Andijonliklar anoyi emas

17.03.2019, 07:21

Andijonliklar anoyi emas

Vodiyning oltin tuprog‘ida hikmat ko‘p. Xazina shu zaminda. Oddiy dehqon ham yer bilan tillashib, tadbirkorga aylanmoqda. Tomorqa – baraka manbai ekanini bugun andijonliklar yaxshi biladilar.

Andijon sharoitida aholi tomorqalaridan bir yilda uch marta hosil olish bo‘yicha muayyan tajriba to‘plangan. Mana shu tajribani ommalashtirish kerak, xolos.

Bugun bu borada qalovini topganlar bisyor. Tomorqaning foydasini bilganlarning daromadlari esni shoshiradi. Ha, andijonliklar anoyi emas...

Ziroatchilik sirini bilganlarga balli!

Oltinko‘lga yo‘lingiz tushsa, Oqtumoru Safaraobod mahallalariga bir kirib o‘ting. Ana tomorqayu, mana tomorqa! Bu yerdagi aholi bekor o‘tirganni yoqtirmaydi: kaftdekkina yeriga ham, katta tomorqasiga ham polizu sabzavot ekinlarini, gulu giyohlarni ekib, daromad olish payida.

Oqtumor mahallasining Omonov ko‘chasida istiqomat qiluvchi Gulsora O‘rinboyeva xonadoniga nazar tashlaymiz. Xonadonning 4 sotixdan iborat tomorqasi qishin-­yozin “dam olmaydi” hisob. Mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi Sarvar Rasulov oilaning tomorqa ko‘nikmalarini boshqalarga ibrat qilishdan charchamaydi. Erta bahorda ekilgan rezavorlar o‘rnini darrovgina pomidoru bodring egallasa, yerga sovuq tushishi bilan plyonka ostida turli ko‘katlar ekiladi. Oila sohibasi Gulsora opaning uch nafar farzandi ham allaqachon tomorqa bilimlarini o‘rganishgan.

Safarobod mahallasidagi Sodilbek Jo‘rayev xonadonidagi tomorqa ham maqtasak arziydi. 4 sotixli yerning foydalanilmayotganini ko‘rmaysiz sira. Tomorqada parvarishi tinmayotgan bulg‘or qalampiri, kartoshka, karam, ko‘katlar va bog‘dorchilik mahsulotlari oilaning asosiy daromad manbaiga aylangan.

Asakadagi tomorqalar ham ko‘zni quvnatadi. “O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida tadbirkorligini boshlaganlarga ko‘makdosh” loyihasi doirasidagi o‘rganishlar davomida xonadonlardagi tomorqalar ahvoli jiddiy o‘rganildi. Tomorqa hadisini olganlar namuna sifatida ko‘rsatildi. Ulardan biri Xayrullo Jo‘rayev xonadoni bo‘ldi. “Marqayuz” mahallasining Sohil bo‘yi ko‘chasida yashovchi fuqaroning 12 sotixli tomorqasida parvarish­layotgan pomidor va bulg‘or qalampiri ko‘chatlari nafaqat mahalladoshlarini, balki tuman bozorini ham nihollar bilan ta’minlamoqda.

– Haftada 2 marta xonadonlarda bo‘lib tomorqalar faoliyatiga yaqindan ko‘mak berishga harakat qilamiz, – deydi Asaka tumanidagi “Uz Dong Von Ko” qo‘shma korxonasi qoshidagi BPT raisi Shoiraxon Tolipova. – Ochig‘ini aytish kerak, ayni kunga qadar o‘rganish ishlari davomida o‘z yeridan samarali foydalanishni bilmayotgan fuqarolarimizga ham duch keldik. Ular orasida olib borgan tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarimiz ko‘zlangan natijani berdi. Tumanimizdagi ilg‘or dehqonlar, yer egalari tomonidan taqdim etilgan ko‘chatlar bugun ana shunday bo‘sh turgan yer maydonlari tomorqalar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.

“Ayollar qanoti” eng yaqin ko‘makdosh

Yana bir muhim tadbirga e’tibor qaratsak. O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” Dasturi doirasida Asaka tumani “Otish” mahallasida yashovchi Azizaxon Sobirova xonadonida “Namunali tomorqachi” mavzuida ochiq muloqot o‘tkazildi. Dastlab partiya faollari issiqxona faoliyati bilan tanishdi,  ishchilar bilan muloqot qildi. Aholi farovonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadigan bunday issiqxonalar tarmog‘ini yanada kengaytirish kerakligini ta’kidlashdi.

