Hisobot xo‘jako‘rsinga tayyorlanadimi?

Hisobot xo‘jako‘rsinga tayyorlanadimi?

Ayni paytda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida O‘zLiDePning 2276 nafar vakili faoliyat olib bormoqda. Shundan 291 nafari viloyatlar, 1707 nafari tumanlar va 278 nafari shaharlar kengashlari deputatlaridir.

Barcha bo‘g‘inlarda tashkil etilgan partiya deputatlik guruhlari tomonidan joylarda qonunlar ijrosi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining bajarilishi yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini eshitish va uning yakunlarini muhokama etish tajribasi ham son, ham sifat jihatdan o‘zini oqlayapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Masalan, shu yilning bugungi kuniga qadar 880 marotaba (2017 yilning mos davriga nisbatan 57 taga ko‘p) mahalliy hokimlik­lar hamda hududiy ijroiya idoralari rahbarlarining axborotlari tinglandi. Shundan 96 tasi viloyat kengashlaridagi deputatlik guruhlari tomonidan tashkil etilgan bo‘lsa, tuman (shahar) kengashlaridagi eshituvlar soni 784 taga yetdi.

Sifatdagi ijobiy o‘zgarishlar eshituvlar mavzusida asosiy yo‘nalishni O‘zLiDePning dasturiy maqsadlaridagi ustuvor vazifalar egallagani misolida yaqqol namoyon bo‘ladi. Masalan, xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi deputatlik guruhida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 avgustdagi “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Odilxon Rustamovning hisoboti tinglangan bo‘lsa, Samarqandda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan, import o‘rnini bosuvchi va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalarni barpo etish bo‘yicha viloyat investitsiya boshqarmasi boshlig‘i Jamshed Musayevning axboroti eshitildi.

Bunday yondashuvni tuman (shahar)lar kesimida ham ko‘rish mumkin. Xususan, xalq deputatlari Parkent tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhida davlatimiz rahbarining 2018 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respub­likasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni yuzasidan tumanda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida Turizmni rivojlantirish departamenti hududiy bo‘limi boshlig‘i Z.Yo‘ldoshevning hisoboti eshitildi. Uchquduq tumanida esa Navoiy viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i J.Bobomurodov deputatlarimizning savollariga bevosita javob qaytardi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Ammo biz bugun o‘z faoliyatidan qoniqqan rivojlanishdan to‘xtaydi, degan qoidaga amal qilgan holda eshituvlarning natijadorligi, bunday tadbirlar qaysi hududda qanday samara berayotgani, ba’zi yig‘ilishlarning rasmiyatchilikdan o‘zga nafi yo‘qligi, ijroiya organlarining ayrim rahbarlari deputatlarga hisob berishga hamon ikkinchi darajali masala sifatida qarashi xususida so‘z yuritmoqchimiz.

Aslida mutasaddilar hisoboti rasmiyatchilik uchungina tayyorlanadi, degan fikrni aytishdan yiroqmiz. Biroq, xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlarida yaqinda o‘tkazilgan ayrim eshituvlar yakunlarini tahlil qilish asnosida bu borada endi jiddiy yondoshuvlar kerak, degan xulosaga keldik. Negaki, deputatlar huzurida silliqqina hisobotlarni o‘qib berish bilan cheklanayotgan mas’ullarni ham ko‘rdik. Shu ma’noda quyida keltiriladigan fikrlarni mahalliy kengashlarga saylangan vakillarimiz o‘zlari a’zo bo‘lgan deputatlik guruhlari faoliyati misolida yangicha nazar bilan qiyoslab ko‘rishidan va xolisona xulosa chiqarishidan umidvor ekanimizni alohida ta’kidlashni istardik.

Tilga olinayotgan tadbirlarning barcha joylarda kutilgan natijani bermayotganining ob’ektiv-sub’ektiv sabablari talaygina: eshituv mavzusini tanlashdan tortib, yakunini bayonlashtirishgacha bo‘lgan jarayonda yo bilim va salohiyat yetishmasligi, yo shunchaki mas’uliyatsizlik, qo‘l uchida ishlash oqibatida yuzaga kelayotir.

