Deputat boshchiligida 200 tup ko‘chat ekildi

06.11.2023, 18:52

Deputat boshchiligida 200 tup ko‘chat ekildi

Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Zomin tumanida ham «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumi qizg‘in davom etmoqda.

Zomin tumanida loyiha doirasida  kuzgi mavsumda 553 ming 200 tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.

«Yangi O’zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!» shiori ostida amalga oshirilayotgan mazkur jarayonda mahalliy Kengashlardagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari ham faol ishtirok etmoqdalar.

Xalq deputatlari viloyat Kengashiga tumandagi 36-“Navoiy” saylov okrugidan saylangan tajribali maslakdoshimiz, partiya viloyat Kengashining raisi Erkin Xolmatov boshchiligidagi bir guruh partiya, mahalla va ekofaollardan iborat hasharchilar “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘chat ekish ishlarida faol ishtirok etdilar. Mazkur mahalla hududida ham kuzgi mavsumda 3 ming tupdan oshiq nihol ekish belgilangan.

Xashar oldidan partiya viloyat Kengashi raisi Erkin Xolmatov yig‘ilganlarga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan keng ko‘lamli ishlar va ularning ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

So‘ngra hasharchilar mahalla hududidan o‘tgan Elobod markaziy ko‘chasidagi yo‘l yoqasiga,  5-umumta’lim maktabi yonidagi bo‘sh turgan yerlarga 200 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdilar.

E’tiborli tomoni, ekilgan ko‘chatlarni kelgusida sug‘orish va parvarishlash ishlariga mahalla va ekofaollardan iborat mas’ullar belgilandi.

Shuningdek, deputat mutasaddilar va mas’ul shaxslar bilan birgalikda mahalladagi ijtimoiy ob’ektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini ham ko‘zdan kechirdi. Ko‘zga tashlangan kamchiliklarni shu yerning o‘zida bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rildi.

Xolbek ASATOV,

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi Siyosiy ta’lim va

deputatlik guruhlari bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    95
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+