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+