Yangi vazirlik vazifalari O’zLiDeP maqsadlari bilan uyg‘un va hamohang

01.12.2017, 17:09

Yangi vazirlik vazifalari O’zLiDeP maqsadlari bilan uyg‘un va hamohang

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholi farovonligini tubdan oshirish va turmush sifatini yaxshilash, jamiyat va davlatni har tomonlama hamda jadal rivojlantirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olindi. 

Davlatimiz rahbarining qabul qilayotgan qaror va farmonlari keyingi besh yillikdagi taraqqiyot dasturimizda belgilangan maqsad-vazifalarni ro‘yobiga xizmat qiladi. Jumladan, yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni ham. Farmon innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni keng joriy etish borasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasining mantiqiy davomidir.

Farmon bilan strategik rejalashtirish tizimini yaratish, davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini amalga kiritish, fan va innovatsiya faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, investitsiyalarni keng jalb qilish, huquqiy bazani takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ijtimoiy va iqtisodiy hayotning dolzarb sohalariga ilg‘or texnologiyalarni faol joriy etish kabi mamlakatimiz innovatsion rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Farmon muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi hamda uning davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy rivojlanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohalaridagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari nazarda belgilab qo‘yildi. Vazirlik O‘zbekiston Respublikasining innovatsion va ilmiy-texnik rivojlanishi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Vazirlik davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi bo‘ladi, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha davlat boshqaruv organlari, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil muassasalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Faoliyatda bir-birini takrorlashni istisno etish, yagona yondashuvlarni ta’minlash maqsadida 2018 yil 1 yanvardan boshlab Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi, Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, Fan va texnologiyalar agentligi tugatilmoqda.

Shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, yangi tuzilayotgan vazirlikning vazifalari O’zLiDeP saylovoldi Dasturidagi maqsad-vazifalarga uyg‘un va hamohang. Zotan, partiyamiz ham mamlakatimizni innovatsion rivojlantirish yo‘nalashida ilmiy texnik markazlar bilan hamkorlikda ishlashning o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi. Bu yo‘nalishda partiyaning o‘nga yaqin loyihalari hayotga joriy etilgan. Mazkur loyihalar doirasida har yili o‘nlab innovatsion g‘oya egalari rag‘batlantirilmoqda.

Mehritdin Muxammadiyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi  

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    1142
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+