Dastlabki omil hisobdorlarning deputatlik guruhi yig‘ilishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rmasligi bilan izohlanadi. Ko‘pgina tashkilotlar mutasaddilari kun tartibidagi masalani ishtirokchilarga oldindan tarqatma materiallar, ya’ni qiyosiy jadvallar, taqdimotlar, xalqaro va mahalliy tajribaning tahlili jamlangan diagrammalarni taqdim etish ta’sirchanlikni oshirishiga e’tibor qaratishmaydi.

Deputatlik guruhlarining tadbirlari ba’zida tor doirada, juda kichik auditoriyada o‘tkazilishidan ko‘z yumish mushkul. Taklif etilganlar-ku, mayli, guruh a’zolari to‘liq qatnashmaydigan tadbirlarni boshqacha ta’riflash chindan-da qiyin. Ayrim hollarda “Bu kabi rasmiy eshituv-hisobotlarning partiya a’zolari, elektorat vakillariga qanday nafi tegadi?” degan birlamchi savol ham ochiq qoladi. Mazkur yig‘ilish tafsilotlaridan saylovchilarning xabardorlik ko‘rsatkichi past. Vaholanki, matbuot kotibi, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis yoki PR-menejer kabi vazifalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar uchun hozirda juda katta imkoniyatlar yaratilgan. Barcha viloyatlar va tuman (shahar)lar kesimida ijrochi kotib shtatlari kiritilgan.

Tadbirni yoritish uchun kelgan teleradio kanallari, elektron OAV muxbirlariga tanlangan mavzuning ichiga kirishiga amaliy ko‘mak berish va ularni “qurollantirish” masalasida hamon loqaydlik alomatlari mavjud. Natijada o‘sha jurnalistlar “efirga berdimmi, berdim” qabilida ish ko‘radi. Chunki kun tartibidagi uzundan uzoq mavzuni yozib olishning o‘ziga ko‘p vaqt ketishi ularni ham beparvolik ko‘chasi sari yetaklaydi-da.

Misol deysizmi, marhamat: xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining ish rejasiga asosan nav­batdagi eshituv o‘tkazildi. Yig‘ilish bayonidagi “qisqa” mavzuni aynan keltiramiz. Viloyat moliya bosh boshqarmasi mutasaddisining budjetlararo munosabatlarni tubdan takomillashtirish, mahalliy budjetlarining kafolatlangan daromad bazasini barcha choralar bilan kengaytirish, ularning mustaqilligini oshirish, ularning mutanosibligi va o‘zini o‘zi qoplay olishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini eshitish”.

Istak bo‘lsa-ku, gazetxonlar qayta-qayta o‘qib, bir amallab tushunib olar. Lekin radio­tinglovchilar, teletomoshabinlar nimanidir eslab qolishiga ishonasizmi? Shunday ekan, samaradorlik, ta’sirchanlik va xabardorlik haqida saylovchilarning, fuqarolik jamiyatidagi voqea-hodisalarni tadqiqot nuqtai nazaridan kuzatuvchilarning salbiy fikr bildirishi tabiiy. Chunki ularning aksariyati OAVdagi chiqishlar orqali baho beradi.

Ko‘pchilik eshituvlarga mas’ul rahbarlar o‘rniga ularning o‘rinbosarlari, hatto bo‘lim mudirlari kelishi ham an’anaga aylanib qoldi. Yuqorida misol tariqasida tilga olingan eshituvga ham boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Shavkat Hoshimov kelgani fikrimiz dalilidir. Uning mahalliy budjetning birinchi chorakdagi rejalari ortig‘i bilan bajarilayotgani xususidagi axboroti esa, sezib turganingizdek, umumiylikka asoslangan.

Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashidagi O‘zLiDePning deputatlik guruhi ijrochi kotibi Risolatxon Niyazova tomonidan taqdim etilgan yig‘ilish bayoni bilan tanishishda davom etamiz:

“Yurtimizning zamonaviy, rivojlangan, demokratik davlatlar qatoridan joy olishi, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlari va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashini ta’minlashda tadbirkorlar va ishbilarmonlar hamda fermerlar faoliyatida uchrayotgan to‘siqlarni o‘rganib borish va ularni amaldagi qonunlar asosida bartaraf etish xalq depututlari mahalliy kengashlaridagi partiya deputatlik guruhlarining eng asosiy vazifalaridan biridir”.

