Klasterlar huquqiy asosga ehtiyoj sezmoqda

21.09.2018, 12:49

Klasterlar huquqiy asosga ehtiyoj sezmoqda

Bugun kechayotgan barcha islohotlar “odamlar o‘zlarining hayotidan rozi bo‘lishi kerak”, degan hayotbaxsh g‘oya asosida amalga oshirilmoqda. Maqsad – odamlarning yashash sharoitini yanada yaxshilash, farovonligini oshirib borish. Uni ro‘yobga chiqarish esa o‘z-o‘zidan bevosita iqtisodiyotga borib taqaladi. Zero, iqtisodiy imkoniyat qancha keng bo‘lsa, rivojlanish ham to‘xtamaydi, o‘z o‘rnida odamlar ham shodmon yashaydi.

Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, qonun loyihalari ham ishlab chiqilyapti, ammo bu islohotlarning huquqiy asosi lozim darajada sifatli ta’minlanayotganini bildirmaydi. Jahon bankining World Governance Indicators hisobotida milliy qonunchiligimiz sifati 139-o‘rin, qonunchilik ijrosi esa 133-o‘rinda qayd etilganiga nima deysiz?

Masalaning muhim jihati mazkur ko‘rsatkich qanchalik asosga egaligida ham emas. Ayrim mutaxassislar ta’rif berganidek: “Statistika real bo‘lmagan ma’lumotlarni asoslashga qaratilgan raqamlar majmui” bo‘lishi ham mumkin. Shuningdek, turli statistika va reytinglardan ko‘zlangan asosiy maqsad va vazifalar bilan bir qatorda undan kutilayotgan yashirin manfaat ehtimolini ham inkor etolmaymiz. Gap islohotlar ijrosini ta’minlashga oid milliy qonunchiligimiz, uning sifati, hayotga tadbiq etishning bugungi holati, huquq va manfaatlarni ishonchli himoyalash, jozibador biznes muhitini yaratish orqali pirovard maqsad – aholining yashash darajasi oshishi, yurt obodligi haqida jiddiy bosh qotirish vaqti kelganini davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

O‘rganishlar amaldagi qonun hujjatlaridagi normalar tarqoqligi va bir-birini inkor etuvchi xususiyatlarini hamda har bir sohani tartibga soluvchi yaxlit, tizimli, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi huquqiy asos har doim ham ta’minlanmayotgani, havola va qolip normalarning salmog‘i ancha yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Iqtisodiy qonunchilik haqida gap ketganda ham ushbu ta’rifni ishlatishimiz mumkin. Binobarin, shiddatli zamonga mos amalga oshirilayotgan ayni keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyati, shakllangan va shakllanayotgan qonunchilik asosiga hamda huquqiy jihatdan ta’minlanishi lozim bo‘lgan bazaga, ana shu islohotlarning mustahkam tayanchi bo‘lgan qonun va huquq ijodkorligining davr talabiga mosligi, o‘z vaqtida ishlab chiqilganligi, tatbiq etishdagi tezkorlik, normalar ijrosi mexanizmining sifatiga bog‘liqdir.

Ayni paytda umumiy hisobda 700 dan ortiq qonunimiz mavjud. E’tiborga molik jihati ularning 400 dan ziyodi aynan iqtisodiyot sohasiga daxldor! 150 dan ortiq qonun yoki ulardagi ayrim normalar esa bevosita tadbirkorlik, xususiy sektorga taalluqli!

Endi misol tariqasida bu boradagi ayrim islohotlar va ularning huquqiy asosiga e’tibor qarataylik. Masalan, birgina agrar va to‘qimachilik sohasida klaster tizimini tahlil etadigan bo‘lsak, joriy yilda 20 ta tumanda 164 ming gektar maydonda klaster usulida paxta yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. O‘zini oqlayotgan bu tizimni yanada kengaytirish maqsadida 2019 yilda 61 ta klaster tomonidan jami paxta maydonlarining 51 foizida paxta yetishtirish rejalashtirilgan. Kelgusida uni yetishtiruvchi 133 ta tumandan 70 tasi to‘liq klaster tizimiga o‘tadi. Yangi tashkil etilayotgan klasterlar tomonidan 41 ta korxona tashkil etilib, 23 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 2019 yilda ishlab chiqarilayotgan tolaning 78 foizi O‘zbekistonda qayta ishlanadi. 2020 yilga borib esa tolani to‘liq qayta ishlashga o‘tiladi. Tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish ulushi 40 foizdan kamida 60 foizga yetkaziladi. Paxta-to‘qimachilik klasterlariga berilgan barcha imtiyozlarni keyingi yillarda ham tatbiq etish, ular faoliyatini yanada kengaytirish maqsad qilingan.

Shu bois davlatimiz rahbari klasterlar faoliyatiga har tomonlama  ko‘maklashish zarurligi, paxtachilikda qishloq xo‘jaligining kelajagi, uning iqtisodiy samaradorligi klasterlar bilan bog‘liqligi, u agrar sohani jadal rivojlantirishning lokomotivi bo‘lishi kerakligini qayta-qayta ta’kidlamoqda.

