So‘rovni olmadingizmi, janob mutasaddi?

16.05.2019, 16:22

So‘rovni olmadingizmi, janob mutasaddi?

yoxud deputatga bepisandlik – xalqqa bepisandlik tarzida baholanishi shartligi xususida

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda deputatlar faoliyatini haqli ravishda tanqid qilgan edi. Bu e’tirozlar hozirgi kunda ham xalq noiblari uchun ogohliq qo‘ng‘irog‘i yanglig‘ yangrab turibdi.

Modomiki, barcha islohotlarning asosiy tashabbuskori bo‘lish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini samarali ta’minlash masalalari O‘zLiDeP deputatlari faoliyatida bosh mezonga aylangan, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan mahalliy kengashlarga saylangan deputatlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali aholining turmush darajasini oshirish, xalqning dardu tashvishlariga ijobiy yechim topish borasidagi sa’y-harakatlarini sezilarli ravishda kuchaytirgani bugun yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Fikrimiz isboti tariqasida ayrim raqamlarni keltirish joiz: xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari a’zolari tomonidan 2019 yilning yanvar-mart oylari davomida saylovchilar murojaatlari, qonunlar, davlat dasturlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan mansabdor shaxslarga 3 466 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Joylarda 527 nafar mansabdor shaxsning unga ishonib topshirilgan majburiyatlar bo‘yicha hisobotlari eshitildi. Natijada saylovchilar manfaatlariga xizmat qiladigan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan 270 ta masala xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi doimiy komissiyalar yig‘ilishlari, 208 ta masala esa bevosita sessiyalar kun tartibida atroflicha muhokama qilindi.

Lekin elektoratning ishonchini qozonib, ko‘pchilikning ovozi bilan saylangan deputatlarning qonuniy murojaatlariga e’tiborsizlik bilan yondoshayotgan mansabdor shaxslar deyarli barcha viloyatlarda hamon uchrab turgani dilni xira qiladi. Bunday holat bilan bog‘liq misollar yetarlicha topiladi.

Joriy yil birinchi choragida mahalliy kengashlar deputatlari tomonidan yuborilgan 3 466 ta so‘rovning 123 tasiga o‘z vaqtida javob berilmagan, 85 ta deputatlik so‘rovi esa shunchaki javobsiz qoldirilgan. Jumladan, 28-Somonbozor saylov okrugidan xalq deputatlari Bektemir tuman Kengashi deputati G. To‘xtasinovaning Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat inspeksiyasining Bektemir tuman filiali  rahbari I. Saidrasulovga, xalq deputatlari Forish tuman Kengashi deputati S. Shaharovning tuman hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xizmat va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari F. Amirovga, xalq deputatlari Yangiyo‘l tuman Kengashiga 4-Tinchlik saylov okrugidan saylangan deputat A. Akbarovning Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i A. Israilovga, xalq deputatlari Izboskan tuman Kengashiga 18-Manguberdi saylov okrugidan saylangan deputat D. Qodirovning Izboskan tuman Yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbari J. Valiyev va boshqa mansabdor shaxslarga yuborilgan deputatlik so‘rovlariga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lingan.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, deputatga bepisandlik – xalqqa bepisandlik tarzida baholanishi shart. Xalqni hurmat qilmagan, deputatlik vakolatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilgan har qanday mansabdor shaxsning qonun oldida javob berish barobarida xalq nomidan qilingan murojaatlarni ko‘rib chiqmagan yoki unga javob bermagani, ko‘rish muddatini buzgani uchun xalq oldida javob ham berishi lozim.

Luqma o‘rnida yana bir mulohaza: yo‘l harakati qoidasini buzgan har qanday haydovchi shu zahotiyoq jarimaga tortiladi. Bu hol qayta takrorlansa, to‘lov miqdori oshiriladi va katta mablag‘ o‘z vaqtida qoidabuzardan undirib olinadi. Lekin butun boshli qonunlar talablarini bajarmayotgan mutasaddilarga deyarli chora ko‘rilmaydi. Chunki bu borada YPX xodimlari singari muntazam harakatdagi kuzatuvchilar, aniq-tiniq ishlaydigan mexanizm yaratilmagan.

Vakillik organlariga nav­batdagi saylovlarga qadam qo‘yish arafasida soha ekspertlari ana shu masala ustida ham bosh qotirib ko‘rsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi, nazarimizda.

 Yusufjon YUSUPOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi deputatlik

birlashmalari bilan ishlash

bo‘limi yetakchi konsultanti

  • Ko'rildi
    531
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+