Juda to‘g‘ri gap, maqsad ham aniq! Biroq mazkur yig‘ilishda shu maqsadga erishish yo‘lida qanday amaliy qadamlar qo‘yildi, moliya tizimida to‘planib qolgan muammolarning yechimi bo‘yicha mahalliy shart-sharoitni inobatga olgan holda nima taklif kiritildi, bundan hududdagi tadbirkor va fermerlar xabar topdimi, degan savollarga jo‘yaliroq javob yo‘q.

Navbatdagi misol tariqasida Samarqand viloyat qishloq xo‘jaligi bosh­qarmasi boshlig‘i Sh.Safarovning birinchi bor emas, ikkinchi marotaba deputatlarga hisobot berishga “vaqt topa olmagani”ni qayd etish joiz. Uning o‘rnini bosish vazifasi yuklatilgan bo‘lim mudiri M.Husanov esa jiddiy tadbirga yetarlicha tayyorgarliksiz “tashrif buyurgan”.

Tahlillarni xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi tomonidan Shirin shahrida budjet parametr­larining 2017 yildagi ijrosi va 2018 yilgi asosiy istiqbol ko‘rsatkichlarining muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan eshituv misolida davom ettiramiz.

Yig‘ilishda xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining 18 nafar a’zosidan 4 nafari, Shirin shahar Kengashidagi 10 nafar deputatimizdan 7 nafari qatnashgan. Shuningdek, taklif etilgan tashkilotlardan 2 xodim, partiya faollaridan 10 nafari ishtirok etgan. Jami 23 kishidan keyingi 12 nafari ushbu yig‘ilishda ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan kuzatuvchi-tashkilotchi mutaxassislardir.

Mazkur tadbir nima maqsadda tashkil etilgani yuzasidan berilgan savolga O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi deputatlik guruhlari bilan ishlash bo‘limi mudiri Obil Xayrullayev quyidagicha javob qaytardi:

“Davlatimiz rahbari 2017 yil 12 iyulda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zLiDeP dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib Iqtisodiyot va Moliya vazirlik­lari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi faoliyati ustidan nazorat o‘rnatishi va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergan edi. Bu borada partiyaning hududiy kengashlardagi deputatlik guruhlari tomonidan ham eshituvlar tashkil etilmoqda. Shirin shahridagi tadbir shulardan biridir”.

Tan olish kerakki, suhbatdoshimizning fik­ri jo‘yali, mulohazasi asosli. Ammo ijrosi muhokamaga qo‘yilgan mahalliy budjet parametrlarida nimalar o‘z ifodasini topganini ishtirokchilarning necha foizi to‘liq bilishi bilan bog‘liq murojaatga aniq munosabat bildira olmagani ham bor gap. Xo‘sh, ayni masalada boshqa joylarda ahvol qanday?

Kun tartibidagi masala yuzasidan Shirin shahar moliya bo‘limi mudiri U. Boboyev taqdim etgan hisobot ham ixcham. Albatta, axborot beruvchi uzundan uzoq ma’ruza qilishi zarur, degan fikrdan yiroqmiz. Aytmoqchimizki, qisqa chiqish qilish uchun umumiy raqamlarning yo‘nalishlar kesimida ochib berilgan qiyosiy jadvallari ichma-ich taxlangan tarzda deputatlarga oldindan tarqatilishi, diagrammalardan iborat taqdimotlar uyushtirilishi maqsadga muvofiq. Bunday yondashuv kuzatilmaganidan keyin xo‘jako‘rsin haqidagi gap esga tushaveradi-da.

