Hokimlar gazeta o‘qiyapti, vazirlar esa...

12.04.2018, 20:01

Hokimlar gazeta o‘qiyapti, vazirlar esa...

 “XXI asr” gazetasining shu yil 29 mart sonida e’lon qilingan “Hokimlar gazeta o‘qi(ma)ydi, vazirlar-chi?!” maqolasi keng jamoatchilikda iliq taassurot uyg‘otgan, “Ayni tilimizning uchida turgan gapni yozibsizlar”, “Matbuot joylardagi muammolarni dadil ko‘tarib chiqqani bilan, mutasaddilar parvosiga ham ilmayapti, hammasi eski hammom, eski tosligicha qolib ketyapti” qabilidagi munosabatlar bildirilgan edi.

Ne ajabki, maqolaning “asosiy qahramon”lari hamon quloq ham qoqib qo‘ymasdan, o‘zlariga suv yuqtirmasdan kelayotir. Mas’u­l­lar chini bilan gazeta o‘qimayotgani shundan ham yana bir karra ayon bo‘lib qoldi, aslida. Bu og‘ir sukunatni, xayriyatki, Samarqand viloyat hokimligidan kelgan rasmiy xat buzdi.

Javob maktubida “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasining 2017 yil 16 noyabr sonidagi “Tilimizga nomunosib munosabat mahsullari” maqolasida keltirilgan salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha Samarqand shahar hokimligi tomonidan tegish­li mutasaddi tashkilotlar va xodimlar mas’uliyatini yanada oshirish choralari ko‘rilgani aytilgan. Xususan, maqolada tilga olingan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgani, Samarqand shahridagi savdo do‘konlari, maishiy xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, korxona va firmalar peshtoqiga o‘rnatilgan nomlar, reklama bannerlari va pannolarning ma’naviyatimiz va mentalitetimizga mos kelishini o‘rganish hamda tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha 74 nafar ma’naviyat targ‘ibotchisi, shahar davlat soliq inspeksiyasi hamda shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlaridan iborat 14 ta ishchi guruhi tuzilgani bayon etilgan.

“Ishchi guruhi a’zolari oldiga maqolada ko‘rsatib o‘tilgan va boshqa kamchiliklarni aniqlash, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi, – deb yoziladi Samarqand viloyat hokimining o‘rinbosari A.Umarov imzosi bilan kelgan rasmiy xatda. – Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga mas’­ul bo‘lgan tegishli tashkilotlar mutasaddilari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi... Samarqand shahridagi aksariyat shiorlar yangilandi, peshlavhalar o‘zgartirildi. Mahalliy televideniye va gazetalarda targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda”.

Yaqinda Tojikiston bilan munosabatlar iliqlashib, chegara-o‘tkazish punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, qo‘shni mamlakatdan reportaj uyushtirgan hamkasblarimiz jamoat joylaridagi reklamayu e’lonlar, pannoyu bannerlar asosan davlat tilida ekanligidan havaslanib hikoya qilishdi. Sayyohlar eng ko‘p keladigan qadim Samarqand shahridan boshlangan ona tilimizga hurmat boshqa hududlarimizga ko‘chib, xorijlik mehmonlar bu borada bizga ham havas qiladigan kunlar tezroq kelsaydi, deymiz.

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    954
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Botir2018-04-13 09:36:35

Gazeta va jurnallarni o`qib turish uchun 1 soat vaqt ajratilsa yangiliklardan xabardor bo`ladi bu esa foydadan xoli emas


Doniyor2018-04-13 07:54:58

Maqolalarni ham davlat tilida yozilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi... Qachongacha oʻz yozuvimizda ish yurita olmaymiz...????????


Fikringizni qoldiring

+