Davlatimiz ravnaq topishi yo‘lida hech qachon izlanish va intilishdan to‘xtamaymiz

29.09.2023, 16:13

Davlatimiz ravnaq topishi yo‘lida hech qachon izlanish va intilishdan to‘xtamaymiz

– O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur ko‘rik-tanlovda oddiy mehnatimni yuksak baholab, xotin-qizlar uchun qo‘shimcha ishchi o‘rni yarata olgan, eksportga yo‘naltirilgan yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishga asoslangan, o‘z faoliyatida uchrayotgan muammolar, g‘ov va to‘siqlarni oqilona tarzda bartaraf etgan, bilim va tajribasini amalda qo‘llashga qodir ishbilarmon ayollar safida g‘oliblikka munosib ko‘rilganimdan, rostini aytay, astoydil quvondim.

Bunday e’tirofni mamlakatimizda xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor har qachongidan yuksak ekanining yaqqol namunasi, deb bilaman. Shunday tanlovlar tadbirkorlik sari dadil qadam tashlayotgan ko‘plab opa-singillarimizning kashf etilishiga va ularga kuchli motivatsiya bag‘ishlashiga ishonaman.

“AZALIUM” xususiy korxonasi 2003 yil 28 oktyabrda tashkil etilgan. Ishlab chiqarish faoliyatimizni esa 2004 yilning iyun oyidan boshlaganmiz.

Korxonamizdagi texnologik jarayonlar bir necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, trikotaj matolarni kesish, mahsulotni bichish, tozalash, issiqlik bilan ishlov berish va qadoqlash ishlari ketma-ket bajariladi. Dastlab 7 ta tikuv mashinasi bilan ishga kirishgan bo‘lsak, hozirda texnologik jihozlar soni 130 tani tashkil etadi. Shulardan 80 tasi tikuv mashinalaridan iborat. 2011 yilda korxonaning mulkchilik shakli mas’uliyati cheklangan jamiyatga o‘zgartirildi.

Ayni paytda mamlakatimizda eksportbop kiyim-kechak ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha barqaror tendensiya kuzatilmoqda. Shunga ko‘ra, ham ichki, ham tashqi bozorda o‘z o‘rnimizni topish uchun tinmay izlanyapmiz. Tahlillar korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar aholi ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilishi zarurligi barobarida chet el talablariga moslashishning ahamiyati muhimligini ko‘rsatmoqda. Asosiy maqsadimiz – bozorni yuz foiz paxta tolasidan tayyorlangan yuqori sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish.

“AZALIUM” MChJ O’zbekistondagi kichik biznes tarmog‘ining vakili bo‘lib, bugungi kunda 217 nafar xodim, jumladan, 100 nafar tikuvchi mehnat qilmoqda. Joriy yilda sotish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 83 foizga, shu jumladan, mahsulot eksporti yil davomida 70 foizga oshdi.

Bu kabi yutuqlarga erishishimizda, tadbirkorlarni yaqindan qo‘llab turgan davlatimiz rahbaridan, yelkadoshlik va maslakdoshlik qilayotgan O‘zLiDeP mutasaddilaridan minnatdormiz. Modomiki, davlatimiz ravnaq topishi yo‘lida hech qachon izlanish va intilishdan to‘xtamaymiz.

Aziza YUSUPOVA,

“AZALIUM” xususiy korxonasi rahbari,

“Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi g‘olibi

  • Ko'rildi
    112
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+