Bir mas’uliyatsizlik ikkinchisining tug‘ilishiga turtki bo‘ladi. Masalaning ichiga kirmagan, ko‘rsatkichlarni bandma-band o‘rganmagan deputat o‘z saylovchilarining huzurida umumiy gaplardan nariga o‘ta olmaydi. Holbuki, bugungi saylovchining ishonchini qozonish uchun asosli dalil, aniq raqam aytilishi, moliyaviy ta’minot masalalarini takomillashtirish bo‘yicha oqilona taklif va tashabbus­lar ilgari surilishi lozim.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari orasida namunali faoliyatini boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatish mumkin bo‘lganlari bisyor. Ular haqida gazetamizda ko‘p yozilgan va yozilmoqda. Shuning uchun ham yuqoridagi fikrlarimizni bayon etishda “ayrim”, “ba’zi” kabi so‘zlarni qo‘lladik. O‘z-o‘zini tanqid tamoyili asosida tayyorlangan ushbu maqolaning bosh maqsadi mamlakatimizdagi siyosiy institutlardan saylangan vakillarga hisobdor tashkilotlar rahbarlari, partiya hududiy kengashlari mutasaddilari va deputatlarimizni yanada faollik ko‘rsatishga, mas’uliyatni oshirishga chaqirish, navbatdagi saylovlar – g‘alvirni suvdan ko‘tarish fursati yaqinlashganini eslatishdan iborat, xolos.

Kuzatishlarimiz esa davom etadi!

Ozod RAJABOV,

“XXI asr” muxbiri

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1093
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Жондор туман Кенгаши аппарат раҳбари Авлиёқулов Суннатилло Муртазоевич2018-05-21 17:42:15

Ҳурматли мухбиримиз Озод ака, дардли нуқтага урғуни берганлар, бу жуда тўғри албатта бу ҳолатдан бизнинг ҳам депутатлик гуруҳимиз мустасно эмас деб ўйлайман. Мансабдор шахсларнинг эшитувида муҳокама этиладиган масала бўйича депутатларимиз ташкилот раҳбарларига нисбатан чуқурроқ маълумотларга эга бўлишлари керак деб ўйлайман. Ҳисоботни корхона раҳбарининг шахсан ўзи бериши керак.


Авлиёқулов Суннатилло Муртазоевич Жондор туман Кенгаши аппарат раҳбари2018-05-21 17:11:47

Ҳурматли мухбиримиз дардли нуқтага урғуни берганлар. Бу ҳолатдан ҳамма депутатлик гуруҳлари мустасно эмас деб ўйлайман, мисол учун депутатлик гуруҳи йиғилишларида кўриладиган масала халқ депутатлари Кенгаши сессияси кун тартибига киритилиши лозим деб топилса, мазкур масалада депутатлардан иборат ишчи гуруҳ чуқур тайёргарликка эга бўлиши керак деб ўйлайман. Бу борада мутасадди раҳбарлардан ҳам муҳокама этилаётган муаммони чуқурроқ таҳлил этишлари керак бўлади. Мансабдор шахсларнинг эшитувларида ҳам депутатлик гуруҳи авваламбор муҳокама этилаётган масала бўйича чуқур маълуматга эга бўлишлари ва муҳокамада ўз фикрларини аниқ ва равшан билдириб реал натижаларга эришишга ҳаракат қилишлари керак деб ўйлайман.


O‘zLiDeP Ширин шахар Кенгаши Тошкулов,Ж.Э.2018-05-21 14:03:05

Халқ депутатлари шахар Кенгаши депутатлари шахар кенгаши сессияси кун тартибига киритилган масалалардан хабардор бўлмаганлиги сабабли, кўрилаётган масалалар юзасидан фикр-мулоҳазаларини билдириша ололмайди. Олдиндан сессия масалалари билан таниш бўлмаганлиги, шахар кенгаши сессиясини ўтказилиши бўйича олдиндан худудий газеталарга Сессия ўтказилиши тўғрисида маълумот чоп этилмайди. Шу сабабли шахар кенгаши депутатлар, масалаларни доимий комиссияларда ўрганиб чиқишмаганлиги, худудий хокимият хокимлари ҳамда хокимият кенгаши раислари томонидан ушбу ўтказилиши лозим бўлган йиғилишлар чуқур муҳокама этилмасдан юзаки ўтказилиши билан масаланинг туп моҳияти ва ечимини топишда номига сессия қарори мақулланади. Бў ўз навбатида депутатларимизнинг фаол эмаслиги, қонуний тартибда ўтказилиши лозим бўлган сессия кун тартибидаги масалалар бўйича камида ўч кун олдин депутатларга кўриб чиқиладиган масалалар бўйича ўрганиб чиқиш учун олдиндан Таклиф юзасидан сессия кун тартибидаги масалалар олдиндан матбуот ва рўзномаларда чоп этилмаслиги, шахар ҳалқи МФЙ ҳамда депутатлар томонидан олдиндан танишиб чиқмаётганликлари оқибатида депутатларимизга нисбатан фуқоралар ўртасида обрўсизланиб борилиши, хурматсизлик, эътиборсизлик ва кенгаш раислари томонидан манманлик оқибатлари якун топмаганлигидан далолат беради. Таклифим хар бир сессия бошланиши олдидан худудий газета рукнларида сессияга киритиладиган масалалар тўлиқ рўзномаларда чоп этилсада сўнгра депутатларимиз томонидан олдиндан талаб ва таклифлар ўрганиш ва куриб чиқиш учун тақдим этилса бу кузбуяамачиликни олди олинган ва мақсадга мувофиқ бўлар эди деб ҳисоблайман.