Demak, mamlakatimizdagi paxta yetishtiruvchi tumanlarning yarmidan ortig‘i to‘liq klaster tizimiga o‘tar ekan, albatta, bu jarayonda huquqiy asos mustahkam bo‘lishi ayni muddao. Lekin klasterlar sohasi va faoliyatini tartibga soluvchi yaxlit huquqiy hujjat mavjud emas!

Vaholanki, har qanday islohot joriy etish, amalga oshirish, natijadorlik va oqibat jarayonlarini o‘zida mujassam etadi. Soddaroq qilib aytganda, islohotlar samarasi uni harakatlantiruvchi huquqiy formulaga asoslanadi. Har qanday islohot puxta huquqiy asosga tayanmas ekan, muvaffaqiyatga yuz tutishi mushkul.

Shu ma’noda, klasterlar faoliyatini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning og‘ishmay ijro etilishini ta’minlashga qaratilgan bu sohaga bevosita bog‘liq yaxlit qonun loyihasini ishlab chiqishga zarurat tug‘ilmoqda.

Xo‘sh, klasterning o‘zi nima, uning qanday afzalliklari bor?

Mutaxassislarning fikricha, klaster – bitta sohaga birlashgan va bir-biri bilan uzviy aloqada bo‘lgan korxonalar guruhi. Masalan, bitta geografik hududda joylashgan va bitta tarmoqni tashkil qiladigan firmalar guruhi; maxsus sohalar bo‘yicha bitta geografik hududda faoliyat yuritayotgan, bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan va bir-birini to‘ldiruvchi kompaniyalar, institutlar guruhi. Yanada soddaroq qilib aytganda, klaster paxta ekishdan to tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni yagona texnologik zanjirga birlashtiradi.

Mavzuni davom ettirib, yana bir muhim jihatga to‘xtalib o‘tish muhim, deb hisoblaymiz. Ma’lumki, 2017 yil Harakatlar strategiyasining “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Mazkur qonun loyihasini to‘laqonli amalga kiritish maqsadida “Innovatsion faoliyatni moliyalashtirish to‘g‘risida”, “Venchur fondlar to‘g‘risida”, “Xalqaro moliya-sanoat guruhlari to‘g‘risida”, “Tovarlarga transfert baholarini shakllantirish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ustida ham ishlash muhim. U xorij tajribasiga tayangan holda amalga oshirish maqsadga muvofiq, ya’ni ularda Korporativ boshqaruv kodeksi, Tadbirkorlik kodeksi qabul qilinib amalga kiritilgan.

Endi bevosita islohotlar jarayonida amaldagi mavjud milliy qonunlar va qonunosti hujjatlari ijrosini ta’minlash, turli qonun hujjatlari o‘rtasidagi ziddiyatlar xususida ham qisqacha mulohaza yuritsak. Xususan, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunda bunday hujjatlarning yuridik kuchi belgilab qo‘yilgan. Yaxlit qonunlarning o‘rni boshqa qonun hujjatlari bilan taqqoslaganda har doim ham ustun mavqega ega bo‘lishi kerak. Amalda ham shunday holat izchillik kasb etsagina, me’yorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga joriy etiladi.

Aynan shu qonunlarning ishlashi esa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat tuzilmalarining qonun ijodkorligi faoliyatini tizimli tahlil qilishni tashkillashtirish, ular tomonidan kiritiladigan yoki qabul qilinadigan qonun hujjatlari va boshqa hujjatlar loyihalarining Konstitutsiyamiz, qonun hujjatlariga, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, shuningdek, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligini aniqlash yuzasidan har tomonlama ekspertizani amalga oshirish adliya organlari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi.

Shu asosda 20 turdan ortiq hujjatlar normativ-huquqiy hujjat sifatida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rganilgan 9 oy davomida bunday hujjatlarni turkumlash sohasidagi qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga 231 ta taqdimnoma kiritilgan, 310 ta qonun hujjatlariga zid ravishda qabul qilingan qarorlar bekor qilingan.

Umuman olganda, bugun mamlakatimizda shiddat bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishda qator sohaviy munosabatlardagi huquqiy jihatdan yechimini kutayotgan  bir qator qonun loyihalarini ishlab chiqish, mavjudlaridagi yoki ularning ayrim normalaridagi jiddiy kamchiliklar hamda o‘zaro ziddiyatli masalalarni bartaraf etish oldimizda turgan eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Nuriddin MURODOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

 kotibiyat mudiri, Ekspertlar guruhi rahbari

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1475
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Қ.Эшқораева Навоий вилояти, Учқудуқ тумани ижрочи котиб2018-09-21 17:03:32

Жаҳон банкининг World Governance Indicators ҳисоботида миллий қонунчилигимиз сифати 139-ўрин, қонунчилик ижроси эса 133-ўринда қайд этилганлиги қай даражада ҳақиқатга яқин эканлигини билмадим-у, мамлакатимизда кийинги вақтларда амалга оширилаётган иқтисодий ислоҳатларда жадал ўсиш жараёни яққол кўзга ташланаётганлиги айни ҳақиқат! Назаримда кластерлар фаолияти яқин йилларда мамлакатни кўпроқ қамраб олишига эришилса иқтисодий юксакликка эришамиз.


Fikringizni qoldiring

+