“O’zbekiston–2030” strategiyasi: Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlari joriy etiladi

29.09.2023, 12:15

“O’zbekiston–2030” strategiyasi: Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlari joriy etiladi

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalar bilan ishlash bo‘limi hamda Yakkabog‘ tuman kengashi hamkorligida tumandagi “Sitora Imkon Plyus” nodavlat ta’lim muassasida “O’zbekiston-2030” strategiyasining mazmun-mohiyatini yoshlarga, elektorat vakillariga xalqchil tilda va usulda yetkazish, ta’lim muassasalarida nurli istiqbol mayog‘i bo‘lgan mazkur muhim hujjat targ‘iboti samaradorligi va ta’sirchanligini oshirishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Tadbirda so‘z olgan tuman kengashi deputati Nargiza Salomova aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi, yosh avlodning barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha sharoitlarni muhayyo etish, iqtidorlarini namoyon etishi uchun g‘amxo‘rlik qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida muhim vazifalar o‘rin olganligini alohida qayd etdi. 

- Strategiyada yoshlarga oid davlat siyosati va sport yo‘nalishlaridagi islohotlar bo‘yicha qator vazifalar, xususan zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish tizimini yaratish, intellektual salohiyatini oshirish, ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish, yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish hamda sohada xizmatlar eksportini oshirish borasida ulkan maqsad va tashabbuslar ilgari surilgan, -dedi vohaning taniqli tadbirkor ayoli Nargiza Salomova . – Mazkur muhim hujjatda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, vertikal tizimni yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshirish, kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodning kuch-g‘ayrat va shijoatini Yangi O’zbekistonni bunyod etish borasidagi ulug‘vor ishlarga sari yo‘naltirish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Yurtboshimiz siz yoshlarni doimo mamlakatimiz tayanchlari, istiqbolimiz bunyodkorlari deb e’tirof  etarkanlar, buyuk mamlakatni barpo etishda faqat sizning iqtidoringiz, kuchi g‘ayratingiz va shijoatingizga tayanishlarini  qayta-qayta ta’kidlaydilar. 

Tadbirda yosh avlodning  bilim va hunar  o‘rganishlari uchun g‘amxo‘rlik qilish, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun ta’lim muassasalari bilan deputatlar tizimli hamkorligiga erishish, kelajagimiz davomchilari o‘z kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishda   ishtirokini his etishi, salohiyatini namoyon etishi, orzu umidlarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga ega bo‘lishi uchun ko‘maklashish, eng dolzarb muammolariga partiya deputatlari va faollari bilan birgalikda yechim izlash borasida amaliy takliflar bildirildi.

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

Matbuot xizmati.

  • Ko'rildi
    150
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+