– 2012 yilda atigi 2 ta issiqxona bilan faoliyatimizni boshlagan edik. Avvaliga farzandlarimizni yonimizga oldik. Faoliyatimizni kengaytirgach, mahalladagi ishsiz yoshlarni, xotin-qizlarni jalb qildik. Hozir 20 sotixlik maydonda 7 ta issiqxona barpo etganmiz. Hozir asosan pomidor, bodring, sabzavot va ko‘kat yetishtiryapmiz, – deydi A.Sobirova.

Tomorqada ter to‘kayotganlarni gapga solamiz.

– Uy bekasiman, hech qayerda ishlamayman, – deydi Fotimaxon Jo‘rayeva. – Shu bois, Azizaxon opaning taklifiga rozi bo‘lib keldim. Kunlik olayotgan maoshim oilamiz, farzandlarimiz uchun sarf qilinayotganidan xursandman.

Qaysi bir tumanga bormaylik, tomorqa madaniyati yildan-yilga yuksalib, oilalar daromadi oshayotganligiga guvoh bo‘lyapmiz.

Boqimandalik balosidan qachon qutulamiz?

Buloqboshi tumani Uchtepa mahallasidagi A. Abduqodirov xonadoni yog‘ tushsa yalagudek. 12 sotixdan iborat tomorqaning 5 sotixida ko‘chatlar parvarishi avjida. Ammo... qolgan yer maydoni bo‘m-bo‘sh. Xonadon egasi yelka qisadi: “Nima ekishga hayronman?” Qiziq, odam ham o‘z yeriga shuncha befarq bo‘ladimi? Nima ekishga hayron turgan fuqaroga O‘zLiDeP Buloqboshi tuman Kengashi tomonidan mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi tayanch bo‘g‘in biriktirildi. Ish boshlanib ketdi. Kattagina yer maydonida darhol chopiq ishlari amalga oshirilib, hatto pomidor va bodring nihollari ham ekish uchun shaylandi. Mana, tashabbus! Shuni kutib turgan xonadon egasi ham xursand.

Xo‘jaobodlik Munira Ergasheva xonadonida ham ayni holat hukmron. 12 sotixli tomorqaning 6 sotixida turli rezavorlar barq urib yotibdi. Afsuslanarlisi, tomorqaning 4 sotix yeridagi issiqxona ta’mirga muhtoj. Shu sababli foydalanishga yaroqsiz. Oilaning moddiy ta’minoti ta’mirni “ko‘tarmaydi”. Mana, sabab! Yana partiyaning yuqoridagi loyihasi doirasida amaliy ko‘mak berildi. Issiqxona ta’mirlandi, unga bodring va pomidor ko‘chatlari ekildi. Bo‘sh qolgan yer maydoni esa turfa gullar parvarishi uchun tayyorlandi.

Bo‘z tumani G‘olib mahallasida yashovchi Mohidil Ma’rufjonova xonadonidagi 10 sotix tomorqaning 6 sotixidan samarali foydalanilmoqda. Biroq qolgan maydonning qarovsizligi ko‘ngilni xira qiladi. Yer hatto chopiq ham qilinmagan. Vaholanki, yer tayyorlash ishlari odatda ko‘klam kelishidan avvalroq boshlanadi. Arzimagan bahonalarga o‘zini ishontirayotgan tomorqa egasiga kerakli yordamlar ko‘rsatildi. Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi qoshidagi bosh­lang‘ich partiya tashkiloti ko‘magida bir guruh partiya­doshlar xonadonning bo‘sh turgan ekin maydonida chopiq ishlarini amalga oshirdilar. Mevali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazilib, mavjud daraxtlar oqlandi.

Xo‘sh, aslida odamlarimiz uchun albatta shunday turtkilar shartmi? Kimdir kelib eshigingizni taqqillatib, muammoingizni so‘rashi barobarida shaxsiy tomorqangizni ham “gullatib” berishidan uyalmayapsizmi yoki mudrab yotgan vijdoningiz uyg‘onmayaptimi? Albatta, bu “achchiq danak” barcha uchun emas. Ayrim boqimandalik balosidan qutulolmayotganlar uchun, xolos. Har kimning xulosasi o‘zi bilan...

Aslida sidqidildan ter to‘kib, astoydil ishlashga nima yetsin? Axir buning ortida tomorqa yeridan mo‘may daromad borligi yaxshi ma’lum. Bugun aholi tomorqalaridan unumli va samarali foydalanish zamon talabi. Prezidentimiz ta’kidlagan Andijon tomorqa maktabida ishning ko‘zini bilgan, kaftdek yerdan katta daromad olayotgan xonadonlarning yashash tarzi ham, hayotga munosabati ham o‘zgacha. Qad rostlayotgan muhtasham uylar, obod yo‘llar, ko‘chalarni to‘ldirib yurgan o‘zbek avtomobillari, zamonaviy inshootlar hamma-hammasi halol mehnat tufayli emasmi?

Zilola RAHMONOVA,

“XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    1088
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+