Issiqxona – mo‘l daromad manbai

23.01.2024, 11:52

Issiqxona – mo‘l daromad manbai

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov Qashqadaryoda uchrashuvlari davomida Nishon tumanida tomorqachilikni rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishishdi.

Nishon tumanidagi “Janub mash’ali” mahallasida yashovchi Alisher To‘ychiyev tomorqachilikning hadisini olgan. U 1 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxonada pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri yetishtirib, voha bozorlariga chiqarib, har yili  150 mln. so‘m sof daromad olib kelmoqda. Bundan tashqari har yili 300 ming dona pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri ko‘chatlarini yetishtirib, viloyatdagi issiqxonachi tomorqachilarga sotadi. 20 nafar mahalladoshini doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlagan.

Bunday omilkor tomorqachilar G’uzor tumanida ham bisyor ekan.  Mehnatobod mahallasida yashovchi To‘lqin Muhammadiyev 20 sotix maydonda ko‘katlar yetishtirib, har yili 50 mln. so‘m daromad qilib kelmoqda. Uning mahalladoshi Sherzod Normurodov 5 sotix maydonda ko‘kat yetishtirib, ro‘zg‘origa baraka kiritib kelmoqda.

Yangiobod MFYda yashovchi Begali To‘rayev 24 yildan buyon gul yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi. Bugungi kunda turmush o‘rtog‘i Shahzoda Begimova bilan hamkorlikda 2 sotix maydonda 100 xil yer hamda tuvakda o‘stiriladigan gullarni yetishtirib, tuman bozorlariga chiqarishayapti. Ayniqsa, xitoy rozasi, gira, aloyi, fenus, palma, malachay, kalonxoy kabi tuvakgullarning xaridorlari bisyor.  Uning aytishicha,  oqova suv bahorda oylarida bir marta kelishi mumkin. O’shanda ham navbat tegmaydi. Suvni mashina sotib olib, hovuzga to‘qib, gullarni sug‘orishadi. Har yili sof daromad 20 million so‘mdan oshadi. Issiqxonani  kengaytirib, 6 nafar mahalladoshlarini  ish bilan ta’minlamoqchi.

Shu qishloqda yashovchi Mansur bobo yetmishdan oshgan bo‘lsa-da, farzandlariga bosh bo‘lib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayapti. Asalarichilikda ham hamqishloqlariga ustozlik qilib kelmoqda. Oila a’zolari asal, sut qatiq mahsulotlari, pomidor, bodring va ko‘katlar yetishtirib, yaxshigina daromad qilishayotir. Oila bekasi Nihoyat momo Rahmonova issiqxonada kelinlari bilan ishlab, sabzavot va turli xil ko‘katlar yetishtirib kelishadi. 2,5 gektar maydonda 4800 tup tok ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, orasiga piyoz ekib qo‘yishibdi. Piyoz mavsum davomida 12 marta suv ichishini hisobga olsak, tomorqachilarga ham oson emasligi oydinlashadi.  Toklar uyg‘onib, gullagunga qadar piyoz hosili yig‘ishtirib olinadi. Har yili 10 gektar maydondan 230 tonnadan oshirib sabzi olishib, bozorlarga chiqarishadi. Otaxonning ixtirosi bo‘lgan sabzi yuvish uskunasi barchani hayratga soldi.

A. Xaitov Mansur boboning farzandlariga 200 tonnalik sovutkich keltirish uchun bankdan moliyaviy ko‘mak ajratilishi hamda Chiroqchi tuman tomorqachilik ilmiy-amaliy markaziga qarashli yerlardan 10 gektarini savzavot yetishtirish uchun ajratib berishlarini bildirdi. Shuningdek, suvga chidamli olvoli, jiyda ko‘chatlarini ekish tavsiya berildi.

Ishchi guruhi a’zolari Qarshi tumani Istiqlol MFY Akish qishlog‘ida faoliyat olib borayotgan  oilaviy tadbirkor Yashin Ergashev xonadonida bo‘lishib, ko‘chat yetishtirish  borasidagi ishlari bilan tanishdilar. U har yili 400 ming dona ko‘chat yetishtirib, fermer xo‘jaliklari va tomorqachilarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan. 5 nafar mahalladoshini ish bilan ta’minlagan.  U kengash raisiga murojaat etib,  hovlisidagi issiqxona torligi, agar imkon bo‘lsa kattaroq yerni ijaraga olishda amaliy yordam berishini so‘radi. Shu kuni ishchi guruhi a’zolari tuman hokimi bilan hamkorlikda Mang‘it MFy hududidagi bir paytlar xo‘jalik tasarrufida  bo‘lgan, hozirda foydalanilmay yotgan 5 gektar yerni borib ko‘rishib,  ko‘chat va pomidor-bodring, sitrus mevalar yetishtirish uchun akishlik tomorqachiga ajratib berilishini ta’minladilar. Issiqxonani suv bilan ta’minlash borasida ham ko‘rsatmalar berildi.  

  • Ko'rildi
    67
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+