O‘zLiDeP deputati “Ipakchi” mahallasi bolalari uchun o‘yin maydonchasi qurib berdi

19.10.2018, 17:10

O‘zLiDeP deputati “Ipakchi” mahallasi bolalari uchun o‘yin maydonchasi qurib berdi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va hududiy partiya tashkilotlari mas’ul xodimlari, deputatlik korpusi vakillaridan iborat ishchi guruhlarining joylardagi amaliy faoliyati izchil davom etmoqda.

Toshkent shahrida “Obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli jarayonda O‘zLiDePdan mahalliy kengashlarga saylangan deputatlar, partiya elektorati vakillari faol qatnashmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy ob’ektlar atrofini obodonlashtirish, mahallalar ichidagi kichik yo‘laklar va ko‘cha yo‘llarini ta’mirlashda jonbozlik ko‘rsatishyapti. Yo‘l bo‘ylariga, mahalla hududlariga  650 tup manzarali daraxt, 3 000 tup gul ko‘chati, 4 000 tup boshqa o‘simliklar ekildi.

Xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi
R. Karimova tomonidan “Ko‘tarma” mahallasida joylashgan maktab va bog‘chaga olib boruvchi yo‘llarga yangi asfalt yotqizildi. Ko‘cha chiroqlari to‘liq ta’mirlandi. Shuningdek, ushbu mahallada bekor yurgan 10 nafar yosh ish bilan ta’minlandi.

Xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi, “Davrbank” xususiy aksiyadorlik tijorat banki boshqaruv raisi Lutfulla Ubayev “Ipakchi” mahallasi bolalari uchun o‘yin maydonchasi qurib berdi.

O‘zLiDeP Yunusobod tuman Kengashi faoli, “Top farm servis” MChJ rahbari Aziz Mixliyev boshchiligida “Husnobod” mahallasi idorasi zamon talablariga javob beradigan darajada yangitdan bunyod etildi. Endilikda shu yerda 4 qavatli tibbiy diagnostik va davolash klinikasi qad rostlamoqda.

– Mazkur klinika eng so‘nggi texnologiyalar asosida jahon standartlariga mos va xos andozada qurilmoqda, – deydi shijoatli tadbirkor. – Kuniga 150 nafardan ortiq bemorga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan klinikada 60 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Viktor Adilov “O‘zLiDePning obod ko‘chalari” loyihasi doirasida Katta Qo‘yliq mahallasidagi To‘yona ko‘chasi yo‘llarini ta’mirlab, simyog‘ochlardagi yoritkichlarni yangilab berdi. Shu qatorda hudud chiqindilardan tozalangan holda oqova suv quvurlari yangisiga o‘zgartirildi. Mazkur hashar ishlarida mahalla hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va mahalla faollari yaqindan yordam berishdi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ham amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. 

Yashnobod tumanidagi “Behizor” mahallasida yashovchi Eshmatovlar oilasi 1966 yil Toshkentda yuz bergan zilziladan keyin odamlarga vaqtincha yashab turish uchun berilgan ikki sotixli hovlida 18 kishi bo‘lib yashab kelishayotgan edi.

– Bu uylar yog‘ochdan qurilgan bo‘lib, qo‘shnilarning devori bir-biriga ulanib ketgan, – deydi Shahnoza Eshmatova. – Buzib yangidan qurishning iloji yo‘q. Alohida uy-joy qilib, chiqib ketishga iqtisodiy ahvolimiz to‘g‘ri kelmaydi. Kichik hovlida ovsinlar, bolalarimiz bilan bir amallab kun ko‘rib kelayapmiz.

Eshmatovlar oilasining Xalq deputatlari tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Yorqin Zokirovga qilgan murojaatiga “Behizor” mahalla fuqarolar yig‘ini mutasaddilari bilan birgalikda ijobiy yechim topildi. Shahnozaxon va uning ovsiniga Sergeli tumanida qurilayotgan arzon uy-joylardan ikkita uch xonali kvartira ajratib berildi. Boshlang‘ich to‘lov ham to‘landi...

Ha, bugun Eshmatovlar oilasining quvonchi cheksiz. Ayniqsa, bolalar hademay qurilishi yakunlanadigan yangi, chiroyli, keng va qulay uyga ko‘chib o‘tishni hayajon bilan kutishmoqda.

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1518
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+