Xususiy tibbiyot muassasalari: Namanganda mutaxassislar yetishmayaptimi?

27.03.2024, 12:17

Xususiy tibbiyot muassasalari: Namanganda mutaxassislar yetishmayaptimi?

Mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalarini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotgani hech kimga sir emas. Natijada keyingi yetti-sakkiz yil ichida sog‘liqni saqlash sohasida biznes sub’ektlarining ulushi sezilarli ravishda ortdi. Xo‘sh, ularda mehnat qilayotgan kadrlar, ayniqsa, tor doiradagi mutxassislar zamon talabiga javob beradimi? Ushbu savollarga Namangan viloyati misolida javob izlab ko‘ramiz.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan tibbiyot tizimidagi xususiy sektor vakillarining muammolarini aniqlash va ularga amaliy ko‘mak berish maqsadida tuzilgan ishchi guruhlari tuzilgan edi. Qisqa vaqt ichida mazkur ishchi guruhlar tomonidan qator o‘rganishlar o‘tkazildi. Dastlabki tahlillarga ko‘ra, xususiy tibbiyot muassasalarida malakali kadrlar yetishmovchiligi jiddiy masala sifatida aniqlangan holatlar ichida alohida o‘rin egallaydi.

         – Namangan viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan 525 ta xususiy tibbiyot muassasasida 2 ming nafar oliy ma’lumotli shifokor va 1200 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli hamshiralar xizmat qilib kelmoqda, – deydi Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, ishchi guruhi a’zosi Nargiza Muhammadiyeva. – Tanqidiy o‘rganishlar shuni ko‘rsatyaptiki, xususiy sektorda mutaxassislar yetishmovchiligi qariyb 40 foizni tashkil etadi. Ayniqsa, ginekolog, fizioterapevt va UZI mutaxassislariga talab juda yuqori.

Masalan, Uychi tumanidagi “Abdullo Ahror” medservis xususiy korxonasi boshlig‘i A’zamjon Qozoqovning ta’kidlashicha, u rahbarlik qilayotgan klinikada insult bo‘lgan bemorlarni reablitatsiya qilish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Lekin buni samarali va sifatli tarzda tashkil etish uchun zamonaviy tibbiyot jihozlari hamda malakali mutaxassislar yetishmaydi. Boshqa tibbiyot muassasalari vakillari ham xuddi shunday fikrda.

O‘zLiDePning mahalliy kengashlardagi deputatlaridan iborat ishchi guruhi oddiy savolni o‘rtaga qo‘yishdi: malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun qanday choralar ko‘rilyapti?

Ma’lum qilishlaricha, malakali mutaxasisslarga kuchli ehtiyoj sezayotgan bir nechta xususiy tibbiyot muassasalari mutasaddilari poytaxtimiz Toshkent va qo‘shni Andijon viloyatidagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga borib, bitiruvchi kurs talabalari bilan uchrashuvlar o‘tkazishgan, ularga o‘z xususiy klinikalarida yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar haqida ma’lumotlar berishgan. Natijada bitiruvchi talabalar orasidan Namangandagi xususiy tibbiyot muassasalariga ishga borish istagini bildirganlar ro‘yxati tuzilgan.

Shuningdek, ishchi guruh xususiy sektor bosh shifokorlari bilan o‘tkazilgan muloqotlarda xorijga malaka oshirishga yuborish tartibi haqida ham ulardan turli yo‘sindagi takliflarni eshitdi. Ya’ni, davlatga qarashli tibbiyot muassasalari mutaxassislari budjet mablag‘lari hisobidan, xususiy klinika vakillari esa o‘z yonlaridan malaka oshiradi. Bu esa endigina oyoqqa turib kelayotgan xususiy muassasalar uchun bir oz iqtisodiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun hozirgi shakllanish jarayonida ularni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonuniy asosda imtiyozlar yaratish haqida ham o‘ylash lozimligi ta’kidlandi.

Xulosa shuki, tibbiyot tizimida xususiy muassasalarning ko‘payib borayotganligi, albatta quvonchli hol. Lekin ularda bugun malakali mutaxassislarga bo‘lgan talab va ehtiyojning yuqori darajada ekanligi qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Yana bir jihati, yashirishga ne hojat, xususiy klinikalarda ishlayotgan shifokorlarning aksariyati ham davlat, ham bu tizimda faoliyat yuritmoqda. Bu, istaymizmi yo‘qmi, tibbiy xizmat sifatiga salbiy ta’sir etmasdan qolmaydi. Shuning uchun mamlakatimizdagi ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarida, texnikumlarda bu tarmoq muassasalari uchun ehtiyoj yuqori bo‘lgan malakali mutaxassislar tayyorlanishini ham hisobga olish, xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, bunda ilg‘or xalqaro tajribaga muvofiq o‘quv jarayoniga yangi ta’lim, tibbiyot va axborot texnologiyalari hamda usullarini keng ko‘lamda joriy etish, Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarning yetakchi tibbiyot markazlari va klinikalari bilan hamkorlikda yirik davolash-diagnostika muassasalari xodimlarining malakasini oshirishni tizimli yo‘lga qo‘yish lozim.

Komiljon FAYZIYEV,

O‘zLiDeP Namangan viloyati Kengashi faoli

  • Ko'rildi
    36
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+