Таджиев Арол Самандарович. ЎзЛиДеП Самарқанд вилояти Нуробод туман Кенгаши депутати2018-05-21 12:15:48

Маҳаллий Кенгашлардаги депутатларимиз тегишли ташкилотларга депутатлик сўровлари чиқариш ва жавобларини ўз вақтида олишга ҳаракат қилмоқдалар. Лекин депутатлик гуруҳи ва тегишли доимий комиссияларнинг эшитувларига таклиф қилинаётган ташкилотларнинг раҳбарлари ва мутасадди ходимларининг ўз вақтида келмаётганлиги ташвишли ҳолдир. Бунга жойлардаги ижро хокимияти раҳбарлари эътибор беришлари шарт.


Усанова Мархабо Тухтамуродовна. ЎзЛиДеП Самарқанд вилояти Нуробод туман Кенгаши аппарат раҳбари2018-05-21 10:53:19

Халқ депутатлари туман Кенгаши депутатлари туман кенгаши сессияси кун тартибига киритилган масалалардан хабардор бўлмаганлиги сабабли, кўрилаётган масалалар юзасидан фикр-мулоҳазаларини билдириша ололмайди. Олдиндан сессия масалалари билан таниш бўлмаганлиги депутатлар, масалаларни доимий комиссияларда ўрганиб чиқилмаганлиги, чуқур муҳокама этилмаганлиги масаланинг туп моҳияти ва ечимини топишда номига сессия қарор мақулланади. Таклиф юзасидан сессия кун тартибидаги масалалар олдиндан матбуот ва интернет тармоқларида эълон қилиниши мақсадга мувофиқ деб ҳисоблаймиз


Yazdon Toshonov Kattaqurg'on tuman Kengashi apparat rahbari.2018-05-21 09:23:10

Maqolada juda dolzarb mavzu kutarilgan , agar deputatlik guruhi eshituvida pirovard natijaga erishilmasa bu eshituv maqola avtori ta'kidlaganidek qog'ozda qolib ketaveradi.Bu esa kuzbuyamachilikdan boshqa narsa emas.Bu maqolani har bir deputatlik guruhlarida ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo'lar edi.


Холмурод Сориев, Халқ депутатлари Нуробод туман Кенгашидаги O'zLiDeP депутатлик гуруҳи раҳбари2018-05-19 22:15:46

Жуда ҳам тўғри фикрлар, танқидлар кўтарилган. Бундай ҳолатларга сабаблардан бири, биз депутатлардир. Чунки депутатлар кун тартибидаги масалани чуқур танқидий-таҳлилий ўрганмасдан, йиғилишга келишади ва ҳисобдорга Президентимиз таъкидлаганлардек, "чақиб-чақиб оладиган" саволларни бера олмайдилар. Баъзи депутатларимизда бунга билим, савия етишмайди. Эшитувларининг натижадорлиги бўлиши учун кун тартибидаги масалалар бўйича депутатлик гуруҳининг қатъий тавсиясини акс эттирадиган (ваколати доирасида) қарорлари чиқарилиши ва унинг ижроси устидан назорат ўрнатилиши ва келгуси йиғилишлардан бирида албатта маълумот берилиши лозим. Агар депутат ҳисобдорга нисбатдан кун тартибдаги масаланинг моҳиятини чуқурроқ англамаса, унинг ичига тўлиқ кириб бормаса, ҳисобдордан билим, савия, дунёқараши жиҳатидан, кун тартибдаги масаланининг моҳиятини тушуниш бўйича ҳар томонлама устун бўлмаса, мансабдорлар бизларни қуруқ ҳисоботлар билан "сийлайверашади".


Олимжон Эргашев Фориш туман кенгаши депутати,O‘zLiDeP депутатлик гурухи2018-05-19 17:21:52

Қосимжон Шопўлатовнинг фикрларига 100% қўшилган холда яна шуни қўшимча қилиш мумкинки кўпчилик ташкилотларнинг рахбарлари хали хам депутатларни писанд қилишмайди,хаттоки депутатлар гурухи томонидан таклиф кўринишида қилинган мурожаатлар масалан худудларда янги иш ўринлари яратилиши ва уларда ёшларни касбга йўналтириш ва иш билан таъминлашга таалуқли мурожаатларига хам юзаки номига берилган жавоблар йўлланмоқда. Баъзи корхоналар рахбарлари ўзларида ишлаётган халқ вакиллари депутатларни писанд қилмаслиги,уларга ўз ваколатлари даврида тўлиқ фаолият кўрсатишларига имкон бермасликлари хам бор гап.Менимча кенгашлардаги депутатлик хоналарида Давлатимиз раҳбарининг 2017 йил 12 июлда Олий Мажлис палаталари, сиёсий партиялар ҳамда Ўзбекистон Экологик ҳаракати вакиллари билан ўтказилган видеоселектор йиғилишида айтилган гаплари ёзилган видеоёзувнинг депутатлар фаолиятига бағишланган қисмлари хар эшитув ва хисоботлардан кейин хисоботга масъул соха вакилларига,рахбарларга доимо эслатма сифатида қўйиб кўрсатилиши мақсадга мувофиқ бўлади.


Қосимжон Шопўлатов Хатирчи туман бўлими аппарат рахбари,туман кенгаши депутати2018-05-19 09:10:04

“XXI asr” мухбири Озод Ражабов айни дамда долзар масалани киритиган бугунги кунда мансабдорлар депутатлик гурухи олидида берадигин хисоботларини иккинчи эмас балки ундан пастроқ даражада куришади,хаттоки маънавият паст рахбарлар нима учун қолган партиялар индамайди Сизлар тинч қуймасизлар деганларига нима дейсиз,харким ишини ўз виждони билан сидқидилдан бажариш керакку,жунатилган депутатлик сўровларини 30 фоизини жавобини вақтида оламиз қолганларига сарсан саргардон буламиз Шу ўринда мухтарам юртбошимизни видео селекторда айтган сўзларини эсласак "ДЕПУТАТГА ҲУРМАТСИЗЛИК,ХАЛҚҚА ҲУРМАТСИЗЛИК БИЛАН БАХОЛАНАДИ" деган сўзларини маъносини мансабдорларимиз билиши лозим .Озож ака менинг таклифим хисоботларга паст даражада қараётган хамда депутатлик сўровларига вақтида жавоб бермаган ёки умуман жавоб бермаганларни оммавий ахборот воситаларида ёритсак


Q.Eshqorayeva-Navoiy viloyati Uchquduq tuman ijrochi kotib2018-05-19 08:18:52

Maqolani o'qib o'zimga kerekli xulosalarni oldim. Guruh yig'ilishida ishtirokchilarni munosib ishtirok etishi qaysidir ma'noda ijrochiga ham bog'liq. Hisobot beruvchiga uni ma'suliyat bilan yindoshishga undaydigan mazmundagi xat yuborishi, yig'ilishni estetik did bilan o'tkazilishida, yig'ilish bayonlarini aniq va kengroq yozilishida bor bilimini ishga solishi lozim. Sizga rahmat. Ishimga yanada ma'suliyat bilan yondoshaman. Uchquduq deputatlik guruhi a'zolari bilan yig'ilishlarni siz aytgan kamchiliklardan holi tarzda o'tkazishga bor kuchimiz bilan o'tkazishga harakat qilamiz.


Fikringizni qoldiring

+